$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

YPX xodimini urib ketgan o‘smirning ota-onasi avval ham ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan

bmw

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi 25-fevral kuni kechqurun Toshkentda BMW M4 (raqami 010210OC) avtomobili Yo‘l-patrul xizmati xodimini urib ketgani aks etgan videoni elon qildi. Rulda haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan 16 yoshli maktabning 10-sinf o‘quvchisi bo‘lgan. Inspektor og‘ir jarohatlar bilan kasalxonaga yotqizildi. Uning holatini Sog‘liqni saqlash vazirligi nazoratga olgan.

O‘smirning birinchi qoidabuzarligi emas

Idora ma’lumotlariga ko‘ra, o‘smirning ota-onasi avval ham ikki marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan: 2025 yil 12 sentyabrda — o‘g‘lining maktabdagi darslarni qoldirgani uchun, joriy yilning 8 yanvarida esa — o‘zboshimchalik bilan avtomobil boshqargani va yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgani uchun (ijtimoiy tarmoqlarda davlat raqamisiz kulrang «BMW X5» haydovchisi YPX inspektorining ishorasi bilan to‘xtab, so‘ng tezda jo‘nab ketgani aks etgan video tarqalgan edi). Ular Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bilan jarimaga tortilgan.

«Shunga qaramay, afsuski, ular to‘g‘ri xulosa chiqarmaganligi, mas’uliyatsizlik va o‘z ota-onalik vazifasiga loqaydligi oqibatida qo‘shtirnoq ostidagi „erkatoylari“ qoida buzarlik sodir etishda davom etgan», — deb ta’kidladi IIV.

Avtomobil egasining o‘nlab qoidabuzarliklari

Videoda qayd etilishicha, avtomobil 2002-yilda tug‘ilgan Atadianova Leyla Bekzodovnaga tegishli.

«Ma’lum bo‘lishicha, u 2024-yildan hozirgi kunga qadar 18 marotaba haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan shaxslarga avtomobil boshqaruvini topshirgan, shuningdek, 37 marotaba boshqa Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan», — deydi Toshkent shahar IIBB YHXB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberganov. Bunga qanday yo‘l qo‘yilganiga aniqlik kiritilmagan.

«Avtomobil egasining mas’uliyatsizligi va qonunchilikka e’tiborsizligi voyaga yetmagan shaxsning rulga o‘tirishiga va og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lishiga olib keldi», — dedi u.

O‘smir va uning otasining so‘zlari

Mashina inspektorni urib yuborganida rulda bo‘lgan Doniyor ismli bola shunday dedi: «O‘tgan safar xodimlar meni ogohlantirishgan edi. Men endi mashina haydamayman deb va’da bergandim. Lekin yana qoidaga hilof qilib haydab qo‘ydim. Mening barcha harakatlarim noto‘g‘ri. Jabrlangan xodimdan, shaxsan undan, uning oilasidan, ota-onasidan kechirim so‘rayman. Ikkimiz ham noto‘g‘ri ish qildik». Videoda uning do‘sti ham ko‘rsatilgan, ismi ko‘rsatilmagan.

O‘smirning otasi Zafarjon Kuchkunov (1979 yilda tug‘ilgan): «O‘sha kuni o‘g‘lim do‘sti bilan mashinani olib qochgan ekan. Men buni bilmasdim. Lekin u bu xodimga juda katta zarar yetkazdi. Undan, oilasidan, ota-onasidan kechirim so‘rayman. Butun xalqdan kechirim so‘rayman. Men o‘g‘lim uchun aybdorman», — dedi.

Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (odamning badaniga o‘rtacha og‘ir yoki og‘ir shikast yetkazilishiga sabab bo‘lgan harakat xavfsizligi qoidalarini buzish / bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha miqdorda jarima, 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Теги :
Jamiyat