$
 12021.22
-54.96
 13978.27
-16.82
 169.53
0.06
weather
+26
Кечаси   +14°

Biz baribir insonmiz: SI asrida reklama bozorini kim boshqaradi?

Zamonaviy iste’molchi har kuni minglab reklama xabarlari ostida yashaydi va ularni shunchaki e’tiborsiz qoldirishni o‘rganib ulgurgan. Bunday sharoitda brendlar uchun eng qiyin vazifa — odamlarning bir necha soniyalik diqqatini sotib olish va unga real qiymat bera olishdir. Bugun marketing shunchaki e’lon berish bosqichidan o‘tib, bir tomondan iqtisodiy aktivga, ikkinchi tomondan esa madaniy kontentga aylanmoqda. Toshkentdagi xalqaro forumlardan tortib, global maydondagi millon dollarlik sport translyatsiyalari va Google’ning aqlli ekotizimlarigacha — 2026-yilning qaynoq marketing xaritasida nimalar yuz berayotganini tahlil qilamiz.

AI asrida “Biz baribir insonmiz”

Sun’iy intellekt reklama ishlab chiqarishni avtomatlashtirayotgan, SI-agentlar media-plan tuzib, kontent yozayotgan bir paytda, sof insoniy kreativlik bozorda qimmatroq va noyob aktivga aylanmoqda. Buni Boku shahrida yakunlangan Baku Flames 2026 xalqaro ijodkorlik va samaradorlik festivali ham ko‘rsatdi. Festival “Biz baribir insonmiz” shiori ostida o‘tdi. Bu global reklama bozoridagi texnologiya har qancha mukammal bo‘lmasin, iste'molchini baribir faqat chinakam, samimiy insoniy hissiyotlar asosidagi storytelling orqali ishontirish mumkin ekanini yana bir bor isbotlaydi.

Eng nufuzli mukofot — “Blue Flame Grand Prix” Qozog‘istonning GForce Grey agentligiga nasib etdi. Qozog‘istonning Ogency agentligi esa 65 ochko bilan “Agency of the Festival” unvonini qo‘lga kiritdi. Toshkentdagi Synthesis Advertising Agency o‘zining “Weight of Pain” kampaniyasi bilan “Social Impact PR” va “Rejissura (Direction)” yo‘nalishlarida oltin mukofotlarga sazovor bo‘ldi. Agentlik umumiy reytingda 59 ochko bilan festival agentliklari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi va “Saatchi & Saatchi” hamda Gruziya “Playmakers” kabi kuchli ijodiy maktablarni ortda qoldirdi.

Bu mahalliy reklama bozoridagi katta yutuqdir. Bir necha yil oldin O‘zbekistondagi marketing asosan oddiy aksiyalar, chegirmalar va mahsulotni rasmga olib bannerga joylashtirishga qurilgan edi. Bugun esa mahalliy marketologlar storytelling, murakkab ijtimoiy narrativlar va emotsional kreativ bilan ishlay boshladi. Reklama zerikarli e'londan chiqib, madaniy kontentga aylanmoqda va regionda jiddiy ichki raqobat shakllanmoqda.

“Banner”dan million dollarlik aktivlargacha: Brand Awards International 2026

Toshkentda o‘tkazilgan IX Brand Awards International 2026 marketing va brending endi faqat kommunikatsiya emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy aktiv ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Mukofot O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda Marketing Assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etildi. Unda 6 ta davlat — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Rossiya, AQSh, Turkiya va Germaniyadan 78 ta brend ishtirok etdi. Tadbirda turli soha vakillari — banklar, fintech, retail, media va xizmat ko‘rsatish kompaniyalari ishtirok etib, o‘tgan yil davomida erishilgan natijalar asosida baholandi.

Brand Awards International 2026 mukofoti sovrindorlari:

·     ANORBANK – O‘zbekistondagi birinchi mahalliy raqamli bank;

·     BTS Express – 2025-yilda O‘zbekistondagi yetakchi ekspress-pochta;

·     Hayot Bank – 2025-yilda O‘zbekistonda yangi moliyaviy madaniyat marketingini rivojlantirishdagi yutuqlari uchun.

Shuningdek ro‘yxatda MacCoffee, UZCARD, MKBANK va boshqa qator kmpaniyalar ham bor. Bu ko‘rsatkichlar brendning bozor qiymati va biznesdagi o‘rnini belgilovchi strategik aktivga aylanib borayotganini anglatadi. Mukofot doirasida biznes dastur ham o‘tkazildi. Unda ANORBANK, BTS Express va boshqa ekspertlar brend strategiyasi, raqamli transformatsiya va marketing samaradorligi bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, islomiy banking rivoji bo‘yicha maxsus konferensiyada 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Umuman olganda, “Brand Awards International 2026” zamonaviy marketingda brend endi oddiy reklama obyekti emas, balki iqtisodiy qiymatga ega real aktiv ekanini yana bir bor tasdiqladi.

