$
 12736.48
-21.17
 14193.53
-74.63
 137.60
-0.45
weather
+26
Кечаси   +14°

Ai-80 benzinidan to‘liq voz kechish 2028-yilga qoldiriladi

Benzin

O‘tgan yil yakunida, 29-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev bosh vazir Abulla Aripovga 2025-yildan AI-80 markali benzindan voz kechish masalasini uzil-kesil hal qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. Biroq bugungi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston AI-80 benzinidan to‘liq voz kechishni 2028-yilga qoldirmoqda.

Ekologiya vazirligi xulosasi

Ushbu yig‘ilishdan avvalroq Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy omillar deya sifatsiz yonilg‘ida ishlaydigan avtotransport vositalaridan chiqayotgan chiqindilar, issiqlik va elektr stansiyalarida ko‘mir va mazutdan foydalanish, bosh rejasiz qurilish ishlari va daraxtlarni kesish kabilarni sanagan. Muammoni hal etish bo‘yicha taklif etilayotgan eng dolzarb chora-tadbirlardan biri yonilg‘i, xususan, Yevro-4 standartidan past yonilg‘idan foydalanishni taqiqlash taklif etilgan.

Vazirlik rejasi

Keyinroq Energetika vazirligi matbuot xizmati O‘zbekistonda AI-80 benzinidan bosqichma-bosqich voz kechish rejalashtirilayotganini ochiqlagan. Qayd etilishicha, AI-80 benzini ko‘p mamlakatlarda taqiqlangan bo‘lib, hatto neft mahsulotlarini to‘liq import qiladigan Qirg‘iziston va Tojikistonda ham allaqachon iste’moldan olingan. Hozircha mintaqada faqat O‘zbekiston va Afg‘onistonda AI-80 benzinidan foydalanish davom etmoqda. Vazirlikning o‘sha vaqtda bergan bayonotiga ko‘ra, 2025-yilga borib Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida Ai-80 ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, 2026-yilga borib Buxoro neftni qayta ishlash zavodi to‘lig‘icha sifatliroq yoqilg‘i ishlab chiqarishga o‘tkazilishi kerak bo‘lgan.

Bugun ma’lum bo‘lgan xabarda ma’lum qilinishicha, prezident qaroriga ko‘ra, O‘zbekistonda AI-80 markali benzinidan foydalanishni taqiqlash 2028-yildan bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.