$
 12815.13
12.07
 13898.01
-4.83
 133.20
1.36
weather
+26
Кечаси   +14°

Ajal yo‘li: Rossiya – O‘zbekiston yo‘llarida nechta yurtdoshimiz halok bo‘ldi?

yth

O‘zbekiston yo‘llarida bo‘layotgan YTH lar haqida har kuni kamida bir marta bo‘lsa ham xabar chiqadi. Bu kabi xabarlar odatiy holatga aylandi desak ham bo‘ladi. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda vatanidan tashqarida qurbon bo‘layotgan yurtdoshlarimiz soni ham ortib bormoqda. Quyida 2024-yilda Rossiya va Qozog‘iston yo‘llarida o‘zbekistonliklar ishtirokida yuz bergan fojiali avtohalokatlar haqida xabar bermoqchimiz. Bizga ma’lum bo‘lgan voqealar talaygina, hali oshkor bo‘lmaganlari esa bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkin.

Penza yaqinidagi avtohalokat

Joriy yilning 11-yanvar kuni Moskva vaqti bilan taxminan soat 3.00 da M-5 “Ural” federal avtomagistralining 504-kilometrida mikroavtobus va yuk mashinasi bilan sodir boʻlgan edi. Nijnelomov tumanlararo prokurori Andrey Yarosh o‘z telegram kanalida ushbu YTHda halok boʻlganlar Oʻzbekiston fuqarolari ekanligini aytgan. Penza viloyati yoʻl politsiyasining xabar berishicha, Moskva vaqti bilan taxminan soat 3.00 da M-5 “Ural” federal avtomagistralining 504-kilometrida Moskva tomon ketayotgan miniven haydovchisi, 1981-yilda tugʻilgan erkak qarama-qarshi yoʻlga chiqib, Volvo yuk mashinasi bilan toʻqnashgan. Mikroavtobusda sodir boʻlgan YTH natijasida yetti kishi halok boʻlgan, yana ikki kishi jarohatlangan. Favqulodda xizmatlarning aniqlik kiritishicha, jarohatlanganlardan biri vafot etgan, yana biri ogʻir ahvolda kasalxonaga yotqizilgan. Rossiya Tergov qoʻmitasining viloyat boshqarmasi YTHda sakkiz kishining oʻlimidan soʻng koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati pastligi boʻyicha jinoiy ish qoʻzgʻatilganini ma'lum qilgan.

Avtobus, yuk mashinasi va yengil avtomobil ishtirokidagi YTH

2024-yilning 14-yanvar kuni Kstovo shahridagi aylanma yoʻlda avtobus va yuk mashinasi toʻqnashib ketdi. Biroz vaqt oʻtmay, ularning ustiga yengil mashina kelib urilgan. Natijada ogʻir yuk mashinasi haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Avtobusda boʻlgan yana 11 nafar Oʻzbekiston fuqarolari turli darajadagi tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan. Keyinchalik yana bir jabrlangan shaxsning ham vafot etgani ma'lum qilindi. Qutqaruvchilar jabrlanganlarning ba'zilarini maxsus asboblar yordamida avtobusdan olib chiqishga majbur boʻldi. Mazkur fojiaga avtobus haydovchisining nooʻrin harakati sabab boʻlgan, u qarama-qarshi yoʻlga chiqib ketgan va boshqaruvni yoʻqotgan.

“Lada Largus” va “Gazel” yuk avtomobili ishtirokidagi YTH va 3 o‘lim

Rossiya Federatsiyasining Samara viloyatida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisasi yuzasidan birlamchi ma'lumot

Rossiya Federatsiyasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi navbatchilik qismidan olingan ma'lumotga koʻra, 2024-yil 16-yanvar kuni (Moskva vaqti bilan) soat 13:00 larda Rossiya Federatsiyasi, Samara viloyati, Stavropolsk rayoni M-5 avtomobil yoʻlining 947 km. da harakatlangan “Lada Largus” rusumli avtomobili va “Gazel” rusumli yuk avtomobili toʻqnashishi oqibatida “Lada Largus” rusumli avtomobilida boʻlgan jami 7 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolaridan 3 nafari voqea joyida vafot etgan, 4 nafar yoʻlovchi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.  

7 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan Qozog‘istondagi avtohalokat

Polisia.kz kanali xabariga ko‘ra, 3-aprel kuni Samara-Chimkent trassasining Qozog‘istonning Aqto‘be oblasti Marjonbuloq qishlog‘idan o‘tgan qismida “Volvo” yuk mashinasi hamda O‘zbekiston fuqarosi boshqaruvidagi “Toyota-Alhpard” miniveni ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Hodisa oqibatida miniven haydovchisi va undagi yetti nafar yo‘lovchi voqea joyida halok bo‘lgan. Qurbonlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda.

Harakat vaqtida yuk avtomobilining shinasi yorilib ketgan, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va miniven bilan to‘qnashgan.

