$
 11806.97
-18.43
€
 13430.43
-52.89
₽
 139.86
-0.48
weather
+26
Кечаси   +14°

1-oktyabrdan O‘zbekistonda tariflar, imtiyozlar va biznes qoidalari o‘zgaradi

1-oktyabrdan O‘zbekistonda qator o‘zgarishlar kuchga kiradi. Ular Toshkent shahridagi jamoat transportida yo‘l haqi, Toshkent viloyatida sovuq suv tariflari, faxriylar va Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslar uchun transport imtiyozlari, shuningdek, tadbirkorlar, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga taalluqli bo‘ladi.

Nimalar o‘zgaradi — asosiylarini jamladik.

Toshkentda elektron to‘lov orqali yo‘l haqi arzonlashadi

1-oktyabrdan avtobus va metroda elektron karta yoki boshqa elektron to‘lov usuli orqali yo‘l haqi 2500 so‘mni tashkil etadi.

Naqd pulda to‘lov qilishda yo‘l haqi avvalgidek — 3000 so‘m bo‘lib qoladi.

Shuningdek, bagaj tashish narxi ham o‘zgaradi. Bir yo‘lovchining bagajini tashish uchun 4000 so‘m to‘lanadi.

Buxoroning tarixiy markazida transport harakati cheklanadi

Buxoroning tarixiy qismida ayrim transport vositalarining harakatlanishi, shuningdek, hayvonlarda harakatlanishga cheklovlar joriy etiladi.

Cheklov Ark qal’asidan Poyi Kalon majmuasi va Haqiqat ko‘chasi orqali Labi Hovuz majmuasigacha bo‘lgan hududda amal qiladi.

Mazkur yo‘nalishda elektrosamokatlar, rikshalar, mopedlar, to‘rt g‘ildirakli velosipedlar va kartinglarning harakatlanishi, shuningdek, ot va tuyalarda yurish taqiqlanadi.

Toshkent viloyatida sovuq suv tariflari oshadi

Aholi uchun bir kub metr sovuq suv narxi 3100 so‘m etib belgilanadi. Kanalizatsiya xizmatlari uchun esa bir kub metrga 1500 so‘m to‘lanadi.

Budjet va tijorat tashkilotlari uchun suv tarifi bir kub metrga 16 000 so‘m, kanalizatsiya xizmatlari esa 4000 so‘mni tashkil etadi.

Aholi uchun tariflar o‘rtacha qariyb 20 foizga oshadi.

Olmaota — Toshkent poyezdida «ayollar vagoni» paydo bo‘ladi

Olmaota — Toshkent yo‘nalishida qatnaydigan № 1/2 xalqaro poyezd tarkibida alohida «ayollar vagoni» tashkil etiladi.

Ushbu vagonga chiptalar faqat ayollarga sotiladi, yo‘lovchilarga esa ayol kuzatuvchilar xizmat ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, yetti yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalarga katta yoshli hamroh bilan safar qilishga ruxsat beriladi.

Faxriylar va Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etganlarga transport imtiyozlari beriladi

Urush nogironlari va qatnashchilariga tenglashtirilgan shaxslar, shuningdek, Chernobil AESdagi avariya oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan shaxslar aviaqatnovlar, poyezdlar va shaharlararo avtobuslarda bepul chipta yoki 50 foizlik chegirmadan foydalanishi mumkin.

Imtiyozli chipta rasmiylashtirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat — ID-karta yoki biometrik pasportni taqdim etish kifoya.

Tadbirkorlar jarimaning faqat yarmini to‘lashi mumkin

Moliyaviy jarimalarni ixtiyoriy ravishda to‘lashni rag‘batlantirishning yagona tartibi joriy etiladi.

Agar tadbirkor vakolatli organning qarori topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarima summasining 50 foizini to‘lasa, qolgan qismidan ozod etiladi.

Shuningdek, jarimani olti oy davomida teng qismlarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham paydo bo‘ladi.

Eksportchilar uchun ayrim bojxona yig‘imlari kamayadi

Xavf darajasi past bo‘lgan va amaldagi QQS to‘lovchisi guvohnomasiga ega tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari import qilingan tovarlar uchun to‘langan QQS summalarini o‘zaro hisobga olishi mumkin.

Bundan tashqari, bojxona rasmiylashtiruvi, fitosanitariya sertifikatlarini rasmiylashtirish va fumigatsiya, shuningdek, tovarlarning kelib chiqish sertifikatlari uchun ayrim yig‘im va to‘lovlar miqdori 30 foizga kamayadi.

O‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga kredit foizlarining bir qismi qoplab beriladi

Barqaror ish o‘rinlarini shakllantirish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida tashkil etilgan yangi shtablar bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.

Mazkur chora o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar, kichik va o‘rta biznes korxonalariga ajratilgan kreditlarga nisbatan qo‘llanadi.

Identifikatorsiz qurilishni boshlash mumkin bo‘lmaydi

1-oktyabrdan qurilish bosqichlarini raqamli nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi.

Istiqbolli qurilish hududlari, loyihalar va obyektlar uchun Istiqbolli qurilish hududlarining yagona identifikatori, Loyiha raqamli pasporti hamda kapital qurilish obyektining raqamli pasportidan foydalaniladi.

Qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma Yagona identifikatorda tegishli identifikatsiya raqami olinmasdan turib berilmaydi.