Navoiylik abituriyent muddatidan oldin maksimal ball to‘pladi
U 6 ta fandan milliy sertifikatni qo‘lga kiritgani aytilmoqda.
2 daqiqa o‘qiladi

Qiziltepa tumani Sheyxon qishlogʻidan boʻlgan Munavvara Choʻliyeva kirish imtihonlari uchun oldindan maksimal 189 ball yigʻdi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi maʼlum qildi.
Sabab 6 ta milliy sertifikat
Unga ko‘ra, abituriyent Cho‘liyeva 6 ta fandan agentlik tomonidan o‘tkazib kelinayotgan milliy sertifikat imtihonlarida ishtirok etib, oltita fan – biologiya, kimyo, o‘zbek tili va adabiyot, tarix, matematika hamda ingliz tilidan sertifikatni qo‘lga kiritgan. Bu esa unga davlat imtihonida muddatidan avval maksimal 189 ballni to‘plab bergan.
Munavvara Choʻliyeva Qiziltepa tumanidagi 17-umumtaʼlim maktabining 11-sinfini 2023/2024 oʻquv yilida bitirgan. U 10-sinfligida ingliz tilidan til sertifikati va biologiya fanidan milliy sertifikatni qoʻlga kiritgan. 11-sinfda esa kimyo, oʻzbek tili va adabiyot, tarix va matematika fanlaridan milliy sertifikat oldi. U mutaxassislik fani sifatida biologiya va kimyo fanlarini tanlagan va bu fanlardan maksimal ball beradigan sertifikatga ega. Bunga qoʻshimcha ravishda majburiy fanlardan ham milliy sertifikatni oldi. Bu Munavvaraning muddatidan oldin oliy taʼlim muassasalariga kirishda toʻplash mumkin boʻlgan (189 ball) maksimal ballga ega boʻlganini bildiradi.
Qachon bir fandan maksimal ball olish mumkin?
Maʼlumot uchun Vazirlar Mahkamasining 646-son qaroriga muvofiq, umumtaʼlim fanlaridan A+, A darajali milliy sertifikatga ega boʻlgan abituriyentga bu fandan maksimal ball, B+, B, C+, C darajali milliy sertifikatlarga ega boʻlgan abituriyentga esa tegishli majburiy fanlar boʻyicha belgilangan eng yuqori ball beriladi.



