$
 12692.42
100.85
 14511.24
-34.54
 158.44
4.62
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonda ishlamaydigan, oʻqimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan yoshlar koʻpaymoqda

yoshlar

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishda muhim yutuqlarga erishganiga qaramay, ushbu oʻsishning yoshlar uchun samarali ish imkoniyatlariga aylantirilishi eʼtibor markazida qolmoqda. 2023-yilning 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston umumiy aholisining 26,8 foizini, yaʼni 36,0 mln.dan 9,7 mln.nini yoshlar tashkil etadi. Oʻtgan yili 380 ming nafar maktab bitiruvchisidan 180 ming nafari taʼlimni kollej, texnikum yoki oliy taʼlim muassasasida davom ettirayotgan boʻlsa-da, qolgan 200 ming nafari mustaqil ravishda ish qidirib, mehnat bozoriga kirib kelmoqda.

Biroq rasmiy statistik maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak 2022-yil yakuniga koʻra respublika boʻyicha ishlamaydigan, oʻqimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan yoshlar ulushi 29,9 foizni (2021-yilda — 29,3 foiz), bu esa bugungi kunda mamlakatimizda demografik dividenddan samarali foydalanmaslik muammosi mavjudligini koʻrsatmoqda. Bu haqda “Taraqqiyot strategiyasi” Markazi bosh mutaxassislari tadqiqotida keltirilgan.

Ishsizlik va psixologik jarohat

Bugungi kunda dunyoda yoshlar orasida ishlamaydigan, oʻqimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmaganlarning ulushi 23,3 foizga yetdi, bu esa soʻnggi 15-yil ichida kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Ekspertlarning fikricha ushbu toifadagi yoshlarning boshdan kechirishi mumkin boʻlgan psixologik jarohatlari, istiqbolda ularning imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi xavfi yuqori.

Erkaklarning ish topish imkoniyati ayollardan 1,5 baravar yuqori

Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlarining fikricha, yosh ayollar oʻziga tengdosh erkaklarga qaraganda qiyinroq ahvolda: ular orasida ish bilan band boʻlganlar soni umumiy aholiga nisbatan ancha past. 2022-yil maʼlumotlariga koʻra dunyoda 27,4 foiz yosh ayollar ish bilan taʼminlangan, yosh erkaklarda esa bu koʻrsatkich 40,3 foizni tashkil etgan.

Boshqacha qilib aytganda, yosh erkaklarning ish topish imkoniyati yosh ayollarga qaraganda deyarli bir yarim baravar yuqori. Bu kabi gender tafovut, oxirgi 20-yilda deyarli oʻzgarmagan, oʻrta daromadli davlatlarda bu farq 17,3 foizni tashkil etsa, yuqori daromadli mamlakatlarda 2,3 foizni tashkil etgan.

BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkiloti (YUNESKO) tomonidan 2022-yilda tayyorlangan “Markaziy Osiyoning yoshlari va tinchlikni barpo etishdagi chaqiriqlar” nomli hisobotida taʼkidlanganidek, agar hozirgi kunda yoshlarning muammolariga lozim darajada eʼtibor qaratilmasa, ishsizlik, taʼlimning past sifati va iqtisodiy hamda tadbirkorlik bilimlarining yetishmovchiligi kabi muammolarning keng tarqalishi ehtimoli yuqori.

Muammoning kelib chiqish sabablari

Respublikada band boʻlmagan yoshlarning yuqori ulushi boʻyicha muammoning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladigan boʻlsak, buning sabablari orasida quyidagilarni keltirish mumkin.

OTM bitiruvchilarida ish tajribasi yetishmasligi

Birinchidan, Jahon Bankining “Oʻzbekistonda yoshlarni ish bilan taʼminlash” nomli hisobotida qayd etilganidek, taʼlim muassasalarini bitirayotgan 69 foiz yoshlarning ish tajribasi va zarur koʻnikmalari yetishmasligi sababli ishlashga tayyor emasligi.

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning “Education at a Glance” nomli yillik hisobotida keltirilgan tadqiqot natijalariga koʻra, asosan, davlatlarda taʼlim darajasi va sifati oshgan sari, ishsizlik darajasi ancha pasayishi kuzatilganligini koʻrish mumkin. Bunda, taʼlim muassasalari va siyosiy qaror qabul qiluvchilar taʼlim dasturlarini doimiy ravishda yangilab borishi va mehnat bozorining oʻzgaruvchan talablariga moslashtirishi zarurligini taʼkidlagan.

