Yakshanba, 18-oktabr, 2026
Havo 93 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +11°

YPX inspektorini kapotida “sayr qildirgan” shovvoz 15 sutkaga qamaldi

U xodimning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirib, bir necha qoidabuzarliklar sodir etgan.

2 daqiqa o‘qiladi

YPX inspektorini kapotida “sayr qildirgan” shovvoz 15 sutkaga qamaldi

Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida xizmat olib borayotgan YPX xodimi talablariga bo‘ysunmagan fuqaroga chora ko‘rildi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Qoidabuzar qarama-qarshi yo‘lda xavfli “manyovr”lar qilgan

Qayd etilishicha, inspektor 13-iyul kuni davlat raqamisiz harakatlanib kelayotgan transport vositasini to‘xtatgan. Biroq haydovchi to‘xtamay, voqea joyidan ketib qolgan, so‘ngra inspektor uning orqasidan kuzatib borgan.

Jarayonda haydovchi bir necha marta ogohlantirilgan, shunga qaramasdan, u svetoforning taqiqlovchi chiroqlariga amal qilmay, yo‘lning qarama-qarshi qismiga chiqib, xavfli “manyovr”lar qilgan holda yo‘lida davom etgan.

Avtomashina kapotida “sayr qilgan” YPX xodimi

“Yangihayot tumaniga kelib haydovchi piyodalar o‘tish joyida to‘xtadi. Undan mashinadan tushishini talab qildim, ammo haydovchi bunga ham bo‘ysunmasdan mashinasini menga qarata harakatlantirdi va 400−500 metrcha kapot qismida harakatlanib bordim”, — dedi YPX xodimi Shohrux Bobomurodov.

Olib borilgan chora-tadbirlar natijasida haydovchi to‘xtatilib, sodir etgan qoidabuzarligi uchun hujjatlar qonuniy tartibda rasmiylashtirilgan. Hodisa oqibatida xodim chap oyoq bo‘g‘imlari lat yeyishi jarohatini olgan. Avtomobil jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

15 sutkalik qamoq jazosi

“Mashinada hujjatlar to‘liq emasdi. Mashinani xodimga topshirmasdan, o‘zim harakatlanib qochib ketdim. O‘zbekiston qonunlarini hurmat qilib, xodimlarga bo‘ysunib, har doim talab qilgan vazifalarini bajarish kerak ekan. Shuni xulosa qildim, qilgan ishimdan afsusdaman”, — dedi haydovchi.

Holat yuzasidan jinoyat ishlari bo‘yicha Yangihayot tuman sudi tomonidan qoidabuzar haydovchiga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.