O‘zbekistonda ham mahkumlarni nazorat qilish uchun elektron braslet ishlab chiqarilyapti
Joriy yilning avgustida “Probatsiya to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan va unda probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan edi.
1 daqiqa o‘qiladi

Elektron braslet va dasturiy ta’minot ishlab chiqilmoqda. Bu haqda Kriminologiya tadqiqot instituti boshlig‘i polkovnik, yuridik fanlar doktori Baxtiyor Berdialiyev ma’lum qildi.
Ilmiy-tadqiqot loyihasi
Berdialiyevning so‘zlariga ko‘ra, Kriminologiya institutida bajarilgan ilmiy-tadqiqot loyihasi natijasida uy qamog‘i ehtiyot chorasi va ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarni masofaviy nazorat qilishga mo‘ljallangan metodika, elektron braslet qurilmasi va dasturiy ta’minot ishlab chiqilib, intellektual mulk ob’yekti hujjatini olish, elektron brasletni ishlab chiqarish va tijoratlashtirish bo‘yicha kompleks choralar amalga oshirilmoqda.
Turkiya tajribasi
U, shuningdek, institutning xalqaro hamkorlik aloqalari, jumladan, Turkiya, Germaniya, Koreya, Vengriya kabi davlatlardagi shunday tuzilmalar bilan hamkorlik o‘rnatilganini ta’kidladi.
Xususan, Turkiya tajribasi asosida “Manzil koloniyalarda erkin harakatlanadigan va atrofi ochiq joylarda foydali mehnatga jalb etilgan mahkumlarni masofaviy nazorat qilish tizimi” ilmiy-amaliy tadqiqot loyihalari ishlab chiqilgan. Ishchi guruhlar shakllantirilib, tadqiqot faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Probatsiya to‘g‘risida
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgustida “Probatsiya to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan va unda probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan elektron braslet qo‘llanilishi belgilab qo‘yilgan edi.
Qonunga ko‘ra, shaxsni probatsiya hisobiga qo‘yish mazkur shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) probatsiya bo‘linmasining xodimi tomonidan probatsiyaga oid axborot tizimiga ma’lumotlarni kiritish orqali amalga oshiriladi.



