$
 11857.35
-33.83
 13746.23
-7.11
 139.32
-2.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Xorazm viloyatida 176 million dollarlik 12 ta loyiha ishga tushirildi

Prezident

O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududi sanalgan Xorazm viloyatida so‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, investitsiya muhitini tubdan yaxshilash hamda tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Hududning kompleks rivojlanishi natijasida makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar keskin oshib, ijtimoiy-iqtisodiy sohada sezilarli o‘zgarishlar kuzatildi.

Sarmoyaviy oqim

Oxirgi to‘qqiz yil mobaynida Xorazm viloyatida daromadi yuqori bo‘lgan ish o‘rinlarini tashkil etish maqsadida 7,5 milliard AQSh dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi va 9,7 mingta yangi ishlab chiqarish hamda xizmat ko‘rsatish quvvatlari foydalanishga topshirildi. Shuningdek, kichik va o‘rta biznes subyektlarining istiqbolli loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun 33 trillion so‘mdan ortiq kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.

Kiritilgan sarmoyalar va imkoniyatlar samaradorligi aholining turmush darajasida o‘z aksini topdi. Jumladan, hudud aholisining real daromadlari 2 barobarga ko‘paydi. Mehnat bozorida ham tarkibiy o‘zgarishlar yuz berib, sanoat va qurilish sohalarida band bo‘lganlar ulushi 18 foizni, xizmat ko‘rsatish tarmog‘ida esa 55 foizni tashkil etmoqda. Manzilli choralar natijasida kambag‘allik darajasi 4,4 foizgacha pasaytirildi, ishsizlik esa 2 barobarga qisqarib, 4,5 foiz darajasida qayd etildi. E’tiborlisi, viloyatdagi 72 ta mahalla “ishsizlik va kambag‘allikdan holi” hudud maqomiga ega bo‘ldi.

Transport tizimi va turizm salohiyatining yuksalishi

Transport hamda turizm infratuzilmasini zamonaviylashtirish yo‘nalishida ham salmoqli natijalarga ershildi. So‘nggi to‘qqiz yillik davr ichida 280 ta yangi mehmonxona va mehmon uylari barpo etilib, joylashtirish fondi 4 barobarga kengaytirildi hamda 11 ta yangi turizm maskani o‘z faoliyatini boshladi. Oxirgi besh yil ichida viloyatga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlar oqimi 10 barobarga oshdi.

Infrauzilmani rivojlantirishning mantiqiy davomi sifatida Mustaqillik bayrami arafasida Urganch xalqaro aeroportidan Xiva shahrigacha bo‘lgan elektrlashgan temir yo‘l liniyasi rasman foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga, mamlakatimizdagi ilk pulli avtomobil yo‘li hisoblangan Urganch–Xiva yo‘nalishi ishga tushirilmoqda. Ushbu yangi magistral Urganchdan Xivagacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish vaqtini 45 daqiqadan 20 daqiqaga qisqartirish imkonini beradi.

Joriy yil boshidan Urganch va Xiva shaharlari, shuningdek Tuproqqal’a va Urganch tumanlarida kimyo, mashinasozlik, qurilish materiallari hamda turizm sohalaridagi yangi loyihalarni joylashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Sanoat ehtiyojlari uchun 195 gektar yer maydonining toifasi o‘zgartirilib, elektr va yo‘l infratuzilmasini yaxshilash maqsadida 100 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi ta’minlandi.

Prezident bayonoti

Xiva shahridagi “Farovon Khiva Hotel” majmuasida Prezidentimiz ishtirokida Xorazm viloyatidagi yangi quvvatlarni ishga tushirish va yirik istiqbolli loyihalar qurilishiga start berishga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida hududiy rivojlanish strategiyasiga alohida to‘xtalib o‘tdi:

“Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarimizning ilk kunlaridan yangi ish oʻrinlarini yaratish va zamonaviy quvvatlarni ishga tushirishni asosiy yoʻnalish sifatida belgilab olganmiz. Shu maqsadda Xorazm viloyati boʻyicha ham alohida dastur va qarorlarni tasdiqlab, mablagʻini ham, masʼullarini ham aniq belgilab, ishlarni tashkil qilyapmiz”, – dedi davlatimiz rahbari.

