$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

“Qo‘yliq” dehqon bozorining faoliyati tugatilishi “katta o‘yin”mi?

Qo‘yliq

Bir necha yildan buyon muhokamalar markazida bo‘lib turgan “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ, ya’ni “Qo‘yliq” bozorining faoliyati rasman tugatildi. Bu haqda aksiyadorlar qarori qabul qilingan.

Aksiyadorlar qarori

Kompaniya ijroiya organining aksiyadorlarga axborot berishicha, jamiyatning hududida tadbirkorlar faoliyati 2024-yil 5-yanvardan to‘xtatilgan. Qarorda keltirilishicha, o‘tgan ikki oy davomida bozor faoliyatini qay tartibda davom ettirish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish bo‘yicha biror bir rasmiy yoki norasmiy ma’lumotlar bugungi kunda mavjud emasligi, ayni paytda yer solig‘i, mulk solig‘i hisoblanishi davom etayotganligi, modomiki holat davom etsa, kompaniyaning moliyaviy ahvoli qiyinlashib qolishi kutilishi sababli jamiyatni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy tugatish maqsadga muvofiq deb topilgan.

Bozor bo‘yicha murojaatlar ham qabul qilinadi

Aksiyadorlik jamiyati rasmiy saytiga ko‘ra, bozorda Toshkent shahar hokimligi ulushi 93.2 foizni, erkin savdo va mehnat jamoasi ulushi esa 6.8 foizni tashkil qiladi. “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” rasmiy sayti 1-mart kuni e’lon qilgan xabarga ko‘ra, tugatilayotgan bozor bo‘yicha murojaatlar ikki oy davomida qabul qilinadi.

Rekonstruksiya e’loni

Ikki oy oldin 2024-yil Toshkent shahri hokimligi “Qo‘yliq” dehqon bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida xabar bergan edi. Bunga sabab qilib esa bozorga keltirilayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilayotgani, avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘layotgani va aholiga jiddiy noqulayliklar tug‘dirayotgani keltirilgan edi. Rekonstruksiya davrida esa tadbirkorlarga faoliyatini “Food City”, “Toshkent indeks” va boshqa savdo majmualarida davom ettirish taklif qilingan.

“Qing‘ir ishning qiyig‘i”

O‘shanda qayta ta’mirlashga yopilgan bozorning rekonstruksiya loyihasi, qiymati, pudratchisi va rekonstruksiyaning yakunlanishi muddati haqida hozircha hech qanday ma’lumot berilmagan edi. Rekonstruksiyadan keyin bozor qayta ishlaydimi yoki yo‘q, tadbirkorlarning do‘konlari, ijara huquqlari saqlanishi haqda ham xabarda umuman aniqlik kiritilmagan. “Kasalni yashirsang isitmasi oshkor qiladi” deganlaridek, bugun bozor yopishi haqidagi xabar chiqdi.

“O‘zbek hokimlariga ishonib bo‘lmaydi”

Bu vaziyatga esa iqtisodchi bloger Otabek Bakirov o‘zining fikrlarini berib o‘tdi. Ta’kidlashicha, O‘zbek hokimlari “nega bizga odamlar ishonmaydi” deb yozg‘irmasliklari kerak. Bunga ularning o‘zlari, so‘zlari, harakatlari sababchi. “O‘shandayoq bundan maqsad rekonstruksiya emas, bozordagi tadbirkorlarni oligarx do‘stlarning Qo‘yliq raqobatiga dosh bermayotgan “Food city” va “Tashkent indeksi” majmualariga majburiy ko‘chirib olish ekanini aytgan edik. Mana endi bozor o‘rnini yana biror do‘st oligarxga dom yo savdo markazi qurish uchun in’om etishlari mumkin”, – deydi u o‘z blogida.

 Eski urinish

2021-yilning dekabrida ham “Qo‘yliq” dehqon bozorini “Food city” yoki “Tashkent Index”ga ko‘chirish harakatlari bo‘lgan edi. Undagi vaziyatda o‘sha yerda ishlovchi tadbirkorlar bunga qarshilik bildirishgan. Shu sababli, hokimiyat bozor buzilmasligini, uning aksariyat qismi bosqichma-bosqich ko‘chirilishini ma’lum qilgan.

 

Теги :
Jamiyat