$
 11801.23
-22.46
 13737.81
-59.25
 136.73
-3.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Shavkat Mirziyoyev qatag‘on qurbonlari xotirasini yod etdi

Shavkat Mirziyoyev

28-avgust kuni poytaxtimizdagi Shahidlar xotirasi xiyobonida qatag‘on qurbonlarini yod etish marosimi o‘tkazildi. Mazkur marosimda davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, ulamolar, nuroniylar va ziyolilar qatnashdi. Qatagʻon qurbonlarini yod etish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi. Vatan fidoyilari haqiga Qurʼon tilovat qilinib, duo oʻqildi. Elga osh tortildi.

Ajdodlar jasoratiga ehtirom

Davlatimiz rahbari xiyobondagi ramziy qabr yonida ulamolar hamda ziyolilar bilan muloqot qilib, tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini tiklash va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash masalalariga to‘xtaldi.

“Shu kunlarda el-yurtimiz bilan birgalikda mustaqilligimizning 35 yilligini katta xursandchilik bilan kutib olyapmiz. Oʻttiz besh yildan buyon hech kimga qaram boʻlmasdan, mana shunday tinch va tiniq osmon ostida erkin va farovon yashayapmiz. Bu – katta baxt, bebaho boylik. Shunday ulugʻ kunlarda istiqlol va ozodlik yoʻlida halok boʻlgan qahramon ajdodlarimizni eslash, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirish – muqaddas burchimiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari fidoyi ajdodlar qahramonligi hech qachon unutilmasligi, ularning jasorati xalqimiz uchun ma’naviy kuch manbai bo‘lib qolishini ta’kidladi.

“Barcha islohotlarimiz markazida turgan “Inson qadri uchun!” degan ezgu gʻoya jasur ota-bobolarimizning ruhlarini shod etish, orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarish boʻyicha ishlarimizni yanada kuchaytirishni talab etadi. Aziz insonlar xotirasi qancha eʼzozlansa, bugungi tinch hayotimiz, milliy istiqlolimiz qadri shuncha oshadi”, – dedi prezident.

Muzeylar ekspozitsiyasini boyitish

Keyingi yillarda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Shahidlar xotirasi xiyobonidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uning ekspozitsiyasi zamonaviy texnologiyalar, raqamli tizimlar hamda sun’iy intellekt vositalari yordamida boyitildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi qatag‘on qurbonlari muzeylari ham zamon talablari asosida jihozlanib, ularning fondlari dunyo bo‘ylab to‘plangan noyob hujjatlar va fotosuratlar bilan to‘ldirilmoqda.

2021-2025-yillar oralig‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ortiq qatag‘on qurbonlari oqlandi. Joriy yilda esa sobiq mustabid tuzum davrida nohaq ayblanib, turli muddatlarga qamalgan hamda o‘limga hukm etilgan yana 161 nafar vatandoshimizning nomi rasman oqlandi.

So‘nggi besh yilda jadid bobolarimiz merosini o‘rganishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar muntazam tashkil etilmoqda. Nohaq qurbon bo‘lgan vatandoshlarimizning nomlari aniqlanib, ularning faoliyati, ilmiy hamda ijodiy merosi o‘rganilmoqda va bu ma’lumotlar kitoblar, matbuot hamda ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.

Muloqot chog‘ida o‘tgan asrning 80-yillarida ham minglab vatandoshlarimiz “paxta ishi”, “o‘zbek ishi” kabi soxta ayblovlar bilan siyosiy qatag‘onga uchragani qayd etildi. 1983-1990-yillarda 40 ming nafar o‘zbekistonlik tergov qilinib, shulardan 5 ming nafari jinoiy javobgarlikka tortilgan edi. Bugungi kunda bu borada ham tarixiy adolatni tiklash ishlari izchil davom ettirilmoqda.

Tinchlik va do‘stona hamkorlik – Yangi O‘zbekistonning qat’iy yo‘li

Dunyo miqyosida qurolli mojarolar hamda siyosiy qarama-qarshiliklar kuchayib, yaqin mintaqalarga kirib kelayotgani tashvishli holat ekani ko‘rsatib o‘tildi. Bu omil mamlakatimizdagi tinchlikni qadrlash va yanada hamjihat bo‘lib yashashni talab etadi.

“Bizning yoʻlimiz – tinchlik, doʻstlik va hamkorlik yoʻli. Oʻzbekiston ushbu yoʻldan hech qachon ortga qaytmaydi”, – dedi davlatimiz rahbari.

Bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari dunyoning istalgan mamlakatiga emin-erkin borib kelmoqda, davlatimiz barcha mamlakatlar bilan tenglik asosida hamkorlik qilmoqda. Bu holat mustamlakachilik zanjirlari va “paxta qulligi”dan butunlay ozod bo‘linganining amaliy ifodasidir.

Hayot va kelajakni bilim hamda ma’rifat asosida qurish, uzoq-yaqin mamlakatlar bilan do‘stona hamkorlik qilish Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim sharti hisoblanadi. Buyuk jadid bobolarimizning millatni uyg‘oqlikka, bilim va ma’rifatga chaqirgan kurash hamda ma’rifat maktabi bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q.

Sifatli ta’lim va ma’rifiy bunyodkorlik

Shu bois, yoshlarning sifatli ta’lim olishi hamda vatanparvar insonlar bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. So‘nggi o‘n yilda oliygohlar soni 77 tadan 205 taga yetkazildi, qabul kvotalari oshirildi. Dunyoning TOP-100 taligiga kiradigan oliygohlarda 3 ming 500 dan ziyod o‘zbekistonlik yoshlar ta’lim olmoqda. Maktab va maktabgacha ta’lim tizimlarida ham tegishli o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.

“Yoshlarni milliy gʻurur asosida tarbiyalashga alohida ahamiyat berishimiz kerak. Milliy gʻurur – insonning qalbini, yuragini, butun vujudini kuch-gʻayratga toʻldiradigan qudratli kuch. Milliy gʻururi bor odam hech qachon yengilmaydi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Poytaxtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi barpo etildi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi qaytadan bunyod qilindi, Marg‘ilonda Burhoniddin Marg‘inoniy nomidagi markaz ishga tushirildi. Ushbu bunyodkorlik ishlari Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti tinchlik, do‘stlik, bilim va ma’rifat yo‘li ekanini tasdiqlaydi.

So‘nggi o‘n yilda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida 100 mingdan ortiq yurtdoshimiz hojilik maqomiga ega bo‘ldi. Davlatimiz rahbari diniy jamoatchilik jamiyatda mehr-oqibat muhitini mustahkamlash hamda yoshlar tarbiyasida yanada faol ishtirok etishiga ishonch bildirdi.

“Bugun mana shu tabarruk maskanda turib, tinch-osoyishta hayotimiz, erishayotgan yutuqlarimiz uchun Yaratganga behisob shukronalar aytamiz. Mana shunday ozod va farovon kunlarni orzu qilib, armon bilan oʻtgan qahramon ota-bobolarimiz, jasur momolarimizning ruhlari shod boʻlsin! Yurtimiz tinchlik, taraqqiyot va farovonlik diyori sifatida yanada gullab-yashnasin! Alloh taoloning oʻzi Vatanimizni panohida asrasin!”, – dedi prezident.

Теги :
Jamiyat