Solishtirish uchun ta’kidlash joizki, agar 2016-yilda Xorazm viloyatiga jalb qilingan xorijiy investitsiyalar hajmi bor-yo‘g‘i 30 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 2 milliard dollardan oshmoqda.

Marosim davomida davlat rahbari navbatdagi bosqichda amalga oshiriladigan ishlar hajmini e’lon qildi.

“Bu ishlarimizning davomi sifatida bugun sizlar bilan 176 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiramiz. Shuningdek, xorijiy hamkorlar ishtirokida barpo etiladigan 7 milliard 424 million dollarlik 15 ta yangi quvvat qurilishiga start beramiz”, – dedi prezident.

Xalqaro hamkorlikda amalga oshiriladigan strategik loyihalar

Tadbirda start berilgan va ishga tushirilgan yangi loyihalar doirasida dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda yirik quvvatlar barpo etilishi belgilangan:

Tuproqqal’a tumanida Birlashgan Arab Amirliklarilik hamkorlar bilan birgalikda umumiy qiymati 6 milliard AQSh dollariga teng bo‘lgan ekologik aviatsiya yoqilg‘isi ishlab chiqarish loyihasiga kirishildi. Ushbu texnologik majmuaga Xitoyning “Sinopec” kompaniyasi jalb etilgan bo‘lib, hozirda yer maydonini tayyorlash va loyiha-hujjatlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Slovakiya sarmoyadorlari bilan hamkorlikda 5 ming gektar qumli yer maydonlarini o‘zlashtirish hamda 170 million dollarlik bioetanol ishlab chiqarish korxonasini barpo etish rejalashtirilgan. Hozirgi bosqichda 1,5 ming gektar maydonda amaliy ishlar boshlab yuborildi.

Urganch shahrida Yaponiya investitsiyalari hisobiga 30 million dollarlik, 250 o‘ringa mo‘ljallangan zamonaviy mehmonxona hamda savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilmoqda. Ushbu obyektni 2027-yilda to‘liq foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

Saudiya Arabistoni kompaniyasi bilan birgalikda viloyat markazida zamonaviy qozonxona barpo etilib, 183 ta ko‘p qavatli turar joy hamda 37 ta ijtimoiy soha obyektini issiqlik va elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash quvvatlari yaratiladi. Turkiyalik hamkorlar bilan davlat-xususiy sheriklik asosida ixtisoslashtirilgan oftalmologiya klinikasi tashkil etiladi.

Urganch tumanida Janubiy Koreya investorlari ishtirokida respublikamizda ilk marotaba maishiy chiqindilarni yopiq sikl usulida qayta ishlab, 71 megavatt “yashil” energiya hosil qiluvchi loyiha amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 100 million dollarni tashkil etadi.

Bundan tashqari, Xiva shahriga tutash bo‘lgan 26 gektar maydonda 120 million dollarlik “Sahro yulduzi” zamonaviy turistik majmuasi, Urganch tumanida 26 million dollar qiymatidagi mis sanoati klasteri hamda 60 million dollarlik optik tolali kabellar ishlab chiqarish korxonasi barpo etiladi.

Shuningdek, Al-Xorazmiy shaharchasida 5 ming talabaga mo‘ljallangan oliy ta’lim muassasasi, mehmonxona, dam olish va savdo majmualari, Urganch shahrida esa xorijiy va mahalliy sarmoyadorlar uchun “Investorlar uyi” binosi qurilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ushbu loyihalarni to‘liq amalga oshirish natijasida hududda 6,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Marosim yakunida davlatimiz rahbari ushbu bunyodkorlik loyihalarida faol qatnashayotgan xorijiy hamkorlar, sarmoyadorlar va jamoatchilik vakillariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. So‘ng Prezident ramziy tugmani bosib, yangi obektlarni ishga tushirdi hamda navbatdagi qurilish ishlariga start berdi. Tadbir doirasida xorijiy investorlar va viloyat faollari bilan samimiy muloqot bo‘lib o‘tdi.

Теги :
Jamiyat