$
 11853.55
6.39
 13869.84
26.43
 141.86
0.42
weather
+26
Кечаси   +14°

“Yangi Toshkent — zamonaviy shaharsozlikning noyob yutug‘i” – Aliyev: Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliev Yangi Toshkentga bordi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif davomida Ozarbayjon rahbariga megashaharning bosh rejasi, amaldagi qurilish jarayonlari, transport hamda muhandislik infratuzilmasi va kelajakdagi rivojlanish bosqichlari to‘g‘risida batafsil taqdimot o‘tkazildi.

Yangi Toshkent

Yangi shahar 20 ming gektar umumiy maydonda barpo etilayotgan bo‘lib, kelgusida bu yerda 2 million nafar aholi istiqomat qilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 2034-yilga qadar hududda 200 mingta xonadon barpo etilishi belgilangan. Loyihaning 6 ming gektarlik dastlabki bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes maskanlari, shuningdek, ta’lim hamda madaniyat obyektlari bunyod etilmoqda. Xususan, bu yerda “Yangi O‘zbekiston” universiteti va Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti kabi oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qad ko‘tarmoqda.

Ushbu shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” hamda energiya samaradorligi mezonlariga birinchi galdagi e’tibor qaratilmoqda. Barcha muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostidan o‘tkazish, energiya tejamkor texnologiyalarni tatbiq etish, keng ko‘lamli yashil hududlar hamda ochiq jamoat makonlarini yaratish ko‘zda tutilgan. Transport tarmog‘i ham megaloyihaning muhim bo‘g‘inidir: yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar hamda velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning amaldagi hududlari bilan uzviy bog‘laydi. Shu bilan birga, bu yerda davlat idoralari, ilmiy-madaniy markazlar, mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish va biznes majmualari barpo etilib, jarayonga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb etilmoqda. Tashrif davomida Prezident Ilhom Aliyevga shahar maketi hamda rejalashtirilgan yirik obyektlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Pedagogika universitetining yangi kampusi foydalanishga topshirildi

Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ravishda ochib berishdi. Marosim doirasida davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali poyida daraxt ekishdi. Prezidentlarga majmuadagi qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi hamda majmuani kelgusida rivojlantirish planlari taqdim etildi.

Umumiy maydoni 40 gektar bo‘lgan ushbu kampus ikki bosqichda barpo etilmoqda. Majmua to‘liq ishga tushgach, 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari va 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini o‘z ichiga oladi. Birinchi bosqich doirasida 12 ming talaba mo‘ljallangan besh qavatli o‘quv korpusi hamda zamonaviy laboratoriya majmuasi foydalanishga topshirildi.

Davlat rahbarlari kampusda talabalar va tadqiqotchilar uchun yaratilgan sharoitlar, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirishdi. Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkirining hayoti, boy ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy-adabiy aloqalar aks ettirilgan. Muloqot chog‘ida yetakchilar ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi sheriklik ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish hamda yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim poydevor ekanini ta’kidlashdi.

Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘i

Prezidentlar Yangi Toshkentda “Ozarbayjon” bog‘ini barpo etish ishlariga ham start berishdi. Mazkur majmua uchun 4 gektar maydon ajratilgan bo‘lib, bu yerda Ozarbayjonning boy madaniyati, tarixi hamda milliy an’analarini o‘zida mujassam etgan zamonaviy jamoat makoni barpo etiladi va u ikki xalq dostligining yorqin timsoliga aylanadi.

Ushbu tashabbus ikki tomonlama xarakterga ega bo‘lib, bundan oldin Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga davlat tashrifi chog‘ida Boku shahrining “Oq shahar” hududida 4,5 gektar maydonni egallaydigan “O‘zbekiston” bog‘iga tamal toshi qo‘yilgan edi. Bokudagi majmuada O‘zbekistonning boy madaniyati, an’analari, milliy me’morchilik maktabi, tarixiy obidalarning me’moriy ko‘rinishlari, yashil hududlar va sayr maskanlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Tashrif yakunida davlat rahbarlari Toshkentdagi bo‘lajak “Ozarbayjon” bog‘i hududiga ramziy kapsula qo‘yib, loyihani rasman boshlab berishdi.

Теги :
Jamiyat