O‘zbekistonda Yashil xayriya jamg‘armasi ishga tushirilmoqda
2025-yil 1-martdan boshlab, O‘zbekistonda daraxt ekish va yashil hududlarni rivojlantirish uchun “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” platformalari orqali xayriya qilish imkoniyati yaratiladi.
2 daqiqa o‘qiladi

Prezidentning 23.11.2023 yildagi PF-199-son Farmoniga muvofiq 2025-yil 1-martdan jismoniy va yuridik shaxslarning ixtiyoriy xayriya ajratmalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha “Yashil olam” va “Yashil to‘lov” platformalari joriy etiladi.
Yashil xayriya jamg‘armasi tashkil etildi
Hujjat bilan Ekologiya vazirligi huzuridagi “Yashil“ xayriya jamg‘armasi to‘g‘risidagi Nizom va uning boshqaruv kengashi tarkibi tasdiqlandi.
Xayriyalar Ekologiya vazirligi huzuridagi Yashil xayriya jamg‘armasining maxsus hisobraqamiga yo‘naltiriladi va daraxt hamda butalarni ekishni tashkil etish uchun foydalaniladi.
Jamg‘arma mablag‘lari qanday ishlatiladi?
Jamg‘arma mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi:
daraxt va butalar ekish uchun ajratilgan yer uchastkalarini tayyorlash;
daraxt va butalar ekish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish;
daraxt va butalar ekilgan uchastkalarda sug‘orish tizimlarini o‘rnatish;
daraxt, buta va qalamchalarni xarid qilish;
hududni obodonlashtirish, dendrariylar, “yashil bog‘lar”, “yashil jamoat bog‘lari”, “yashil qalqon” va “yashil kamar” barpo etish ishlari;
ekilgan ko‘chatlarni uch yil davomida saqlash ishlari;
yirik o‘lchamli daraxt va butalarni yetishtirish hamda yetkazib berish.
Elektron baza va kadastr joriy qilinadi
Yashil xayriya jamg‘armasiga kelib tushadigan mablag‘lar jamiyat oldida shaffoflik va hisobdorlik tamoyillari asosida foydalaniladi.
2025-yil 1-iyunga qadar Milliy yashil farovonlik fondining elektron ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi va Davlat o‘rmon fondiga kiruvchi daraxt va butalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan o‘simlik dunyosi obyektlarining davlat kadastri yuritiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida davlat tilida e’lon qilingan va 02.12.2024 yildan kuchga kirdi.



