$
 11820.48
19.25
 13766.13
28.32
 137.51
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Aholi va qishloq xo‘jaligi ortidan biznesni ham ommaviy ro‘yxatga olish o‘tkaziladi

Prezident taqdimotda

O‘zbekistonda milliy statistika tizimini tubdan isloh qilish doirasida o‘tkazilgan aholi hamda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarining dastlabki natijalari ma’lum qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyevga taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, mamlakatning doimiy aholisi soni 39 million 47 ming nafarni tashkil etmoqda. O‘tkazilgan surishtiruvlar va aniqlashtirishlar natijasida shu paytgacha rasmiy hisob-kitoblarga kirmay qolgan 810,6 ming nafar fuqaroning yashash manzili va ijtimoiy maqomi to‘liq belgilab olindi.

Hududlar kesimidagi tafovutlar

Ro‘yxatga olish jarayonlari hududlar bo‘yicha amaldagi statistik ma’lumotlar va reallik o‘rtasida muayyan tafovutlar borligini ko‘rsatdi. Chunonchi, Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi aholi amaldagi hisobdagiga nisbatan 1,6 baravar ko‘pligi aniqlangan bo‘lsa, Andijon shahrida ushbu ko‘rsatkich ilgari taxmin qilinganidan 15,8 foizga kamroq ekani qayd etildi.

Agrosahada o‘tkazilgan xatlov ham sezilarli yangiliklarni yuzaga chiqardi. Rasmiy hisobotlarda aks etmagan 985,5 ming gektar yer maydonining chegaralari hamda aniq toifalari belgilab olindi. Ushbu hududlarning asosiy qismini, ya’ni 789,5 ming gektarini bevosita ekin yerlari tashkil etadi.

Tadbirlarni tashkil etishda zamonaviy texnologiyalardan keng foydalanildi. Jarayonlarning 82,3 foizi internet tarmog‘i orqali amalga oshirilib, butun ro‘yxatga olish ishlari bor-yo‘g‘i 15 kun ichida yakuniga yetkazildi. Moliyaviy tejamkorlik nuqtai nazaridan sarf-xarajatlar darajasi aholi jon boshiga hisoblaganda 1,5 ming so‘mdan oshmadi.

Iqtisodiy tahlil, yashirin sektor va bo‘lajak biznes ro‘yxatga olish

Yangi ma’lumotlar asosida doimiy tarzda yangilanib boruvchi aholi va qishloq xo‘jaligi statistik registrlari shakllantiriladi. Shuningdek, to‘plangan ma’lumotlar negizida 2017–2025-yillar oralig‘idagi milliy hisoblar ko‘rsatkichlarini qayta baholash rejalashtirilgan.

Taqdimotda mamlakat iqtisodiyotining real holati va yashirin sektor hajmiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Hozirgi kunda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi 246 trillion so‘mni yoki yalpi iqtisodiyotning 23 foizini tashkil etmoqda. Mamlakatdagi 15,2 million nafar band aholining 6,5 million nafari, ya’ni 42 foizining daromadlari rasmiy manbalarda to‘liq ko‘rinmaydi.

Ushbu muammoni bartaraf etish hamda bozordagi barcha subyektlarni aniq hisobga olish maqsadida 2026-yilning 15-oktabridan 30-noyabriga qadar respublikadagi jamiki iqtisodiy birliklarni qamrab oluvchi biznesni ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish taklifi ma’qullandi.

Raqamli platformalar

Statistik ma’lumotlarni boshqarish tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha keyingi bosqichlar ham belgilab olindi. 2027-yil 1-iyulga qadar barcha davlat idoralaridagi ma’lumotlar bazasini yagona tizimga biriktiruvchi, ularning sifati va xavfsizligini ta’minlovchi Milliy ma’lumotlar platformasi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, 2027-yil 1-iyulga qadar barcha statistik axborotlarni sun’iy intellekt tizimlari bemalol o‘qiy oladigan raqamli formatlarga o‘tkazish rejalashtirilgan. Yil yakuniga qadar esa aholi punkti, qishloq xo‘jaligi, mavjud infratuzilma va hududiy rivojlanishga doir barcha ko‘rsatkichlar geofazoviy raqamli xaritalarga joylashtiriladi.

Теги :
Jamiyat