Endilikda qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish onlayn auksionlar orqali amalga oshiriladi
Ma’lumot uchun, avval bu jarayon ochiq elektron tanlov orqali o‘tkazilgan edi. Yangi Qonun bilan yer munosabatlarida tenglik va shaffoflik ta’minlanishi kutilmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-973-son, 09.10.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali.
Qishloq xo‘jaligi yerlarini qayta ijaraga berish huquqi qonun bilan tasdiqlanmoqda
Qonunga ko‘ra, Yer kodeksiga va boshqa qonunlarga ijaraga oluvchi tomonidan ijaraga olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalariga bo‘lgan o‘z huquqlari va majburiyatlari yer uchastkasidan foydalanish maqsadlari o‘zgartirilmagan holda boshqa shaxsga o‘tkazilishi (qayta ijaraga berilishi) mumkinligini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Ochiq elektron tanlov o‘rniga onlayn auksionlar
Shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berishda ochiq elektron tanlov o‘rniga elektron onlayn auksionlar joriy etilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, eng yaxshi taklifni tanlab olish yo‘li bilan aniqlanadigan yirik investitsiya loyihasini amalga oshiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga berishda ijaraga oluvchi tomonidan Davlat byudjetiga mablag‘lar to‘lanishi nazarda tutiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.