Tadbirkorlikni boshlashda yuzaga keladigan muammolar

Ikkinchidan, yoshlar tomonidan tadbirkorlikni boshlashda yuzaga kelayotgan muammolar. Tadbirkorlikni boshlash uchun kerak boʻlgan boshlangʻich kapitalni topish jarayonidagi mavjud byurokratik va korrupsion muammolar, yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari tomonidan oʻz vazifalarini toʻlaqonli amalga oshirilmayotganligini keltirish mumkin.

Bundan tashqari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilarining faoliyati yetarli darajada nazorat qilinmayotgani sababli, yoshlarga berilgan imtiyozlarning manzilli ravishda yetib bormasligi va tanish-bilishchilik hamda korrupsiya holatlari koʻpayishiga olib kelmoqda.

Misol tariqasida keltiradigan boʻlsak, birgina 2023-yil mobaynida bank sektorida 323 ta va mahalliy hokimiyat idoralarida 250 ta korrupsion vaziyatlar aniqlangani korrupsiya muammosining jiddiyligini koʻrsatmoqda. Xususan, bank xodimlari va hokim yordamchilari tomonidan imtiyozli kredit, subsidiya, yer olib berishda manfaatlarini koʻzlab tamagirlik qilayotgani yoki kam taʼminlangan yosh xotin-qizlar bandligini taʼminlashga ajratilgan maishiy texnikalar uchun moʻljallangan mablagʻlarni oʻzlashtirish kabi holatlar korrupsiyaning keng tarqalganligi va chuqur ildiz otganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga asosan Savdo-sanoat palatasi, Bandlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari vakillari va yoshlarning fikricha, tadbirkorlikni amalga oshirishdagi asosiy toʻsiqlar sifatida malaka va oʻqitish imkoniyatlarining yetishmasligi, imtiyozli kreditlardan foydalanishning cheklanganligi, barqaror kompaniyalar bilan raqobatga bardosh berolmaslik va qishloq joylarida mahalliy isteʼmol bozoriga kirish cheklanganligi keltirilgan.

Mehnat bozori shaffof emas

Uchinchidan, ish beruvchilar tomonidan xodimlarni ishga qabul qilishda shaxsiy aloqa kanallardan foydalanishi natijasida yaxshi aloqaga ega boʻlmagan yoshlarning ishsiz boʻlib qolishi ehtimolining oshishi. Bu holat, shuningdek, mehnat bozorining shaffofligiga va teng imkoniyatlar yaratilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Norasmiy kanallarga koʻproq suyanish natijasida, malakali nomzodlar ham ish topishda qiyinchilikka duch keladi.

Xalqaro va xorijiy tajriba

Yoshlarni bandligini taʼminlash boʻyicha xorijiy tajribaga toʻxtaladigan boʻlsak, Germaniyaning “Dual taʼlim” dasturini keltirish mumkin, mazkur dasturda talabalar oliy taʼlim muassasasiga qabul qilinib, bir vaqtning oʻzida OTM va kompaniyalar oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan ishga qabul qilinadi. Ushbu dastur ishtirokchilari oʻqish davomida 700 dan 1500 yevrogacha belgilangan oylik maoshni olishadi.

Dual taʼlimning har xil turlari mavjud boʻlib, ular jumlasida professional tayyorgarlik, yaʼni talabalar uchun akademik daraja va professional malaka olish dasturini, hamkor korxonada uzoq muddatli malaka oshirish dasturini, akademik daraja olishni maqsad qilgan ishlovchi mutaxassislar uchun karyeraga yoʻnaltirilgan dasturni keltirish mumkin. Taʼkidlash joizki, dual taʼlim dasturi tugaganidan soʻng, bitiruvchilarning taxminan 95 foizi muvaffaqiyatli ishga qabul qilinadi, dual kasbiy taʼlim tizimi bilan qamrab olinmaganlar uchun esa bu koʻrsatkich 80 foizni tashkil etadi.

Fransiyada EPIDE

Fransiyada yoshlar ishsizligini kamaytirish uchun 17 dan 25 yoshgacha boʻlgan diplomsiz, kasbiy malakasiz yoki jamiyatdan chetlashgan yoshlar uchun EPIDE (Establishment For Insertion Dans Lʼemploi) muassasalari tashkil etilgan. EPIDE harbiy dastur doirasida yoshlarga gʻamxoʻrlik qilib, ularni maktab-internatlarda oʻqitadi.

Ushbu muassasaga qabul qilingan yoshlar 8 oylik volontyorlik shartnomasini imzolaydilar, uni 24 oygacha uzaytirish imkoniyati mavjud. Ular har oy 460 yevro miqdorida nafaqa olishadi. Shuningdek, volontyorlar tibbiy koʻrikdan oʻtadilar va ularning sogʻligʻi oʻqish talablariga mos kelishi zarur. Yoshlar uchun oʻqish, turar joy, ovqatlanish va kiyim-kechak xarajatlari EPIDE dasturi tomonidan toʻliq qoplab beriladi.

EPIDE dasturi — kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirishni (fransuz tili va matematika boʻyicha malakani oshirish), shaxsiy umumiy tayyorgarlik kurslarini (sport va axborot texnologiyalari), maxsus tayyorgarlikni, yoʻl harakati qoidalarini oʻrganishni va haydovchilik guvohnomasini olishga tayyorlashni oʻz ichiga qamrab oladi.

Bundan tashqari, Fransiyada “Bir yoshga bir yechim” dasturi mavjud boʻlib, mazkur dastur 26 yoshgacha boʻlgan yoshlarga moʻljallangan. Ushbu dastur doimiy yoki muddatli shartnomalar boʻyicha 26 yoshgacha boʻlgan yoshlarni ishga olgan ish beruvchilarga yordam berishni nazarda tutadi. Bunda, shartnoma muddati kamida 3 oy boʻlishi va maosh miqdori eng kam ish haqining ikki baravariga teng yoki undan kam boʻlmasligi lozim. 26 yoshgacha boʻlgan yoshlarni ishga olgan kompaniyalar yoki assotsiatsiyalar ushbu sxemadan foydalanishlari va 4000 yevrogacha kompensatsiya olishlari mumkin.

COVID-19 pandemiyasi davrida yoshlarni jalb qilgan kompaniyalar uchun kompensatsiya miqdori 5 000 dan 8 000 yevrogacha oshirildi, shuningdek, yoshning chegarasi 25 dan 29 yoshga koʻtarildi.

Kanadada karyeraga muvaffaqiyatli yordam

Kanada hukumati kanadaliklarga oʻz kasbiy koʻnikmalarini oshirish va karyerada muvaffaqiyatga erishishda yordam berish maqsadida “Upgrade Your Skills“ kompaniyasini yoʻlga qoʻygan. Mazkur kompaniya 18 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan yoshlarga moliyaviy yordam va zamonaviy mehnat bozorida muvaffaqiyatga erishish hamda dasturlar haqida xabardor boʻlishi maqsadida tashkil etilgan va oʻz karyerasini boshlamoqchi, oʻzgartirmoqchi yoki yaxshilamoqchi boʻlgan yoshlarga moʻljallangan.

Talabalarni ishga qabul qilish uchun dastur

Yaponiya hukumati universitetni tamomlagan yoshlarni ishga qabul qilish uchun Shūshoku katsudō dasturini yoʻlga qoʻygan. Bu dastur biznes va ilmiy doiralar oʻrtasidagi konsensus asosida ish tajribasiga ega boʻlmagan talabalarni ishga qabul qilishni nazarda tutadi va har yili mart oyidan oktyabr oyigacha davom etadi. Mazkur vaqt mobaynida universitetlar talabalarga boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot beradilar, ishga joylashish boʻyicha seminarlar oʻtkazadilar.

Talabalar qaysi sohada ishlashni xohlashlarini tanlaganlaridan soʻng, ular imtihonlarga tayyorgarlikni darhol boshlaydilar. Tanlov jarayoni testlar va suhbatlar orqali amalga oshiriladi. Guruhli suhbatlar davomida korporativ rekruterlar talabalarning jamoada ishlash qobiliyati va liderlik salohiyatini baholaydilar, yakka suhbatlar seriyasida esa shaxsiy xususiyatlar va kommunikativ koʻnikmalarni kuzatib, talabalarning yashirin potensialini aniqlaydilar.

Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabalar mart oyida oʻqishni tugatganidan soʻng, moliya va oʻquv yilining birinchi oyida yangi ishga kirishadilar.

SkillsFuture

Singapurda SkillsFuture loyihasi joriy qilingan boʻlib, mazkur loyiha fuqarolarning koʻnikmalarini bozor talablariga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha 25 yoshdan katta yoshdagi shaxslarga moʻljallangan boʻlib, turli kasb sohalarini (muhandislik, moliya, taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy fanlar) qamrab oladi. Loyiha har yili davlat tomonidan eʼlon qilinadigan “Kelajak iqtisodiyoti uchun koʻnikmalarga boʻlgan talab” hisobotiga asosan amalga oshiriladi, bu esa fuqarolarga va kompaniyalarga ishga joylashish boʻyicha qarorlar qabul qilishda yordam beradi.

Loyiha doirasida Singapur fuqarolari 500 AQSH dollari miqdorida boshlangʻich kredit oladi va bu mablagʻlarni faqat oʻquv kurslariga sarflaydi. SkillsFuture loyihasi turli xil dasturlarni taklif qiladi, ular fuqarolarning koʻnikmalarini va bilimlarini rivojlantirishga yordam beradi. Ular jumlasida ish va oʻqish dasturlari, daromad topish va oʻqish dasturlari hamda yetakchilikni rivojlantirish tashabbusi dasturlari. Mazkur dasturlar fuqarolarning amaliy tayyorgarlik va ish tajribasini oshirishga qaratilgan boʻlib, ularning ishga joylashish imkoniyatlarini kengaytiradi.

2019-yilda oʻtkazilgan soʻrovnomada ish beruvchilarning 77 foizi SkillsFuture taʼlim dasturlari xodimlarga koʻproq masʼuliyatni oʻz zimmalariga olishlariga yordam berganini taʼkidlagan boʻlsa, 75 foizi ushbu taʼlim dasturlari kompaniyalarga qimmatli xodimlarni yollash va saqlab qolishda yordam berganini taʼkidlashgan.

Yoshlar bandligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar

Xorijiy va xalqaro tajribani inobatga olib yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muammolarni bartaraf etish hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha belgilangan maqsad va vazifalarni sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan quyidagilar taklif qilinadi.

Taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasida hamkorlik

Birinchidan, Germaniya tajribasini inobatga olgan holda talabalarning tajriba va malakasini oshirish uchun taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi aloqalarini mustahkamlash, hamkorlikning samaradorligini oshirish uchun taʼlim dasturlarini ish beruvchilarning ehtiyojlari va talablariga moslashtirish, amaliyot jarayonida talabalarning real ish sharoitida tajriba orttirishlarini taʼminlash hamda dual taʼlim dasturlari orqali olingan bilimlarni nazariy taʼlim bilan uygʻunlashtirish.

Ushbu amaliyotni qoʻllash yosh mutaxassislarning tajriba va bilimlarini oshirishga yordam beradi, ularning mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlaydi. Shuningdek, dual taʼlim dasturini tamomlagan talabalarning taxminan 90 foizi ish beruvchilar tomonidan ishga qabul qilinishi ehtimoli yuqori.

Ish jarayonini toʻliq raqamlashtirish

Ikkinchidan, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari faoliyatini nazorat qilish maqsadida ularning ish jarayonini toʻliq raqamlashtirish. Hududlardagi mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari soni bilan ularning faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar xodimlari soni oʻzaro nomuvofiq boʻlganligi sababli ularning faoliyatlarini bir vaqtning oʻzida nazorat qilib borish imkonini beruvchi platformani yaratish.

Platformani ishga tushirish natijasida yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilarining kunlik, haftalik va oylik ish faoliyati monitoring qilinadi. Monitoring natijalari asosida ularning eng faollari ragʻbatlantiriladi, sustkashlikka yoʻl qoʻygan va samarasiz ishlayotganlarga nisbatan choralar koʻriladi.

Kasblar integratsiyasi

Uchinchidan, Singapurning SkillsFuture dasturi kabi mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda yosh avlodni talab yuqori boʻlgan kasblarga samarali integratsiya qilish. Bunda, mazkur dastur talab yuqori boʻlgan kasblar va tashabbuslarni rivojlantirishga yordam beruvchi keng koʻlamli oʻquv dasturlarini taqdim etadi, natijada yoshlar va boshqa aholi guruhlarining bandlik imkoniyatlari va ijtimoiy mobilligi sezilarli darajada yaxshilanadi.

