$
 12212.79
43.38
 14411.09
51.19
 159.52
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston iqlim nazorati sari: Mamlakatda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish va suvni tejashning yangi davri boshlanmoqda

Yomg

O‘zbekiston global iqlim o‘zgarishlari va suv tanqisligi sharoitida qishloq xo‘jaligi hamda ekologik barqarorlikni ta’minlashning innovatsion bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolangan 2026-yilgi davlat dasturi doirasida mamlakatimizda sun’iy yomg‘ir yog‘dirish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli pilot loyiha amalga oshirilishi belgilandi.

Osmonni "boshqarish": Xalqaro tajriba va kutilmalar

Mazkur loyihani ishlab chiqishda jahonning bu boradagi yetakchi mamlakatlari — Fransiya, Xitoy va Saudiya Arabistoni tajribasi chuqur tahlil qilinadi. Joriy yilning 1-martidan start oladigan ushbu tashabbusga Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi hamda Toshkent viloyati hokimligi mas’ul etib tayinlandi.

Mutaxassislarning prognozlariga ko‘ra, ushbu texnologiyaning muvaffaqiyatli tatbiq etilishi hududlardagi yog‘ingarchilik miqdorini tabiiy fonga nisbatan 10 foizdan 20 foizgacha oshirish imkonini beradi. Ta’kidlash joizki, bu boradagi ilk amaliy qadamlar 2025-yilda Navoiy viloyatining Konimex tumanida boshlangan edi. O‘shanda Qozog‘istonning "International Centre of Climate Change Technologies" kompaniyasi bilan hamkorlikda ilk qurilmalar o‘rnatilgan bo‘lib, yangi loyiha ushbu tajribani yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Ochiq tizimlardan yopiq quvurlarga

Davlat dasturida faqat "yomg‘ir chaqirish" emas, balki mavjud suv resurslaridan samarali foydalanish masalasiga ham alohida urg‘u berilgan. Kelgusi uch yil ichida mamlakat bo‘ylab 10 ming kilometr ochiq drenaj tarmoqlarini yopiq tizimga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Loyihaning 1-martdan boshlanadigan dastlabki bosqichida Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi 3000 kilometr uzunlikdagi kollektor-drenaj tarmoqlari modernizatsiya qilinadi. Ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilayotgan tajriba diqqatga sazovor: 2026-yil yakuniga qadar hududdagi 54,1 kilometrlik irrigatsiya tarmoqlari zamonaviy shisha tolali (stekloplastik) quvurlarga almashtirilib, bug‘lanish va sizish orqali yo‘qotiladigan suv miqdori nolga tushiriladi.

Milliardlab kub metr tejamkorlik

Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish strategiyasi doirasida jami 504 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Bu chora-tadbirlar natijasida yiliga hayratlanarli darajadagi ko‘rsatkich — 5 milliard kub metr suv iqtisod qilinishi kutilmoqda. Shuningdek, 1300 kilometrlik kanallar va sug‘orish tarmoqlarining betonlashtirilishi qo‘shimcha 500 million kub metr suvni asrab qolish imkonini beradi.

Sug‘orishning zamonaviy usullarini joriy etish ko‘lamiga ko‘ra:

  • 75,4 ming gektarda tomchilatib sug‘orish;
  • 97 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish;
  • 26,2 ming gektarda diskret (pulsar) sug‘orish usullari qo‘llaniladi.

Bundan tashqari, yerlarning unumdorligini oshirish va suvning bir tekis taqsimlanishini ta’minlash maqsadida 203 ming gektar maydonda lazerli tekislash ishlari olib boriladi. Bu islohotlarning barchasi O‘zbekistonning iqlimiy xatarlarga chidamliligini oshirish va qishloq xo‘jaligida barqaror o‘sishni ta’minlashga qaratilgan.

Теги :
Jamiyat