$
 11833.37
35.91
 13577.61
-30.76
 139.79
0.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Prezident matbuot kotibligidan media loyihalarigacha: Komil Allamjonov 42 yoshga to‘ldi

allamjonov

Bugun, 18-sentyabr kuni Komil Allamjonov 42 yoshga to‘ldi. U 1984-yilda Toshkentda mexanik va hamshira oilasida tug‘ilgan. Allamjonov o‘z mehnat faoliyatini davlat idoralarining axborot xizmatlarida boshlagan.

Prezident matbuot kotibligidan Administratsiyagacha

Allamjonov 2006-yilda televideniye va radio rejissyorligi yo‘nalishini, 2010-yilda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Uning dastlabki muhim ish joylaridan biri Davlat soliq qo‘mitasi bo‘lgan. U yerda axborot xizmati rahbari va qo‘mita raisining matbuot kotibi sifatida ishlagan.

2017-yilda u Shavkat Mirziyoyevning matbuot kotibi etib tayinlandi va bu lavozimda 2018-yil oktabrigacha ishladi. Keyinchalik Matbuot va axborot agentligi, so‘ng Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga rahbarlik qilgan. 2020-yilda Allamjonov Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi bo‘ldi. 2022-yilda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari, 2023-yilda esa Administratsiyaning Axborot siyosati departamenti rahbari bo‘lgan. 2024-yil sentyabrida ushbu lavozimni tark etgan.

2025-yilda Allamjonov Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchi bo‘lgan. Shuningdek, u shu yili O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasining (PA) AQShdagi vakili lavozimiga ham tayinlandi.

“Oltin qalam” sohibi va Milliy TV asoschisi

Komil Allamjonov davlat xizmatidan tashqari media va biznes loyihalari bilan ham tanilgan. U Milliy TV va “Avtotest” asoschisi hisoblanadi. Allamjonov 2010-yilda “Oltin qalam” milliy mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, “O‘zbekiston mustaqilligiga 20 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 25 yil”, “O‘zbekiston mustaqilligiga 35 yil” hamda Ichki ishlar vazirligining 30 yilligi esdalik nishonlari bilan taqdirlangan.

Теги :
Jamiyat