Maxsus muassasalar lozim

Shuningdek, Fransiya tajribasidan kelib chiqib 17-25 yoshdagi diplomsiz, kasbiy malakasiz yoki marginalizatsiya jarayonida boʻlgan yoshlar uchun EPIDE kabi maxsus muassasalar faoliyatini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqish. EPIDE dasturi Fransiyada yoshlarni jamiyat va mehnat bozoriga integratsiya qilishda oʻz samaradorligini isbotladi, bu esa Oʻzbekistonda ishsizlik va ijtimoiy tanglikni kamaytirishga yordam beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot olish

Toʻrtinchidan, ish izlayotgan yoshlar uchun OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot olish jarayonini takomillashtirish. Bunda Kanada tajribasini inobatga olgan holda ish.mehnat.uz milliy platformasini modernizatsiya qilish, jumladan ish beruvchilarni kengroq jalb qilish uchun Savdo sanoat palatasi va sohaviy assotsiatsiyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirish maqsadida boshqa platformalar (uzjobs.uz, myjob.uz, hh.uz, ish.uz va boshq.) bilan integratsiya masalalarini koʻrib chiqish, xorijiy ish beruvchilarni jarayonga kengroq jalb qilish uchun saytni bir necha tilda yuritish, oʻquv muassasalari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qayta tayyorlash va stajirovka dasturlarini platformaga joylashtirib borish hamda yoshlarga karyera masalalari boʻyicha maslahat va malaka oshirish xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish.

“Bitta yosh – bitta yechim”

Beshinchidan, Fransiyaning “Bitta yosh – bitta yechim” dasturi kabi ish beruvchilarni ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgani va ularni ish jarayonida koʻnikmalarga oʻrgatgani uchun ragʻbatlantirish tizimini joriy etish. Oʻzbekistonda shunga oʻxshash ragʻbatlantirish tizimini joriy etish orqali ish beruvchilarni yoshlar bilan ishlashga qiziqtirish mumkin.

Bu esa yoshlarning ish tajribasi va malakasini oshirishga, ish beruvchilarga yangi va zamonaviy fikrlaydigan xodimlar bilan ishlashga, mamlakatdagi yoshlar ishsizligi darajasini kamaytirishga hamda mehnat bozoridagi raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi.

Shu tariqa, “Bir yoshga – bir yechim” kabi dasturlar yoshlarning kelajakdagi professional rivojlanishlari uchun mustahkam zamin yaratadi va iqtisodiy rivojlanishga, ishchi kuchining malakasini va dunyo bozorida raqobatbardoshligini oshirishga hissa qoʻshadi.

Yoshlar tadbirkorligini ragʻbatlantirish

Oltinchidan, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish. Bunda innovatsion gʻoyalarga ega boʻlgan yoshlarga, biznesni boshlash uchun boshlangʻich kapital bilan taʼminlash, yaʼni imtiyozli kreditlar va grantlar tizimini joriy etish, yosh tadbirkorlarga mentorlik qilish uchun tajribali biznesmenlar va ekspertlarni jalb qilish, biznes boshqaruvi, moliya, marketing va boshqa zaruriy koʻnikmalar boʻyicha treninglar oʻtkazish, yosh tadbirkorlarning oʻzaro aloqa oʻrnatishlari uchun jamoalar va tarmoqlar yaratish.

Bu kabi chora-tadbirlar yosh tadbirkorlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, ularning biznes gʻoyalarini amalga oshirishga va iqtisodiy rivojlanishga hissa qoʻshishi mumkin.

Masalan, Kanadada Futurpreneur Canada startap dasturi 18-39 yoshdagi yosh tadbirkorlar uchun 60 000 AQSH dollargacha moliyalashtirish va ustozni taklif qiladi. Asosiy talablardan biri, nomzodlar biznes-reja ishlab chiqishlari va ikki yil davomida biznes ustozi bilan ishlashga rozi boʻlishlari kerak.

Bandlik markazlari faoliyatini qayta koʻrib chiqish

Yettinchidan, bandlik markazlari faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish. Bunda yoshlarga ish qidirish, oʻqitish, tajriba orttirish va boshqa ishga joylashish imkoniyatlarini topishda kompleks qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini yaratish.

Misol uchun, Buyuk Britaniyadagi bandlik markazlari (Jobcentre Plus) ishsizlarga, jumladan bandligi taʼminlanmagan yoshlarga keng koʻlamli xizmatlarni koʻrsatadi, ular jumlasida yoshlarga rezyume yozish, ishga joylashish va suhbatdan oʻtish uchun bepul treninglar oʻtkazish; ish topishda koʻmaklashish; tajriba orttirish va malaka olish uchun bepul oʻqitish va amaliyot oʻtash imkoniyatlarini yaratish; mahalliy mehnat yarmarkalari haqida maʼlumot bilan tanishtirish. Bu xizmatlar yoshlarga toʻgʻri yoʻnalish berishga va ularga qisqa muddat ichida ish topishga yordam beradi.