$
 11795.00
-18.09
 13698.71
21.51
 135.80
0.19
weather
+26
Кечаси   +14°

Tojikistonda Markaziy Osiyoning “Burj Xalifasi” qad rostlaydi: Qurilishda O‘zbekiston kompaniyalari ham qatnashadi

tojikiston

Dushanbeda yaqin yillarda Markaziy Osiyodagi eng baland bino paydo bo‘lishi mumkin. 340 metr balandlikdagi 77 qavatli minora ulkan majmuaning markazida joylashadi. Bu yerda nafaqat uylar, ofislar, mehmonxona, savdo markazi, konsert zali, park va hatto ko‘l ham quriladi. Qurilishda O‘zbekiston kompaniyalari ham qatnashadi.

77 qavatli minora Markaziy Osiyoda eng balandi bo‘ladi

3-sentyabr kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon va Dushanbe meri Rustam Emomali poytaxtning Shohmansur tumanida quriladigan yangi majmuaga tamal toshi qo‘ydi. Loyihaning eng asosiy qismi “Dushanbe minorasi” deb nomlangan osmono‘par bino bo‘ladi.

Minoraning balandligi 340 metr, qavatlari soni esa 77 ta bo‘lishi rejalashtirilgan. Qurilish yakunlansa, u Markaziy Osiyodagi eng baland binoga aylanishi kutilmoqda. Biroq loyiha faqat bitta osmono‘par bino bilan cheklanmaydi. Majmua hududida jami 52 ta turli obyekt, jumladan, beshta baland bino qad rostlaydi.

Yangi majmua Dushanbening zamonaviy qiyofasini yanada o‘zgartirishi va shaharning eng ko‘zga ko‘ringan joylaridan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Uylar, savdo markazi, kinoteatr va hatto ko‘l ham bo‘ladi

Majmua 29 gektar maydonni egallaydi. Bu yerda odamlar yashashi, ishlashi va dam olishi uchun kerak bo‘ladigan ko‘plab obyektlar bir joyda quriladi. Hududda yirik savdo-ko‘ngilochar markazi, mehmonxona, restoran va kafelar, ofislar hamda 1000 kishiga mo‘ljallangan konsert zali bo‘ladi.

Shuningdek, kinoteatr, sport majmuasi, bolalar maydonchasi va katta park barpo etiladi. Loyihada hatto sun’iy ko‘l qurish ham ko‘zda tutilgan.

Majmuada yashash uchun ham katta hudud ajratiladi. 6160 ta xonadonga mo‘ljallangan 42 ta turar joy binosi quriladi. Yangi aholiga qulay bo‘lishi uchun 1 200 o‘rinli maktab va 500 o‘rinli bolalar bog‘chasi ham ochiladi. Barcha binolarning umumiy maydoni 270 ming kvadrat metrga yetishi rejalashtirilgan.

Qurilishda O‘zbekiston kompaniyalari ham qatnashadi

Bunday katta majmuani qurib bitkazish uchun besh yil vaqt kerak bo‘lishi kutilmoqda. Loyihani TAS INTERNATIONAL GROUP amalga oshiradi. Qurilish jarayonida 2 mingdan ortiq mahalliy ishchi mehnat qiladi. Majmua to‘liq ishga tushgach esa 4300 dan ziyod yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Loyihani ishlab chiqayotgan Cool Design Studio ma’lumotiga ko‘ra, qurilish faqat Tojikiston kompaniyalari tomonidan olib borilmaydi. Ishlarga O‘zbekiston, Rossiya va BAAning ixtisoslashgan kompaniyalari ham jalb qilinadi.

Dushanbedagi 340 metrlik minora mintaqa uchun katta loyiha bo‘lsa-da, dunyoda undan ancha baland binolar qurish rejalashtirilmoqda. Masalan, Saudiya Arabistonida balandligi bir kilometrdan oshadigan Jeddah Tower qurilishi davom etmoqda. Dubayda esa 725 metrlik Burj Azizi qad rostlamoqda. Dushanbedagi yangi minora esa qurib bitkazilsa, aynan Markaziy Osiyoning yangi balandlik rekordini o‘rnatishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat