$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Yozda Markaziy Osiyoni dahshatli yog‘ingarchilik kutib turibdi

Yomg

Markaziy Osiyo mamlakatlari joriy 2026-yilning yoz mavsumida anomal darajadagi kuchli yomg‘irlar to‘lqiniga duch kelishi mumkin. BMT Butunjahon meteorologiya tashkiloti tomonidan e’lon qilingan iqlimiy prognozlarga ko‘ra, bunga Tinch okeanida El Nino tabiat hodisasining qaytishi sabab bo‘ladi. Bir qarashda, ekvatorial Tinch okeani suvlarida ro‘y beradigan jarayonlarning Markaziy Osiyo iqlimiga ta’siri tushunarsiz tuyulsa-da, mutaxassislar joriy yilda xavfli kumulyativ, ya’ni bir necha omillarning qo‘shilib boruvchi effekti yuzaga kelishini ta’kidlamoqda. Inson faoliyati (antropogen omillar) oqibatida sayyora iqlim tizimidagi atmosfera va gidrosfera qatlamlari allaqachon kritik darajada qizib bo‘lgan. Buning oqibatida ob-havoning odatiy va mo‘tadil o‘zgarish zanjiri buzilib, Markaziy Osiyo hududiga to‘satdan ulkan miqdorda yog‘ingarchilik yopirilishi kutilmoqda. BMT tahlillariga ko‘ra, AQSHning janubiy shtatlari qatori Markaziy Osiyo ham ushbu anomal seryog‘in ob-havoning asosiy nishonlaridan biriga aylanadi.

Ayni shu davrda dunyoning boshqa bir qator nuqtalarida, xususan, Markaziy Amerika, Janubiy Amerikaning shimoliy hududlari, Karib havzasi mamlakatlari, Avstraliya, Indoneziya hamda Janubiy Osiyoning ayrim qismlarida tamoman teskari manzara — asosan quruq ob-havo sharoiti hukm surishi kutilmoqda.

Global miqyosdagi iqlimiy ogohlantirish

El Nino — Tinch okeanining ekvatorial qismidagi markaziy va sharqiy hududlarida yuza suv qatlamining anomal tarzda isib ketishi bilan bog‘liq iqlimiy hodisadir. Mazkur anomaliya butun yer yuzidagi atmosfera sirkulyatsiyasini o‘zgartirib, turli mintaqalarda ob-havo sharoitlariga bevosita ta’sir o‘tkazadi. Ushbu tabiat hodisasi odatda har 2-7 yilda bir marotaba takrorlanib, taxminan bir yil davomida faol bo‘ladi. Biroq uning ta’sir doirasi faqatgina Tinch okeani havzasi bilan cheklanib qolmay, deyarli butun Yer sharida havo harorati va yog‘ingarchilik me’yorlarini butunlay o‘zgartirib yuborishga qodir.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo hamjamiyatini El Nino hodisasining boshlanishiga jiddiy iqlimiy ogohlantirish sifatida qarashga chaqirdi. O‘zining maxsus videomurojaatida Bosh kotib ushbu jarayon global isish oloviga moy sepishini alohida qayd etdi. Uning fikricha, mazkur anomaliyaning salbiy oqibatlari avvalgiga qaraganda ancha tez va kengroq ko‘lamda sezila boshlaydi. Bunday sharoitda samarali qarshi choralar ko‘rish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish jarayonini jadallashtirish, aholining eng zaif qatlamlarini iqlimiy xavflardan himoya qilish hamda tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tizimlarini maksimal darajada rivojlantirish talab etiladi.

Butunjahon meteorologiya tashkilotining bosh kotibi Seleste Saulo ham hozirgi vaziyat barcha davlatlardan yuqori darajadagi tayyorgarlikni talab qilayotganini tushuntirdi. Tashkilot rahbarining so‘zlariga ko‘ra, insoniyat qurg‘oqchilik va kuchli yomg‘irlarni yanada keskinlashtiradigan, shuningdek, quruqlik va okean hududlarida ekstremal issiqlik to‘lqinlari xavfini oshiradigan kuchli El Nino hodisasiga har tomonlama tayyor turishi lozim.

Kelgusi davr uchun prognozlar

Sohamutaxassislarining aniq hisob-kitoblariga ko‘ra, kelayotgan yoz oylarida El Nino hodisasining faollashishi ehtimoli 80 foizni tashkil etmoqda. Ushbu atmosfera anomaliyasining kuz va qish mavsumigacha davom etishi ehtimoli esa yanada yuqori — 90 foizdan oshadi.

Dunyoning yetakchi iqlim markazlari bundan avval ham Tinch okeani suvlarida yirik miqyosdagi El Nino jarayonlari shakllanayotganini qayd etgan edi. Mavjud ma’lumotlar va meteorologik modellar ushbu global iqlimiy anomaliya nafaqat joriy yilda, balki 2026–2027-yillardagi umumiy ob-havo rejimiga ham juda jiddiy va salbiy ta’sir ko‘rsatishini tasdiqlamoqda.

Теги :
Jamiyat