Shanba, 17-oktabr, 2026
Havo 87 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
🌤 +17° kechasi +10°

“Og‘ir” bolalarning “yengil” qo‘llari

Og‘ir kasallikka chalingan bolalarning san’at asarlari qo‘yiladigan xayriya auksioni O‘zbekistonda ham borligidan xabaringiz bormidi?

3 daqiqa o‘qiladi

“Og‘ir” bolalarning “yengil” qo‘llari

Har yili minglab bolalar davolanishi qiyin bo‘lgan, gematologik yoki onkologik kasalliklarga chalinadi. Har oilada sharoit har xil. Kimlardir bolasini davolash uchun pul topadi, qolganlari esa yo‘q. Buning ortidan esa turli xil xayriya tadbirlari kelib chiqadi.

Chet eldagi xayriyalar

Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida aynan shunday kasalliklarga chalingan bolalarning davolanishi uchun ko‘plab xayriya tadbirlari bor. Bunga misol qilib mahalliy aholining eski buyumlarini yarmarkada sotib, pulini xayriya qilishi yoki o‘sha davlatning mashhur san’atkorlari tomonidan xayriya konsertlari uyushtirilishini keltirishimiz mumkin. Albatta, ushbu konsertlardan tushgan pul bolalarning davolanishiga sarflanadi. Ushbu xayriyalarning yana bir turi bor. Uning ajralib turadigan jihati shundaki, unda kasal bo‘lgan bolalarning o‘zlari chizgan suratlari yoki o‘z qo‘llari bilan yasagan buyumlarining auksioni bo‘lib o‘tadi. To‘g‘ri, ular haqiqiy rassom yoki san’atkor emasdir, lekin ushbu xayriya tadbiridan asosiy maqsad bolalarning davolanishi. Tadbirda ko‘plab tashrif buyuruvchilar u yerdagi bolalarning san’at asarlarini auksion orqali xarid qilishadi hamda auksiondan tushgan mablag‘ bolalarni davolashga sarflanadi.

O‘zbekistonda bunga munosabat qanday?

Aynan chizilgan suratlar bilan bog‘liq xayriya auksioni O‘zbekistonda ham mavjud. Ajablanarli tarafi, ushbu tadbir hech qanday davlat tashkiloti yoki davlat xodimi tomonidan tashkil qilinmagan. Ushbu xayriya auksioni bir necha yildan buyon “Sen kuchlisan” loyihasi tomonidan uyushtirilib boriladi. Achinarlisi, u yerga tashrif buyuruvchilar barmoqlar bilan sanoqli.

Auksionning navbatdagi mavsumi

Shuningdek, ushbu loyiha doirasida Toshkent shahar yoshlar ijodiyot markazida gematologik va onkologik kasalliklar bilan kurashayotgan bolalar chizgan suratlarning ko‘rgazmasi hamda auksioni bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada 150 dan ziyod bolalarning 1000 ga yaqin o‘z qo‘llari bilan yaratgan buyumlari, chizgan rasmlari namoyish etildi. Yuqorida ta’kidlanganidek, ushbu auksionda ham anchayin kam odam qatnashib, suratlarni sotib olgan.

Eng qimmat surat rekordi yangilandi

Auksionda eng yuqori narxda sotilgan surat o‘z rekordini yangiladi. Joriy auksionda sotilgan suratda 12 nafar bemor bolalarning kaft izlari aks etgan. Ma’lum qilinishicha, mazkur surat og‘riqli tarixga ega. Hozirda ushbu suratga qo‘l izi tushgan 12 nafar bolaning bir nafarigina tirik, xolos. Qolganlari og‘ir kasalliklar bilan kurashib birin-ketin nobud bo‘lgan.

Tadbirda qatnashgan Rasul Kusherbayev:

Loyiha tashabbuskorlari faol fuqarolar. Ular qayerdadir katta lavozimda o‘tirgan amaldorlar emas, oddiy insonlar. Ya’ni yon-atrofda bo‘layotgan hodisalarga, insonlar dardiga befarq bo‘lmaganlar. Ularga rahmat aytaman. Har kim ham vaqtini, mablag‘ini sarflab xayriya ishlariga qo‘l urmaydi. Tadbir noan’anaviy bo‘libdi. Birinchi marta qatnashib, surat sotib oldim. Ishonchim komilki, bu mablag‘lar o‘g‘ir dard bilan kurashayotgan bolalarga sarflanadi.

Loyiha tashabbuskorlaridan biri Abror Zohidov:

– Tadbirimizda ikkita rekord qayt etildi. Shu paytgacha eng ko‘pi 800 tacha rasm qatnashgan bo‘lsa, bugun 1000 dan ziyod suratlar ya’ni umidlar ishtirok etdi. Suratlarni chizgan bolalar umid bilan nima bo‘larkan, sotilarmikan, deb ko‘z tikib turishibdi. Ikkinchi rekord esa bu “Umid” nomli suratimiz 22 million so‘mga sotildi. Savol tug‘ilishi tabiiy – qolgan suratlar nima bo‘ladi? Bilamizki hammasi ham sotilmaydi. Bugun sotuvdan tushgan mablag‘larni hamma mualliflarga teng taqsimlab beramiz. Bundan maqsad: hech bir bemor bola noumid bo‘lmasin.

Biz xohlardikki, ko‘proq odam kelishini va faolroq bo‘lishini. Bugun auksionda 15-20 ta odam faol qatnashdi. Nima ham derdik boriga shukur, shunchalik e’tibor qaratib, qatnashganlari uchun ham.

Diyora Abdujabborova, Facebook faoli:

Loyiha keng quloch yozayotgan bo‘lsa-da, hamon unga qiziquvchilar ko‘p emas. Ijtimoiy faollar bunday tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashi, suratlar sotilishi, bolalarga yana-da ko‘proq yordam va e’tibor berishga hissa qo‘shishlari kerak. Davlat tashkilotlarining ham ishtiroki va qo‘llovi ta’minlansa (Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi) ayni muddao.