$
 12084.95
-51.97
 14182.90
-8.8
 159.31
-0.68
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaponiya o‘zbekistonliklar uchun mehnat bozorini ochmoqda: oylik maoshlar 2000 dollardan boshlanadi

-

Yaponiya demografik pasayish oqibatlariga tobora keskinroq duch kelmoqda. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, aholining 29 foizdan ortig‘i allaqachon 65 yoshdan yuqori, 2035-yilga borib esa mehnatga layoqatli fuqarolar soni yana bir necha million kishiga kamayishi mumkin. Shu fonda logistika, qurilish va xizmat ko‘rsatish sohasi kabi muhim tarmoqlarda kadrlar yetishmovchiligi iqtisodiyot uchun tizimli muammoga aylanmoqda.

Aynan shu sharoitda Yaponiya biznesi tobora ko‘proq Markaziy Osiyoga — eng avvalo O‘zbekistonga yuzlanmoqda.

Oyiga 2 000 dollardan: o‘zbekistonliklarga nimalar taklif qilinmoqda?

Xorijiy ishchi kuchini qonuniy va tizimli ravishda jalb etishga ixtisoslashgan Proud and Partners yapon kompaniyasi O‘zbekiston mutaxassislarini Yaponiyada ishlashga tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli dasturni ishga tushirganini e’lon qildi.

Kompaniya prezidenti Ryudzi Sudzukining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari uchun mutaxassislik va malaka darajasiga qarab oyiga 2 000 AQSh dollaridan boshlanadigan va undan yuqori maoshlar nazarda tutilgan. Yaponiya mehnat bozori uchun bu, ayniqsa jismoniy va amaliy mehnat sohalarida, raqobatbardosh shartlar hisoblanadi.

Dastlabki bosqichda loyiha yuk tashuvchi transport vositalari haydovchilarini tayyorlashga qaratilgan bo‘lsa-da, hamkorlik faqat shu yo‘nalish bilangina cheklanib qolmaydi.

Shunchaki ish emas, balki “kalit topshirish” asosidagi tayyorgarlik

Yapon yondashuvining asosiy farqi — tartibsiz yollashdan voz kechishidadir. Buning o‘rniga Proud and Partners bo‘lajak xodimlarni hali o‘z vatanidayoq tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda:

  • yapon tilini o‘rganish;
  • kasbiy tayyorgarlik va malaka oshirish;
  • Yaponiya mehnat standartlari va madaniyatiga moslashish;
  • aniq ish o‘rinlariga keyingi joylashtirish.

Bunday format ish beruvchilar uchun ham, xodimlarning o‘zi uchun ham xatarlarni kamaytirib, mehnat migratsiyasining barqaror modelini shakllantiradi.

Logistikadan umumiy ovqatlanish va qurilishgacha

Loyiha bosqichma-bosqich kengayib bormoqda. Qoraqalpoq davlat universiteti bilan hamkorlikda umumiy ovqatlanish sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash dasturi allaqachon ishga tushirilgan. Dastlabki bosqichda 100 nafarga yaqin kadrni o‘qitish rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Yaponiya iqtisodiyotida eng katta kadrlar tanqisligi kuzatilayotgan sohalardan biri — qurilish tarmog‘i uchun ham shunga o‘xshash dasturlarni yo‘lga qo‘yish ustida ish olib borilmoqda.

Bugungi kunda 500 nafarga yaqin mutaxassis faol tayyorgarlik bosqichida bo‘lib, istiqbolda loyiha ko‘lamini 5 000 kishigacha kengaytirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

Nega aynan O‘zbekiston?

Dunyo agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda yapon tadbirkorlari Markaziy Osiyodagi barcha davlatlar orasida aynan O‘zbekistonga eng katta investitsion qiziqish bildirmoqda. Bunga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:

  • yosh va tez sur’atlarda o‘sib borayotgan aholi;
  • iqtisodiyot va migratsiya sohasidagi faol islohotlar;
  • kadrlarning kasbiy tayyorgarlik darajasi tobora oshib borayotgani;
  • mamlakatning mintaqadagi strategik geografik o‘rni.
Теги :
Jamiyat