$
 11972.35
-17.65
 13852.01
-14.43
 147.52
-0.03
weather
+26
Кечаси   +14°

Qishda vodiy “zapravka”laridagi navbatlarni hal qilish uchun qanday yechim taklif qilinyapti?

Zapravka

Bu yilgi qish mavsumida vodiy viloyatlarida joylashgan metan yoqilg‘i quyish shoxobchalari gaz bilan uzluksiz ta’minlanishi uchun ularga ko‘chma konteynerlar o‘rnatiladi. Shunday choralar orqali gaz tanqisligi yuzaga kelishining oldi olinadi. Bu haqida “Hududgazta’minot” AJning yirik iste’molchilar bilan ishlash boshqarmasi boshlig‘i Turg‘unboy Beknazarov ma’lumot berdi.

Maxsus pilot loyiha

Beknazarovning ta’kidlashicha, har yili qishda vodiy hududlarida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida yuzaga keladigan gaz yetishmovchiligini bartaraf etish maqsadida hukumat tomonidan maxsus pilot loyiha ishlab chiqilgan.

“Qish mavsumida havo harorati keskin pasayganda va gaz quvurlarida gaz tanqisligi sezilgan paytlarda ulgurji iste’molchilarning ma’lum bir toifalariga cheklovlar joriy qilinadi. Bu cheklovlar mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan grafiklarga asosan kiritiladi. Bu yil hukumat tomonidan yangi loyihalar kiritildiki, ya’ni vodiy viloyatlarida AGTKSHlarda bosim tushishi kuzatilganda pilot loyiha ishga tushirildi. Hozirda vodiy viloyatlarida 447 ta jami AGTKSH bo‘ladigan bo‘lsa, gaz tanqis paytda Andijon viloyatida 17 ta tuman uchun bir donadan jami 17 ta, Farg‘onada 19 ta tuman uchun 19 ta, Namangan viloyatining 14 ta tumani bo‘lsa, shu tumanlarning har birida bittadan jami 14 ta, vodiy viloyatlari uchun jami 50 ta metan zapravkalar ishlab turadi. Bu “zapravka”lar ko‘chma konteynerlar orqali gaz bilan ta’minlanadi”, – deydi Turg‘unboy Beknazarov.

Hamkor – Xitoy

Pilot loyiha Xitoy davlatining tegishli kompaniyalari hamkorligida amalga oshirilishi bildirildi.

“Bu pilot loyiha “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan olib borilyapti. Bugungi kunga qadar o‘sha kelishuvlardagi 150 dona ko‘chma konteyner olib kelinishi kerak bo‘lsa, ayni kunga qadar ularning 92 tasi O‘zbekiston hududiga olib kelindi. 1-dekabrdan ular ishga tushadi. Qolgan 58 tasini ham dekabr oxiriga qadar olib kelish ko‘zda tutilgan”, – deydi u.

Konteynerlarning ishlash tartibi qanday?

Turg‘unboy Beknazarov:

“Ko‘chma konteynerlar vodiy viloyatlaridagi gaz tanqis bo‘lgan, o‘ta sovuq paytda bosim tushib ketgan joylarga vodiyning gazi bor hududi yoki Toshkent, Sirdaryo tomonlardan gazni olib, vodiydagi zapravkalarga yetkazib beradi. Shu orqali ushbu hududdagi fuqarolarning avtotransport vositalari va maxsus transportlarni gaz bilan to‘ldirish imkoni yaratiladi. Bu hukumatning qish mavsumida gaz tanqisligining oldini olish bo‘yicha pilot loyihasi hisoblanadi. Agar bu o‘zini oqlaydigan bo‘lsa, boshqa hududlarda ham joriy etiladi”.
Теги :
Jamiyat