Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 95 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +16° kechasi +9°

Toshkentda tez yordam shifokori kaltaklandi

Shifokorga bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, o‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohat, o‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.

2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda tez yordam shifokori kaltaklandi

Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi xonadonlarning biriga chaqiruv bilan borgan “Tez yordam” shifokori bemor tomonidan kaltaklandi.

Bemor buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotgan bo‘lgan

Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, 1-iyun kuni soat 16:35 da Toshkent tumani Dilkash ko‘chasidagi uyda yashovchi 26 yoshli J.O.dan bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Shifokor T.R. va feldsher N.O‘.dan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan.

Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy holsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan. Shifokor birlamchi tekshiruv o‘tkazib, bemordagi og‘riqni qoldirish uchun feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini shpritsga tortishini so‘ragan.

“Sen kimsan, ishingni tezroq qil”

Shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar berayotgan vaqtda, bemor shifokorga qarab “sen kimsan, ishingni tezroq qil” deya haqoratlay ketib, o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht tushirgan. Shifokorning labi hamda pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berilgan.

Shifokorning jag‘ qismi tikilgan

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan.

Bosh miya yopiq jarohati tashxisi

Biroz vaqtdan so‘ng, shifokorda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatilgan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizatsiya qilingan. TTA-2 Neyroxirurgiya bo‘limiga soat 23:45 da “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohat. O‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxisi bilan yotqizilgan.

Ma’lum qilinishicha, hozirda jabrlangan shifokor tibbiy muolajalar qabul qilmoqda.

“Shu o‘rinda, shifokor ariza bilan tegishli organlarga murojaat qilgan taqdirda, shifokorni kaltaklagan fuqaroga nisbatan qasddan jarohat yetkazganlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilishini maʼlum qilamiz”, – deyiladi rasmiy munosabatda.