$
 12020.90
17.72
 13988.72
1.41
 155.49
-1.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Dunyo boyliklarining to‘rtdan uch qismi 10 foiz aholi qo‘lida

Boylik

“Jahon tengsizliklari 2026” hisobotiga ko‘ra, dunyo boyliklarining 75 foizi faqatgina 10 foiz aholiga tegishli. Mutaxassislar bu muammoni hal qilish uchun tezkor choralar ko‘rishga chaqirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 60 mingdan kamroq odam (dunyo aholisining 0,001 foizi) Dunyoning eng kambag‘al aholisi yarmidan uch baravar ko‘p boylikka ega.

Joriy yilda boyliklar taqsimotida tengsizlik keskin ortgan

Tadqiqotda 200 nafar olim ishtirok etdi va ular dunyoning deyarli barcha mintaqalarida eng boy 1 foiz odamning, qolgan 90 foiz aholiga nisbatan ancha ko‘proq boylikka ega ekanligini aniqladilar. 2025-yilda boyliklar taqsimotidagi tengsizlikning keskin ortgani qayd etilgan.

“Dunyodagi o‘ziga to‘q 10 foiz aholi butun boylikning 75 foiziga ega bo‘lsa, insoniyatning yarmi esa atigi 2 foiziga egalik qilmoqda. Natijada, biz juda kichik bir ozchilikning misli ko‘rilmagan moliyaviy qudratga ega bo‘lgan dunyosini ko‘rmoqdamiz, shu bilan birga milliardlab odamlar oddiy iqtisodiy barqarorlikdan ham chetda qolmoqda”, — deydi Parij iqtisodiyot maktabi professori Rikardo Gomes-Karrera boshchiligidagi tadqiqot mualliflari.

Tengsizlikni qisqartirish uchun choralar

Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, tengsizlikni kamaytirish nafaqat adolat masalasi, balki iqtisodiyotning barqarorligini ta’minlash uchun ham muhimdir. Boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish uchun ta’lim va sog‘liqni saqlashga davlat sarmoyalarini kiritish, shuningdek, samarali soliq tizimlari va qayta taqsimlash dasturlarini amalga oshirish zarurligi ta’kidlanmoqda.

Eng ko‘p boylar qaysi davlatlarda yashaydi?

Dunyoda aholi tarkibida millionerlar ulushi eng yuqori bo‘lgan davlat – Shveysariya. World Population Review tadqiqotiga ko‘ra, Shveysariyada katta yoshli aholining 16,45% kamida 1 million dollarlik sof aktivlarga ega. Bu Shveysariyaning global moliyaviy markaz sifatidagi mavqeini yana-da mustahkamlaydi. Shveysariya bilan birga, Luksemburg va Xongkong ham yuqori millionerlar ulushiga ega davlatlar sifatida e’tirof etilgan. Luksemburg yuqori darajadagi moliyaviy barqarorlik va yirik kapital oqimi bilan ajralib turadi, Xongkong esa rivojlangan moliya bozorlari va yuqori qiymatli aktivlari bilan boylik to‘planishiga xizmat qilmoqda.

Millionerlar soni bo‘yicha yetakchilar

Millionerlar soni bo‘yicha esa AQSh dunyoda yetakchi hisoblanadi, uning aholisi orasida 22 milliondan ortiq millioner mavjud. Xitoyda 6,3 million, Fransiya, Yaponiya va Germaniyada esa har biri 2,7–2,9 million millioner bor. Biroq, bu davlatlarning umumiy aholisi katta bo‘lganligi sababli, millionerlar ulushi Shveysariya yoki Luksemburg kabi kichik va boy markazlar bilan solishtirganda pastroq.

Nega kichikroq davlatlar reytingda ustun kelgan?

Kichik davlatlar millionerlar ulushi bo‘yicha yetakchi bo‘lishining bir nechta sabablari mavjud. Ularda aktivlarning yuqori bozor qiymati, kuchli va diversifikatsiyalangan moliya bozorlari, valyuta mustahkamligi va yashash narxining yuqoriligi aholi katta qismining boylik chegarasini kesib o‘tishiga imkon beradi.

Millionerlar ulushi deyarli 0% bo‘lgan mintaqalar

Millionerlar ulushi deyarli 0% bo‘lgan mintaqalar esa Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika, Janubiy Osiyo va Markaziy Amerikani o‘z ichiga oladi. Bu hududlarda aholining moliyaviy holati juda past bo‘lib, millionerlar soni juda oz. Markaziy Osiyoda esa ro‘yxatga faqat Qozog‘iston kirgan, O‘zbekiston esa bu ro‘yxatda yo‘q.

Eng boy odamlar – TOP-10

Forbes’ning yangilangan ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlar TOP-10ligida o‘zgarishlar bo‘ldi. Unga ko‘ra, Google asoschilari dunyoning eng boy kishilari kuchli uchligiga kirdi: Larri Peyj — ikkinchi (275 mlrd dollar), Sergey Brin — uchinchi (258 mlrd dollar) o‘rinda.

Ularning boyligiga bir yilda $100 milliard qo‘shildi. Bunga sabab – Google kompaniyasining sun’iy intellekt sohasidagi natijalar va Nano Banana neyrotarmog‘ining muvaffaqiyati.

Ilon Mask (442 mlrd dollar) milliarderlar reytingini boshqarishda davom etmoqda.

Теги :
Jamiyat