Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 94 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +17° kechasi +9°

O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi qanday?

IMRS tomonidan 2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi.

3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi qanday?

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2024-yilning birinchi choragida O‘zbekiston bank tizimidagi raqobat darajasi tahlil qilindi.

Raqobat dinamikasini baholashda HHI indeksi

Mazkur tahlilda raqobat dinamikasini baholashda xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan Xerfindal–Xirshman indeksidan (HHI) foydalanildi.

Ushbu konsentratsiya ko‘rsatkichining o‘zgarish dinamikasini kuzatish bozorda monopoliya darajasini baholash va raqobatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko'rish imkonini beradi.

Bank aktivlari

2024-yilning birinchi choragida aktivlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 25 birlikka yaxshilanib, 867 ni tashkil etdi. Bunda, joriy yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, tijorat banklarining jami aktivlari hajmi 665,6 trln. so‘mga yetib, yil boshidagiga nisbatan 13,5 trln. so’mga, 2023-yilning 1-aprel holati bilan taqqoslaganda esa 101 trln. so’mga oshdi.

Davlat ulushi bo‘lgan banklarning aktivlardagi ulushi

Davlat ulushi mavjud bo'lgan banklarning jami aktivlardagi ulushi 1 foiz bandga kamayib, 67 foizni tashkil qildi. Jumladan, “Asakabank”ning jami aktivlardagi ulushi 0,6 foiz bandga (8,90 foizdan 8,27 foizga), “O’zmilliybank”niki 0,5 foiz bandga (19,55 foizdan 19,01 foizga) va “Mikrokreditbank”niki 0,1 foiz bandga (2,92 foizdan 2,84 foizga) kamaygan.

Banklar tomonidan kredit qo‘yilmalar

Kredit qo‘yilmalari bo‘yicha hisoblangan HHI 2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, 973 birlikni tashkil qildi va o‘tgan yilning mos davridagiga (1042) nisbatan 69 birlikka yaxshilandi. Davlat ulushi mavjud bo'lgan banklar tomonidan ajratilgan kreditlarning jami bank tizimi kreditlaridagi ulushi 1 foiz bandga pasaygan.

Tijorat banklarining jami kreditlar qoldig‘I 1,5 foizga o‘sgan

2024-yilning birinchi choragida tijorat banklarining jami kreditlar qoldig‘i 1,5 foizga o‘sib, 478 trln. so‘mni tashkil etdi. Jumladan, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar o‘tgan yilning birinchi choragi bilan taqqoslaganda 40 foizga oshgan. Bunda ta’lim kreditlari hajmi 97 foizga, iste’mol kreditlari hajmi 66 foizga, mikroqarzlar hajmi 64 foizga va ipoteka kredlari hajmi 24 foizga o‘sgan.

Valyutada ajratilgan kreditlar

2024-yilning mart oyida milliy valyutada ajratilgan kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari dekabr oyidagi ko‘rsatkichga nisbatan 0,4 foiz bandga pasayib, 23,6 foizni tashkil etdi. Bu esa o’z navbatida kuchli raqobat bilan birgalikda inflyatsiya darajasi barqarorlashuvini ko’rsatadi.

Depozitlar hajmi 243 trln. so‘mni tashkil etmoqda

2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, depozitlar hajmi 243 trln. so‘mni tashkil etmoqda. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan qariyb 30 trln. so‘mga ko‘p. Tahlil qilinayotgan davrda depozitlar bo‘yicha hisoblangan HHI indeksi 720 birlikdan 674 birlikka yaxshilangan.

Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan jalb qilingan depozitlar

Xususiy va chet el kapitali ishtirokidagi banklar tomonidan jalb qilingan depozitlarning jami jalb qilingan depozitlardagi ulushi o‘tgan yilning birinchi va to’rtinchi choraklarida mos ravishda 39 va 49 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024-yilning birinchi choragiga kelib, 50 foizga yetdi. Jumladan, “Kapitalbank” ulushi 0,6 foiz bandga (12,45 foizdan 13,08 foizga), O’zKDB (2,6 foizdan 3 foizga) va “Anorbank” ulushi (1,5 foizdan 1,9 foizga) 0,4 foiz bandga oshgan.

Depozitlarning dollarlashuv darajasi

2024-yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, depozitlarning dollarlashuv darajasi 29,8 foizni tashkil etdi. Milliy valyutadagi muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari 2024-yilning birinchi choragida 2023-yilning dekabr oyidagiga nisbatan 0,2 foiz bandga oshib, 19,9 foizni tashkil qildi. Depozit foiz stavkalarining oshishi banklar o'z mijozlari uchun yanada jozibador shart-sharoitlarni taklif qilishga intilayotganidan va raqobat darajasi kuchayganidan dalolat beradi.