2026-yilgi Jahon chempionati: Fox Sports o‘z tarixidagi eng ulkan loyihani boshlamoqda

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati boshlanishiga sanoqli haftalar qolgan bir paytda, Fox Sports ushbu turnirni o‘z tarixidagi eng yirik va eng qimmat media-produksiya deb e’lon qildi. Kompaniya barcha 104 ta o‘yinni to‘liq translyatsiya qiladi. 70 tasi asosiy tarmoqda, 34 tasi FS1 kanalida efirga beradi. Bu yilgi chempionatda marketing va reklama integratsiyalari uchun mutlaqo yangi formatlar joriy etilmoqda:

  • Translyator yirik o‘yinlar oldidan maydonning markaziy doirasida 10 daqiqalik jonli reportajlar tayyorlash va uchrashuv oralig‘idagi vaqtda futbolchilardan 30 soniyalik tezkor intervyular olish huquqiga ega bo‘ldi. Bu brendlar uchun reklama joylashtirish maydonini bevosita voqelikning ichiga ko‘chirish imkonini beradi.
  • O‘yin davomidagi 3 daqiqalik rasmiy tanaffuslar paytida translyatsiya butunlay uzib qo‘yilmaydi, balki ekranning asosiy qismini saqlab qolgan holda “squeeze-back ads” ekranni siqish orqali chekka qismida chiqadigan formatidagi reklamalar ko‘rsatiladi.
  • Kabel televideniyesidan ommaviy voz kechish davom etayotgan bir paytda, jonli sport efirlari dunyoda eng yirik auditoriyani bir joyga yig‘a oladigan yagona marketing quroli bo‘lib qolayotganini isbotlamoqda. Shu sababli, yirik brendlar uchun paketli homiylik narxlari 50 million dollardan oshib ketdi.

Snapchatdan yangi yurish

Ijtimoiy tarmoqlar ichida yosh auditoriyani ushlab turish bo‘yicha yetakchi bo‘lgan Snapchat, brendlarning reklama xarajatlarini aniqroq tahlil qilishi uchun “Unified Attribution” tizimini ishga tushirdi.

Tizimning asosiy marketing mantiqi quyidagicha:

  • Tizim Snapchat ichidagi ichki metrika va signallarni, reklama beruvchilarning tashqi mobil o‘lchov hamkorlari “MMP - Mobile Measurement Partner” hamda Apple’ning “SKAdNetwork” ma'lumotlari bilan bitta ekranda birlashtiradi.
  • Ilgari marketologlar platforma ichidagi ko‘rsatkichlar va ilovadan tashqaridagi yuklab olishlar, xaridlar “Excel” yoki turli hisobotlarda alohida tahlil qilishga majbur edi. Endi barcha javob signallari yagona tizimda aks etadi va foydalanuvchilarning reklama bilan o‘zaro aloqasini to‘liq va shaffof ko‘rish imkonini beradi.

Snapchat o‘tgan yili reklama kampaniyalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalanuvchilarning shaxsiy xabarlar qutisiga yetkazib beruvchi Sponsored Snaps funksiyasini joriy qilgan edi. Yangi Unified Attribution tizimi esa brendlarga aynan ushbu agressiv reklamalar yosh auditoriya orasida qanchalik real sotuv va natija olib kelayotganini aniq hisoblab berishni maqsad qilgan.

Google qidiruv tizimi endi hamyoningizni ham boshqaradi

Google o‘zining an’anaviy qidiruv modelini butunlay AI Mode formatiga o‘tkazdi va uning oylik faol foydalanuvchilari soni 1 milliarddan oshdi. Endi qidiruv tizimi shunchaki ma’lumot bermaydi, balki foydalanuvchi nomidan xizmatlarni bron qiladi, hatto uylarni ta’mirlash yoki go‘zallik salonlariga o‘zi qo‘ng‘iroq qilib joy band qiladi.

Lekin marketing va savdo uchun eng inqilobiy o‘zgarish — “Universal Cart va AP2” tizimlarining taqdim etilishi bo‘ldi:

  • Endi foydalanuvchi YouTube ko‘rayotganda, Gmail’da xat o‘qiyotganda yoki Gemini bilan suhbatlashayotganda bitta tugma bilan mahsulotni umumiy savatga tashlab ketaveradi. Orqa fonda esa sun’iy intellekt bu mahsulotlarning narxi tushishini, aksiyalarni kuzatib boradi va hatto turli sotuvchilardan olingan detallarning bir-biriga mos kelish-kelmasligini tekshiradi.
  • Yangi protokol sun’iy intellekt agentlariga foydalanuvchi belgilagan limit doirasida mustaqil xaridlarni amalga oshirish huquqini beradi. Ya’ni, siz SI-assistentga limit qo‘yasiz, u esa YouTube yoki Qidiruv orqali eng maqbul mahsulotni topib, Google Wallet yordamida to‘lovni o‘zi yakunlaydi. Brendlar endi insonni emas, algoritmni jalb qilishi kerak bo‘lgan davr rasman boshlandi.

2026-yilning qaynoq marketing xaritasidan ko‘rinib turibdiki, brend va iste’molchi o‘rtasidagi aloqani endi faqat raqamlar yoki avtomatlashtirilgan tizimlar bilan qurib bo‘lmaydi. Texnologiyalar xarid jarayonini qanchalik soddalashtirmasin, sun’iy intellekt odamlarning o‘rniga pul to‘lashni qanchalik mukammal o‘rganmasin, yakuniy qarorni baribir inson qabul qiladi. Mahalliy kompaniyalarimiz uchun global maydon va zamonaviy tahlil vositalari ochiq. Ushbu shiddatli poygada g‘olib bo‘lishning yagona yo‘li — texnologiyaning barcha imkoniyatlaridan maksimal foydalangan holda, insoniy kontent yaratish qobiliyatini saqlab qolishdir.