Qing‘ir ishning qiyig‘i…

28-iyun kuni Krasnoyarsk o‘lkasida sakkiz nafar muhojir yo‘l-transport hodisasiga uchradi. Rossiya Ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, ularning to‘rt nafari vafot etgan, qolgan yo‘lovchilar jabrlangan. Vafot etganlar orasida o‘zbekistonliklar ham bor.

Muhojirlarni olib ketayotgan haydovchi Kemerovoga harakatlanayotgan bo‘lgan. Ma’lumotlarga qaraganda, haydovchi hujjatsiz muhojirlarni tashish bilan shug‘ullangan.

Halokatga “Toyota” rusumli mashina sabab bo‘lgan. “Toyota” yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib, katta tezlikda yuk mashinasiga urilgan. Vоqea joyida 4 kishi vafot etgani, 3 kishi yaralangani, mashina ichida keragidan ortiq yo‘lovchilar bo‘lgan.

Shinasi yorilgan mikroavtobus

1-sentabr kuni Rossiyaning Nijegorodskaya oblastida, Samara – Moskva yo‘lida og‘ir yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Tojikiston fuqarosi boshqargan mikroavtobusda o‘zbekistonliklar ketayotgan bo‘lgan. Rossiya IIVB matbuot xizmati ma’lum qilishicha, haydovchi boshqaruvni yo‘qotib, to‘siqqa urilgan va mikroavtobus ag‘darilib ketgan. Mikroavtobusda haydovchi bilan birga jami 12 kishi bo‘lgan, ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari edi. Avariya natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan, qolgan to‘rt kishi, jumladan haydovchi, jarohat olib kasalxonaga yetkazilgan. Vafot etganlarning shaxsi va yoshi oshkor qilinmagan. Avariya yuz berishining dastlabki sababi mikroavtobus shinasining yorilishi deb taxmin qilindi.

Volgogradda o‘zbekistonliklar avtohalokatga uchradi

Shu yilning 5-oktyabr kuni Volgograd viloyatida sodir bo‘lgan avtohalokat oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, yana 11 kishi jarohat oldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 18:30 atrofida “Samara-Pugachyov-Engels-Volgograd” avtomobil yo‘lining 705-kilometrida “Gazel” yuk-passajir avtomashinasi va “Mersedes” yengil avtomashinasi to‘qnashuvi sodir bo‘lgan.

Yo‘l-transport hodisasi natijasida 30 yoshli “Mersedes” haydovchisi olgan jarohatlari tufayli vafot etgan, “Gazel”  avtomashinasidagi 11 nafar yo‘lovchi tez tibbiy yordamga murojaat qilgan.

“Gazel” haydovchisining ukasi Ixtiyor Abdullayev ismli fuqaroning ma’lum qilishicha, 13 nafar o‘zbekistonlik turli darajada jarohatlangan, ayrimlari og‘ir ahvolda. Ular orasida 5 nafar yosh bola bo‘lgan. Abdullayevning gaplariga ko‘ra, mashinaga qayerdandir avtomobil shinasi uchib kelib urilishi oqibatida akasi boshqaruvni yo‘qotgan. So‘ngra qarama-qarshi yo‘ldan kelgan “Mersedes” kelib urilgan. YTH sabab ayollar va bolalar jarohatlangan. Ulardan bittasining ahvoli og‘ir bo‘lib, ayrimlarining hujjatlarda muammo bo‘lgan.

6 nafar o‘zbekistonlikning o‘limiga sabab bo‘lgan YTH

Mang‘istau viloyati yo‘l-patrul xizmati xabariga ko‘ra, voqea soat 07:30 da sodir bo‘lgan. Beyneu-Tajen avtomagistralida “Jac” mashinasi yo‘l chetida chegaradan o‘tish uchun navbatda turgan “MAN” yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.

Qayd etilishicha, Rossiyadan qaytayotib Beyneu tumanidagi Aqjigit qishlog‘idan o‘tgan joyda davlat raqami 90 W 633 PA bo‘lgan “JAC” rusumli avtomobil katta tezlikda yuk mashinasiga kelib urilgan.

Qozog‘iston politsiyasi avtomobilda jami 10 kishi bo‘lganini, jabrlanuvchilarning ahvoli o‘rtacha og‘irlikda ekanini va ulardan 6 nafari vafot etganini xabar qildi.

Domodedovoda avtohalokatda 5 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi

Moskva viloyatining Domodedovo shahridagi A-107 avtomobil yo‘lida yengil mashina va yuk mashinasi to‘qnashuvi natijasida besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Moskva viloyati IIVning Telegram-kanali xabar berdi.

“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1999-yilda tug‘ilgan haydovchi “Lada” rusumli yengil avtomobilni boshqarayotganda, qarshi harakat yo‘lagiga chiqib ketgan va “Skania” rusumli yuk mashinasi bilan to‘qnashgan”, — deya ta’kidladi idora.

YTH qurbonlari “Lada”ning haydovchisi va to‘rt yo‘lovchisi bo‘lgan. IIVning aniqlashicha, hodisa soat 7:25 atrofida A-107-yo‘lining 175-kilometrida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari ekani aytilmoqda.