️Mutaxassis: Qon quyuqlashishi insult va infarkt xavfini oshiradi
Bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining koʻtarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim oʻzgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, qon quyuqlashishi natijasida insonda bosh ogʻrigʻi, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qoʻl va oyoqlar sovqotishi, ogʻiz qurishi kabi simptomlar kuzatiladi.
Qon quyuqlashishi aniq boʻlgach oʻz vaqtida davolanish lozim
Koʻpchiligimiz hayotda bir marta boʻlsa ham qon tahlili topshirganmiz. Yoki ayrim kishilar betob boʻlganida vena orqali in'eksiya qabul qilgan. Shu paytda ba'zilar oʻzining qoni toʻq rangga kirib, quyuqlashganiga guvoh boʻladi.
Mutaxassislarning fikricha, qon quyuqlashishiga e'tiborsiz boʻlish aslo mumkin emas. Aksincha, qon tahlillari orqali uning quyuqlashgani aniq boʻlgach, oʻz vaqtida davolanish lozim. Aks holda turli kasalliklar kelib chiqishi mumkin.
Qon quyuqlashishi davolamaslik yomon oqibatga olib keladi
Oliy toifali shifokor Nazokat Oripova qon quyuqlashishi haqida maʼlumot berdi.
"Qon – inson tana a'zo va toʻqimalarini kislorod hamda zarur ozuqa moddalari bilan ta'minlaydi. U infeksiyalarga qarshi kurashib, ichki a'zolar faoliyatida ishtirok etadi. Qon quyuqlashishi organizmdagi ana shu jarayonlarning buzilishiga olib kelishi, oqibatda esa yashirin kasalliklar yuzaga kelishi yoki yangilari paydo boʻlishi mumkin", — deydi u.
Qon nima sababdan quyuqlashadi?
Qon quyuqlashishiga koʻpincha sovqotish, qattiq asabiylashish, qandli diabet, shuningdek shirinliklar, kartoshka, banan, tuxum, gazli ichimliklar, fastfud va turli qovurma taomlarni koʻp iste'mol qilish sabab boʻladi. Qolaversa, bu holat kam suyuqlik ichish, havo haroratining koʻtarilishi yoki keskin pasayishi va organizmdagi ayrim oʻzgarishlar tufayli ham yuzaga keladi.
Kuzatiladigan simptomlar
Qon quyuqlashishi natijasida insonda bosh ogʻrigʻi, jizzakilik, tushkunlik, xotira pasayishi, holsizlik, uyquchanlik, qoʻl va oyoqlar sovqotishi, ogʻiz qurishi kabi simptomlar kuzatiladi.
Qolaversa, yurak tez urishi, nafas qisishi, tananing turli qismlarida koʻkarishlar paydo boʻlishi va tirnoq shakli oʻzgarishi mumkin. Hatto miyaga qon yaxshi yetib bormasa, bosh aylanishi, hushdan ketish ehtimoli ham mavjud. Bu salbiy holatlar esa tomirlarda qon aylanishining buzilishi va trombozlar hosil boʻlganidan darak beradi. Oqibatda insult va infarkt xavfi ortadi.
Dorilarni shifokor ruhsatiz qabul qilish mumkin emas
Qon holatini tekshirish uchun shifokorga oʻz vaqtida murojaat qilish lozim. Agar tibbiy tekshiruvlardan soʻng uning quyuqligi me'yordan ortiq ekani ma'lum boʻlsa, zarur muolajalar tayinlanadi.
Biroq qonni suyultiruvchi dori vositalarini oʻzboshimchalik bilan qabul qilish mumkin emas. Sababi uning haddan ortiq suyuq boʻlishi jarohatlarda qonning toʻxtamay qolishiga olib keladi.



