O'ziga xos zanjir: O‘zbekistonda avtomobillar savdosi pasaymoqda
O'zbekistonda yil avvalidan boshlab to bugunga qadar avtomobil savdosidagi holat sustlashgan. Xo'sh, qanday sabab bu vaziyatni hosil qilmoqda?
2 daqiqa o‘qiladi

O'zbekistonda avtomobil eng ko'p orzu va xarid qilinuvchi narsalardan biri hisoblanadi. Har bir o'zbek moliyaviy holati barqaror bo'lmasa-da, shaxsiy mashinasi bo'lishini xohlaydi. Uning qimmatligi va respublika hududidagi mashinalar uchun yaratilgan sharoit umuman boshqa masala. Qiziqarlisi, endilikda o'zbeklar uchun ushbu muammoli masalalardan tashqari yana bir muammo paydo bo'lgan. Ayni shu muammo sabab ularning avtomobil xaridi yil boshidan buyon ancha susayib qolgan.
Avtokreditlar
Yuqorida keltirganlarimizning asosiy sababi bu — avtokreditlar. Banklar o'z mijozlariga qancha ko'p avtokreditlar bersa, shuncha ko'p avtomobillar sotiladi. O‘zbekistonda bir necha yildan beri ushbu jarayon tizimli ravishda ishlab kelgan. 2023-yilning yanvar-mart oylarida o’zbekistonliklar 7,5 trillion so‘mga avtokreditlar olishgan. 2024-yilning yanvar-mart oylarida esa bu ko'rsatkich bor yo’g’i 4,2 trillion so‘mni tashkil qilgan. Ya'ni, joriy yilda avtokreditlar hajmi 44 foizga kamaygan. O‘tgan yil davomida banklar tomonidan oyiga o‘rtacha 3 trillion so‘mga avtokreditlar berilgan bo‘lsa, hozirda bu ko’rsatkich 1,5 trillion so‘mni tashkil etmoqda.
Avtokreditlar nima sababdan kamaytirildi?
O'tgan vaqt davomida ayrim banklar shu qadar ko'p avtokreditlar berdiki, endilikda bu holat O'zbekistonning butun moliya tizimi barqarorligiga tahdid sola boshladi. Shu sabab, Markaziy bank bozordagi tartibni kuchaytirdi va banklar endi avvalgidek ko‘p avtokredit bera olmay qolishdi. Tabiiy ravishda avtokreditlarining kamayishi avtomobillar savdosining qisqarishi jarayoniga ham olib keldi. Mutaxassislar fikriga ko'ra, endilikda banklar uchun xavflar biroz kamayib, butun moliyaviy tizim biroz barqarorlashadi. Boshqa tomondan, ba'zi banklar va avtosalonlarning daromadlari kamayishi ham mumkin.



