Bugun Toshkentda navbatdagi “Avtomobilsiz kun”
Cheklov jamoat transporti, shuningdek, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari avtomobillariga taalluqli emas. Rahbarlar ushbu maxsus kunni qanday o‘tkazishmoqda?
2 daqiqa o‘qiladi

21-fevral kuni prezident Shavkat Mirziyoyev avtotransport vositalari chiqindi gazlarining atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish maqsadida keng jamoatchilik vakillari va ekologik faollarning taklifini inobatga olgan holda "Avtomobilsiz kun" jamoat loyihasi bilan bog‘liq farmonni imzolagandi.
"Avtomobilsiz kun"
Aksiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalariga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, shaharlarda avtomobillar harakatini kamaytirish va jamoat transportini rivojlantirishdan iborat. Shunday qilib, 2024-yil mart oyidan boshlab har oyning to‘rtinchi chorshanba kuni (agar bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, payshanba kuni) Toshkent shahrida avtomobillar harakatlanishini (jamoat transportlari, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlaridan tashqari) qisqartirishga qaratilgan "Avtomobilsiz kun" deb e’lon qilinadi. Shuningdek, barcha davlat organlari rahbarlari va xodimlariga ishga jamoat transportida kelish orqali "namuna ko‘rsatish" topshirilgandi. Bugun navbatdagi "Avtomobilsiz kun".
Prezident farmonining qisqacha mazmuni
Cheklov jamoat transporti, shuningdek, maxsus va shoshilinch yordam xizmatlari avtomobillariga taalluqli bo‘lmaydi. Binolari Toshkent shahrida joylashgan barcha respublika va hududiy ijro etuvchi hokimiyat organlarining rahbar va boshqa xodimlariga "jamoat transportida ish joyiga kelish orqali shaxsiy namuna ko‘rsatib borish" topshiriladi. Farmonda yangi normaning "to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi" uchun Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Transport vazirligi va Toshkent shahri hokimligi mas’ul etib belgilangan.
Davlat tashkilotlari xodimlari hamda rahbarlari "avtomobilsiz kun"ni qanday o‘tkazishmoqda?
Ushbu loyihadan so‘ng poytaxtliklar Toshkent shahrida ishga piyoda yoki jamoat transportida ketayotgan davlat tashkilotlari xodimlari hamda rahbarlarini ko‘rishni boshlashdi. Masalan, tarmoqlarda transport vaziri Ilhom Mahkamovning yayov yurgani ko‘ringan suratlar tarqala boshlaydi, chilonzorliklar Chilonzor tumani hokimi Saidqahhor Xolxo‘jayevni metroda uchratishadi. Kun bilan bog‘liq qiziqarli voqealardan biri Sport vaziri Adham Ikromovning svetoforsiz piyodalar yo‘lakchasida avtomobillarning yo‘l berishini kutib qolib ketgani bo‘ladi. Bu holat yuzasidan tarqalgan video tabiiy ravishda tarmoqda keng muhokamalarga sabab bo‘ladi. Sherzod Shermatov esa uyidan ishxonagacha bo‘lgan masofani bir soatda yayov bosib o‘tadi. Qiziq, bugun kun munosabati bilan rahbarlarda qanday voqealar sodir bo‘larkan? Hozircha tarmoqlar sukutda.



