$
 12114.97
40.69
 14260.53
41.86
 162.07
1.21
weather
+26
Кечаси   +14°

“Damaslar tirbandlik keltirib chiqaryapti” – Zoyir Mirzayev

Damaslar

Shavkat Mirziyoyev hududlarda jamoat transporti tizimini tubdan isloh qilish va aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirishga qaratilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Mazkur uchrashuvda mamlakatning transport salohiyatini yangi bosqichga olib chiqish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayevning ta’kidlashicha, davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan ushbu taqdimotda bevosita xalqning kundalik hayotiga daxldor bo‘lgan va aholi kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan masalalar diqqat markazida bo‘ldi. Bugungi kunda respublikada jamoat transportini yagona konsepsiya asosida rivojlantirishga qaratilgan ikki yillik maxsus dastur amalga oshirilmoqda.

Kichik hajmli transportdan zamonaviy avtobuslarga o‘tish

So‘nggi ikki yillik tahlillarga nazar tashlasak, Toshkent viloyatida transport infratuzilmasi sezilarli darajada kengayganini ko‘rish mumkin. Avvalari bor-yo‘g‘i 14 ta yo‘nalishda 110 ta avtobus xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, ayni paytda yo‘nalishlar soni ikki barobarga ortdi, harakat tarkibidagi avtobuslar soni esa 418 taga yetkazildi.

Shu bilan birga, viloyatdagi transport oqimida Damas avtomobillari hali ham katta ulushga ega — ularning soni 14 mingdan oshadi. Viloyat hokimi ushbu holatning ham ijobiy, ham salbiy tomonlariga to‘xtalib o‘tdi:

“Damas'larning soni ko‘pligi, albatta, bu yaxshi, lekin ular tirbandlikni keltirib chiqaradi. Ikkinchidan, ular orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati, [belgilangan] narxlar, tariflarning saqlanishini nazorat qilish mexanizmi og‘ir bo‘lyapti”.

Yangi marshrutlar xaritasi

Hozirda poytaxt atrofidagi yettita hududda, xususan, Zangiota va Toshkent tumanlarida aglomeratsiya tizimi faol joriy etilmoqda. Buning natijasida avtobus qatnovlari shahar ichkarisidan 12 kilometr chuqurlikkacha kirib borib, aholining uzog‘ini yaqin qilmoqda.

Eng e’tiborli jihati shundaki, yangi yo‘nalishlarni belgilashda inson omili emas, balki zamonaviy texnologiyalar — sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Ma’lumotlar tahlili asosida shakllantirilgan 14 ta yangi marshrutni to‘liq ishga tushirish uchun jami 136 ta avtobus zarur. Hozirgi kunda ushbu ehtiyojni qoplash maqsadida 43 ta yangi avtobus olib kelingan bo‘lib, ular bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida turibdi.

Tadbirkorlar uchun imtiyozlar

Sohaga investitsiyalarni jalb qilish va tashuvchilar yukini kamaytirish maqsadida Prezident tomonidan muhim qaror qabul qilindi. Unga ko‘ra, chetdan olib kelinadigan yo‘lovchi tashish texnikalari uchun utilizatsiya yig‘imi bo‘yicha berilgan imtiyozlar yana ikki yilga uzaytirildi.

Ushbu yengillik hududiy transport parkini yangilashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Mazkur imkoniyatdan foydalangan holda, Toshkent viloyatiga yana 230 dan ortiq zamonaviy avtobuslarni olib kelish va jamoat transporti tizimidagi muammolarni to‘liq bartaraf etish rejalashtirilgan.

Теги :
Jamiyat