$
 11997.83
18.19
 13967.87
66.7
 167.31
-0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda shinam va qulay hayot kechirish uchun qancha mablag‘ kerak?

Yashash qiymati bo‘yicha dunyodagi eng yirik ma’lumotlar bazalaridan biri hisoblangan Numbeo portali statistikalariga ko‘ra, poytaxtimizda to‘rt kishilik oilaning ijarasiz oylik o‘rtacha xarajatlari taxminan 23,7 million so‘mni tashkil etadi. Yolg‘iz yashaydiganlar uchun esa bu ko‘rsatkich 6,4 million so‘m atrofida baholangan.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Toshkentda soliqlardan tashqari o‘rtacha sof ish haqi oyiga salkam 7,2 million so‘mga teng.

Xo‘sh, eng ko‘p pul nimalarga sarflanadi? Quyida poytaxt hayoti bilan bog‘liq asosiy xarajatlar tahlili bilan tanishishingiz mumkin.

Xarajatlar cho‘ntakning qaysi qismini teshib o‘tmoqda?

Numbeo hisob-kitoblariga ko‘ra, toshkentliklarning eng katta xarajatlari oziq-ovqat va birlamchi ehtiyoj mollari ulushiga to‘g‘ri kelmoqda — jami budjetning 30,4 foizi.

Qolgan xarajatlar quyidagicha taqsimlangan:

  • 26,9% — Uy-joy ijarasi;
  • 15,2% — Ko‘cha-ko‘yda (restoran va kafelarda) ovqatlanish;
  • 9,5% — Transport;
  • 8,1% — Sport va hordiq chiqarish.

Restoranda ovqatlanish narxi qancha?

Toshkentdagi hamyonbop restoranlarda bir kishilik tushlik o‘rtacha 70 ming so‘mga tushadi.

  • O‘rtacha darajadagi restoranda ikki kishilik kechki ovqat — taxminan 400 ming so‘m.
  • Tezkaror taomlanish (Fast-fud) tarmog‘idagi bir kishilik menyu — 55 ming so‘m atrofida.
  • Bir finjon kapuchino — 28,6 ming so‘m.
  • Bir shisha suv — 3 ming so‘mdan sal ko‘proq, gazlangan yaxna ichimliklar esa qariyb 8 ming so‘m.

Bozor-ochar: Kundalik savatchamiz qanchaga tushmoqda?

Numbeo ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, poytaxt bozorlari va do‘konlaridagi o‘rtacha narxlar quyidagicha:

  • 1 litr sut: 14,8 ming so‘m
  • 1 kg guruch: 21,7 ming so‘m
  • 1 o‘ram (10 dona) tuxum: taxminan 22,5 ming so‘m
  • 1 kg loxm go‘sht (mol go‘shti): 137,9 ming so‘m
  • 1 kg tovuq filesi: 48,3 ming so‘m

Meva-sabzavotlar (1 kg uchun):

  • Olma: 16,7 ming so‘m
  • Banan: 22 ming so‘m
  • Pomidor: 19,4 ming so‘m
  • Kartoshka: 7 ming so‘m
  • Piyoz: 4,8 ming so‘m

Kommunal xizmatlar va aloqa

Maydoni 85 kvadrat metr bo‘lgan xonadon uchun kommunal xizmatlar (elektr energiyasi, issiqlik tizimi, suv va chiqindi pullarini hisobga olganda) oyiga o‘rtacha 694 ming so‘mni tashkil etadi.

Mobil aloqaning oylik o‘rtacha tarifi — qariyb 49,6 ming so‘m. Tezligi 60 Mbit/s dan yuqori bo‘lgan cheksiz uy interneti esa oylik taxminan 150 ming so‘mga aylanadi.

Poytaxtda uy-joy narxlari qanday?

Ijara masalasiga kelganda, shahar markazidagi 1 xonali uyning oylik to‘lovi o‘rtacha 7,1 million so‘m, markazdan chekkaroqdagi hududlarda esa 4,3 million so‘m atrofida.

  • 3 xonali uylar: Markazda qariyb 13,8 million so‘m, chekka mahallalarda esa 7,6 million so‘m.

Agar ko‘chmas mulk sotib olishni ko‘zlayotgan bo‘lsangiz, shahar markazida uyning har bir kvadrat metri o‘rtacha 20,4 million so‘mga, chekka hududlarda esa 11,4 million so‘mga baholanmoqda.

Ta’lim va hordiq: Hamyonni eng ko‘p qiynaydigan sohalar

Toshkentdagi xususiy bog‘chalar bir bola uchun oyiga o‘rtacha 3,7 million so‘mga tushadi.

Xalqaro xususiy maktablarda o‘qish narxi esa ancha qimmat — bir o‘quvchi uchun yillik to‘lov o‘rtacha 124,7 million so‘mdan oshadi.

Sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘lganlar uchun fitnes-klubning bir oylik abonementi taxminan 661 ming so‘m, kinoteatrlardagi jahon premyeralariga bitta chipta narxi esa o‘rtacha 70 ming so‘m.

Toshkent — hanuz dunyodagi eng arzon megapolislardan biri

Numbeo tahlilchilarining xulosasiga ko‘ra, Toshkentda yashash qiymati (ijara hisobga olinmaganda) Nyu-Yorkka qaraganda 70,7 foizga arzonroq. Uy-joy ijarasi bo‘yicha esa poytaxtimiz Amerikaning ushbu megapolisidan o‘rtacha 87,3 foizga hamyonbop hisoblanadi.

Toshkent bo‘yicha keltirilgan ushbu raqamlar platforma foydalanuvchilari tomonidan taqdim etilgan 1,6 mingdan ziyod narx ko‘rsatkichlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, oxirgi marta 2026-yil 30-may holatiga ko‘ra yangilangan.

Теги :
Jamiyat