$
 12593.77
90.78
 14698.19
213.48
 158.49
2.55
weather
+26
Кечаси   +14°

Husanov Manchesterga bordi, Eldor Rimda qoldi, Abbos hamon Moskvada: Fayzullayevning taqdiri nima bo‘ladi?

Abbos

FIFA o‘tgan yilning 14-noyabr kuni Rossiyaning SSKA klubiga kelasi uchta transfer oynasi uchun transfer taqiqi qo‘ygan edi. Bu orqali O‘zbekiston terma jamoasi va SSKA klubi futbolchisi Abbosbek Fayzullayevning ehtimoliy transferi sekinlashdi. Biroq FIFA ushbu taqiqni jamoadan yechib olgan. 

Taqiq sababi

Manbalarining yozishicha, bunga SSKAning Chidera Ejukeni "Xerenven"dan sotib olib, transfer summasining so‘nggi qismini, ya’ni, 3 mln yevroni o‘tkazib bermagani sabab bo‘lgan. Moskva klubi esa sanksiyalar sababli pullarni o‘tkazib bera olmagan. Futbolchi 2020-yilda 11,5 mln yevro evaziga armiyachilar tarkibiga borib qo‘shilgan, 2024-yil yozida esa erkin agent sifatida "Sevilya"ga o‘tib ketgandi. SSKA "Vest Xem"dan Nikola Vlashichning transfer summasini "Xerenven"ga o‘tkazib berishini so‘ragan, biroq London klubi bunga rad javobini bergan. Xorvatiyalik futbolchi 2021-yil avgustida 30 mln yevro evaziga "Vest Xem"ga transfer qilingandi.

Taqiqi futbolchimizga qanday ta’sir qildi?

"Sila Lawyers" huquqshunosi Sergey Lisenko FIFAning SSKAga 2-yil davomida transfer taqiqi qo‘yganligi borasidagi holatga izoh berdi. "FIFA Reglamentiga qaraydigan bo‘lsak, bu futbolchining jamoa tarkibiga qo‘shib olinishi va yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishini taqiqlaydi va jamoa futbolchilarining SSKA PFKdan ketib, boshqa jamoaga o‘tishiga to‘sqinlik qilmaydi. Boshqacha so‘z bilan aytganda, futbolchilarning va Abbosbek Fayzullayevning SSKAdan ketishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Faqatgina ikki klub kelisha olishi va bunga futbolchi rozi bo‘lsa kifoya. Lekin SSKAning bunday yo‘l tutishi juda qiyin, chunki klub ketadigan futbolchining o‘rnini to‘ldira olmaydi va yangi futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza olmaydi", — deya izoh bergan huquqshunos. Endi esa klubda yangi o‘yinchilarni xarid qilish va Abbos Fayzullayevning o‘rnini to‘ldirishi mumkin.

Futbolchiga bo‘lgan qiziqishlar

Avvalroq Abbosbek Fayzullayevga Fransiya chempionatining “Monako” hamda Ispaniya LaLigasining “Real Sosiyedad” jamoalaridan qiziqish bo‘layotganini ma’lum qilgan edik. Unga ko‘ra, klub Abbosbek Fayzullayev uchun 15 million yevro to‘lashga tayyor. “Agar Abbosbek Fayzullayevga “Monako”dan shunday taklif tushadigan bo‘lsa, o‘ylab o‘tirmay ketishi kerak. SSKAning o‘zi ham buncha mablag‘ evaziga uni qo‘yib yuborishi aniq. Bugungi sharoitda 15 million yevro – katta pul. Namuna uchun uzoqqa bormaylik, “Monako”da o‘ynayotgan Aleksandr Golovin yaqqol misol. Agar bu transfer amalga oshsa, Fayzullayev uchun top-ligaga yo‘l ochiladi” — deydi Rossiya terma jamoasi va “Selta” klubi sobiq futbolchisi Aleksandr Mostovoy. Yana bir manba Metaratingsning e’lon qilgan axborotiga ko‘ra, sirdaryolik yosh futbolchiga Ispaniyaning “Real Sosiedad” jamoasi ham qiziqish bildirmoqda. Qiziqarlisi, futbolchining o‘zi ham intervyularida ispan futbolini o‘zi uchun ma’qul ko‘rishini va ispan tilini o‘rganayotganini ma’lum qilgan. Agarda moliyaviy tomonlama kelishuvlar o‘z o‘rnida bo‘lsa, futbolchi ko‘p ehtimol Ispaniya jamoasi taklifini tanlashi mumkin.

Yevropa skautlari va klublari unga e’tibor qaratishlari kerak

“Manchester Siti”ning o‘zbekistonlik himoyachisi Abduqodir Xusanovning agenti Gayrat Xasbiullin Odds.ru saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Abbos Fayzullayev haqida ham fikr bildirgan. Menimcha, Abbosga qiziqish bor, bu aniq. Hammasi SSKA, agentlar va uning o‘zi qachon Yevropa chempionatiga o‘tishga qaror qilishiga bog‘liq. U O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan biri, menimcha, Yevropa skautlari va klublari unga e’tibor qaratishlari kerak. SSKAda shunday o‘yin ko‘rsatayotgan ekan, u holda Yevropada ham o‘zini ko‘rsata oladi”, — deydi Xasbiullin.

Fayzullayev haqida

Abbos Fayzullayev SSKAga 2023-yilning avgustida "Paxtakor"dan 500 ming yevro evaziga o‘tgandi. Yarim himoyachi joriy mavsum 23 o‘yinda maydonga tushib, 3 ta gol urdi va 6 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, 21 yoshli o‘yinchining hozirgi transfer qiymati 8 mln yevroni tashkil qiladi. Uning SSKA bilan shartnomasi 2026-yilning iyun oyi oxirigacha amal qiladi.Ma’lumot o‘rnida, Fayzullayev o‘tgan yili Osiyoning eng yaxshi yosh futbolchisi, O‘zbekistonning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etilgan edi.

Теги :
Jamiyat