Sun’iy intellekt bo‘yicha 10 ta ilmiy laboratoriya tashkil etiladi
O‘zbekiston 2030-yilgacha sun’iy intellektga asoslangan dasturiy ta’minotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.
1 daqiqa o‘qiladi

Mamlakatning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan tashkilotning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida O‘zbekistonning 2030 yilgacha sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish strategiyasining taqdimoti tashkil etildi. Bu haqda “Dunyo” Axborot agentligi xabar bermoqda.
Tadbir tafsilotlari
BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi va Xalqaro jinoiy politsiya tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda BMT rahbariyati, turli ekspertlar, shuningdek, Nyu-Yorkda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Strategiyaning asosiy yo‘nalishlari, shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilayotgan yutuqlar bilan yaqindan tanishdilar. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan axborot texnologiyalarini rivojlantirish va innovatsiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
10 ta ilmiy laboratoriya ochiladi
Yig‘ilganlarga O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, sun’iy intellekt sohasida faoliyat yurituvchi 10 ta ilmiy laboratoriya ochish, tegishli texnologiyalarni ishlab chiqish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash rejalari haqida so‘zlab berildi.
Tadbir yakunida ushbu jabhadagi O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.



