$
 12102.39
-33.37
 13990.36
-77.41
 153.08
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Eron neftining “yuragi”: Xark oroli dunyo siyosatida qanchalik muhim?

xark

Yaqinda Yaqin Sharqda boshlangan urushning dastlabki ikki haftasida AQSh va Isroil Eron hududidagi ko‘plab harbiy va energetika obyektlariga zarba berdi. Shu qatori Eron va dunyo mamlakatlari uchun juda muhim bo‘lgan Xark oroli ham hujumlardan chetda qolmadi.

Bu orol garchi juda kichik bo‘lsa ham, u Eron iqtisodiyoti uchun nihoyatda muhim. Sababi mamlakat eksport qiladigan neftning taxminan 90 foizi aynan shu orol orqali tashiladi. Shuning uchun unga hujum qilish vaziyatni yanada keskinlashtirib yuborishi mumkin. Kech AQSh bu orolda joylashgan ayrim harbiy obyektlarga zarba berdi. Ammo rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, neft bilan bog‘liq inshootlarga zarba berilmagan. AQSh prezidenti Donald Tramp esa Eron Hormuz bo‘g‘ozidan kemalarning o‘tishini to‘sishda davom etsa, neft obyektlariga ham zarba berilishi mumkinligini aytgan.

Nega bu orol shunchalik muhim?

Xark oroli — Fors ko‘rfazida, Eron qirg‘og‘idan taxminan 25 kilometr uzoqlikda joylashgan kichik marjon orolidir. Uning maydoni Nyu-Yorkdagi Manxetten hududining taxminan uchdan bir qismiga teng. Har kuni Eronning Ahvaz, Marun va Gachsaran kabi eng yirik neft konlarida millionlab barrel neft quvurlar orqali aynan shu orolga olib kelinadi. Qattiq harbiy nazorat tufayli eronliklar uni ba’zan “taqiqlangan orol” deb ham atashadi. Orolda juda uzun port inshootlari mavjud. Bu joylarga hatto ulkan neft tanker kemalari ham bemalol kelib yuk olishi mumkin. Shu sabab Xark oroli Eron neftini dunyoga chiqaradigan eng muhim markaz hisoblanadi. Eron eksport qiladigan neftning 90 foizi aynan shu yerda yuklanadi.

Eron iqtisodiyoti uchun hayotiy ahamiyatga ega

Xark oroli Eron iqtisodiyotida juda muhim rol o‘ynaydi. Hatto 1984-yilda CIA tayyorlagan hujjatda ham bu joy “Eron neft tizimidagi eng muhim obyekt” deb ta’riflangan. Isroil muxolifati yetakchilaridan biri Yair Lapid ham agar bu terminal yo‘q qilinsa, Eron iqtisodiyotiga juda katta zarba bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Hozir Eron dunyo neftining taxminan 4,5 foizini yetkazib beradi. Mamlakat har kuni taxminan 3,3 million barrel xom neft va yana 1,3 million barrel boshqa suyuq yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqaradi. Urush boshlanganidan beri ham Xark orolida neft tankerlariga yuk ortish deyarli to‘xtamasdan davom etayotgani aytilmoqda. Bu haqda tankerlar harakatini kuzatib boradigan kompaniyalar ham ma’lum qilgan.

Urushdan oldingi haftalarda esa Eron bu orol orqali neft eksportini rekord darajaga yaqin miqdorgacha oshirgani haqida ham xabarlar bor. Mutaxassislarning aytishicha, Xark orolida taxminan 30 million barrel neft saqlash imkoniyati mavjud. Hozir esa u yerda 18 million barrelga yaqin neft zaxirasi saqlanmoqda.

Xark oroliga nima bo‘ldi?

Donald Tramp juma kuni AQSh harbiylari Yaqin Sharq tarixidagi eng kuchli bombardimonlardan birini amalga oshirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar natijasida Xark orolidagi harbiy obyektlar yo‘q qilingan. Tramp Truth Social tarmog‘iga joylagan videolarda AQSh zarbalari oroldagi aeroport va uchish-qo‘nish yo‘lagiga berilgani ko‘rinadi. CNNning yozishicha, hujumlar katta miqyosda bo‘lgan, ammo neft bilan bog‘liq inshootlarga tegilmagan. Harbiy manbalar zarbalar asosan dengiz minalari saqlanadigan joylar, raketa omborlari va boshqa harbiy obyektlarga qaratilganini yozdi. Eron rasmiylari esa orolda 15 dan ortiq portlash bo‘lganini aytgan, ammo neft infratuzilmasi zarar ko‘rmaganini bildirgan.

Shu bilan birga Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozi orqali kemalarning o‘tishiga to‘sqinlik qilishda davom etsa, oroldagi neft obyektlariga ham zarba berilishi mumkinligini aytdi.

Bu hujum urush va neft narxlariga qanday ta’sir qiladi?

Eron rasmiylari agar mamlakatning neft yoki energetika infratuzilmasiga zarba berilsa, mintaqadagi AQShga yaqin kompaniyalarga tegishli obyektlarga ham javob zarbalari berilishini aytdi. Mutaxassislarning fikricha, bu zarbalar urushdagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. AQSh harbiy generalining aytishicha, avvaliga gap faqat harbiy obyektlar haqida ketayotgan edi, ammo endi Eron iqtisodiyotining eng muhim manbasi — neft tizimi ham nishonga olinishi mumkin.

Uning aytishicha, AQSh Xark orolini bosim vositasi sifatida ishlatmoqda. Maqsad — Eronni Hormuz bo‘g‘ozidan kemalarning erkin o‘tishiga majbur qilish. Generalning aytishicha, agar Xark orolidagi neft infratuzilmasiga zarba berilsa, Eron ham Yaqin Sharqdagi boshqa neft obyektlariga hujum qilishi mumkin. Bu esa neft narxlarini yanada keskin oshirib yuborishi ehtimoli bor.

Mutaxassislarning fikricha, agar Xark orolidagi neft inshootlari jiddiy zarar ko‘rsa, ularni tiklash uchun Eron bir necha oy, hatto bir yildan ko‘proq vaqt sarflashi mumkin. Chunki mamlakat hali ham G‘arb sanksiyalari ostida. Shu sabab zarur texnologiya, mutaxassis va moliyaviy resurslarni topish qiyin bo‘lishi mumkin.

Keyin nima bo‘ladi?

Mutaxassislar vaziyat yanada keskinlashishi mumkinligini aytmoqda. Eron avval ham AQSh ittifoqchilari joylashgan Oman va Bahrayndagi neft saqlash omborlariga zarba bergan. Shuningdek, Fors ko‘rfazida neft tankerlariga ham hujumlar bo‘lgan. Eron Islomiy inqilob gvardiyasi ham agar Eron energetika obyektlariga hujum qilinsa, butun mintaqadagi neft va gaz infratuzilmasiga zarba berilishi mumkinligini aytgan.

Bu voqealar fonida AQSh Yaqin Sharqqa tezkor javob beruvchi dengiz piyodalari bo‘linmasini yuborishini ham ma’lum qildi. Taxminan 2 500 nafar harbiydan iborat bu kuch zarur bo‘lsa tezkor operatsiyalarni amalga oshirishi mumkin. Ba’zi ekspertlar hatto AQSh kuchlari Xark orolini egallab olish ehtimoli haqida ham gapirmoqda. Biroq bunday operatsiya katta miqdordagi quruqlik qo‘shinlarini talab qiladi. Hozircha AQSh hukumati bunday qarorga kelmagan.

Теги :
Jamiyat