O‘yin ichidagi o‘yin
“Qo‘yliq” dehqon bozori aksiyadorlari bozorning ixtiyoriy tugatilishiga qarshi bo‘lishgan.
2 daqiqa o‘qiladi

Bundan ikki kun oldin saytimizda “Qo‘yliq” dehqon bozorining faoliyati tugatilishi bilan bog‘liq tahliliy maqola joylagan edik. Iqtisodchi bloger Otabek Bakirov esa bozor faoliyati tugatilishi bilan bog‘liq keyslarni ko‘rib chiqdi.
100 foiz qarshi ovoz
Unda ta’kidlanishicha, 2024-yil 31-yanvar kuni o‘tkazilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida “Toshkent qishloq xo‘jalik maxsulotlari ulgurji bozori” AJ aksiyadorlari bozorni ixtiyoriy tugatish haqidagi masalaga 100 foiz qarshi ovoz berishgan.
Bu hali hammasi emas. Undan bir hafta oldin esa bozor kuzatuv kengashining 2024-yil 24-yanvardagi qarori bilan nominal qiymati 53,9 mlrd. so‘mlik 36 397 681 dona aksiya chiqariluvi ma’qullangan va 28-fevral kuni ushbu chiqariluv davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
“Tasavvur qilayapsizmi? Tugatilishidan bir kun avval aksiyalar chiqariluvi ro‘yxatdan o‘tayapti. Tugatilmoqchi bo‘lgan jamiyat qo‘shimcha aksiya chiqaradimi? Aksiyalar chiqariluvini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadimi?” – deya savol tashlamoqda Bakirov.
“Dushanbani gapi seshanbaga to‘g‘ri kelmayapti”
Shunday qilib, bozor o‘z faoliyatini ixtiyoriy tugatayotganligi to‘g‘risidagi qaror 29-fevral kuni qabul qilingan va oradan 12 kun o‘tib e’lon qilgan. Lekin bu qaror bilan 24-yanvardagi ixtiyoriy tugatilishga qarshilik aks etgan qaror bekor qilinmagan.
Bakirovning fikricha, “Qo‘yliq bozori”ning apil-tapil tugatilishi barcha belgilariga ko‘ra aksiyadorlarning va bozor boshqaruvchilarining qarori emas. Bu qip-qizil ma’muriy bosim ostidagi o‘zbilarmonlik. Masalaga jiddiy yondashilsa, bir necha proseduralar buzilganini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.
Moliyaviy holati juda mustahkam
Yana bir qiziq faktlardan biri, yuzlab qarz va kreditlar ilingan va bankrotlik yoqasida bo‘lgan va zarar ko‘rib ishlayotgan AJ lardan farqli ravishda “Qo‘yliq bozori” moliyaviy holati juda mustahkam bo‘lgan, 43 mlrd. so‘mdan ortiq jami aktivlarining 99 foizdan ziyod manbai o‘z kapitaliga tayangan.
“Eng asosiy xulosa shuki, “Qo‘yliq”ning kunpayakun qilinishi O‘zbekistonda mulkdorlar va aksiyadorlar huquqi manfiy qiymatga ega ekanini yana bir bor isbotladi. Oligarxlar bilan kelishib olgan bir to‘p chinovniklar istasa, siz bu huquqdan bir kunda mahrum bo‘lasiz”, – deydi Otabek Bakirov o‘z blogida.



