$
 12175.34
4.67
 14063.74
15.14
 154.29
1.99
weather
+26
Кечаси   +14°

12 mlrd. soʻmlik davlat xaridlari noqonuniy oʻtkazilgani fosh bo‘ldi

xaridlar

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi qator hududlarda davlat xaridlari oʻtkazilishi bilan bogʻliq qonun buzilishi holatlarini aniqladi.

4,4 mlrd. soʻmlik tanlov savdolarida qonun buzilishi holatlari

2024-yil davomida oʻtkazilgan jami 4,4 mlrd. soʻmlik tanlov savdolarida qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan. Jumladan:

Sogʻliqni saqlash boshqarmasi — 3,5 mlrd. soʻmlik 2 ta;

Madaniyat boshqarmasi — 490 mln. soʻmga yaqin 3 ta;

Yoshlar ishlari boshqarmasi — 250 mln. soʻmlik 1 ta.

Qonunbuzilish holatlari hududlar kesimida

Toshkent shahri

Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi buyurtmachiligida 3 ta 2,1 mlrd. soʻmdan ortiq hamda Yashnobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimi tomonidan 1,3 mlrd. soʻmga yaqin 3 ta tender savdolarida qonun buzilishlari aniqlandi.

Andijon viloyati

Andijon shahri maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimi buyurtmachiligidagi boshlangʻich narxi 200 mln. soʻmga yaqin va Shahrixon tumani tibbiyot birlashmasining 900 mln. soʻmga yaqin eng yaxshi taklif savdolari bekor qilingan. Shuningdek, Kardiologiya dispanseri tomonidan 170 mln. soʻmlik tender savdosi boʻyicha boʻyicha ish qoʻzgʻatilib, belgilangan tartibda tegishli koʻrsatmalar berilgan.

Jizzax viloyati

Iyul-avgust oylarida oʻtkazilgan oʻrganishlar davomida ijtimoiy sohadagi oʻtkazilgan jami 850 mln. soʻmga yaqin tanlov savdolarida qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgani aniqlangan. Jumladan:

Keksalar, urush va mehnat faxriylari uchun Jizzax sanatoriyasida 49,9 mln. soʻmlik;

Mirzachoʻl tuman tibbiyot birlashmasida 360,8 mln. soʻmlik;

RID va KIATMning Jizzax viloyat hududiy filialida 210,0 mln. soʻmlik;

Sharof Rashidov tumani tibbiyot birlashmasida 20 mln. soʻmlik;

Zafarobod tuman maktabgacha va maktab ta’limi boʻlimida 200,0 mln. soʻmlik.

Samarqand viloyati

Oqdaryo tumani madaniyat boʻlimi buyurtmachiligida 310 mln. soʻmlik hamda Kattaqoʻrgʻon shahri drama teatri tomonidan 40 mln. soʻmga yaqin tender savdolarida qonun buzilishi holatlari ma’lum boʻldi.

Qashqadaryo viloyati

Qarshi tumani tibbiyot birlashmasi tomonidan 107 mln. soʻmga yaqin tanlov savdosida tanlov takliflarini baholash mezonlarini belgilashda qonun buzilishi holatlariga yoʻl qoʻyilgan.

Namangan viloyati

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan 31 ta boshlangʻich narxi 610 mln soʻmdan ortiq davlat xaridlarida savdolarda raqobatni cheklaydigan yoki cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan harakatlar aniqlangan.

Sirdaryo viloyati

Sirdaryo viloyati Barkamol avlod bolalar maktabi buyurtmachiligida 162 mln. soʻmlik tender savdosida “Raqobat toʻgʻrisida”gi va “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi qonunlar talablari buzilgan.

Toshkent viloyati

Oqqoʻrgʻon tibbiyot boʻlimi tomonidan qariyb 133 mln. soʻmlik tanlov savdosida xarid ishtirokchilari takliflarini baholashning aniq tartibi va tamoyillari belgilanmagan va shu sababdan xarid komissiyasi tomonidan baholash ixtiyoriy ravishda, yagona yondashuvsiz, ballarni taqsimlash orqali amalga oshirilgan.

Navoiy viloyati

Navoiy shahri maktab va maktabgacha ta’lim boʻlimi tomonidan 2023-yildagi 10 ta 660 mln. soʻmlik hamda 2024-yildagi 460 mln. soʻmga yaqin davlat xaridlarida tanlov hujjati va yigʻilish bayonidagi mezonlar bir-biriga nomuvofiq holda ishlab chiqilgani va ishtirokchilar uchun raqobatni cheklashga olib kelishi mumkin boʻlgan talablar kiritilgani aniqlandi.

Xorazm viloyati

Hududiy boshqarma davlat boshqaruv organlari tomonidan qabul qilingan hujjatlarni va yozishmalarni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq arizalarining qanoatlantirilishini oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

Unda aniqlanishicha, Xorazm viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi barcha davolash profilaktika muassasalari rahbarlariga Texnopark MChJdan maishiy va sanoat elektrotexnika mahsulotlarini xarid qilish hamda Renessans Islohotlari MChJning targʻibot materiallarini xarid qilish tavsiya qilgani aniqlangan.

Shuningdek, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi barcha boʻlimlariga Intellekt Xorazm MChJning baholash xizmatlaridan foydalanish va 2024 yil uchun “Ilk qadam” jurnaliga va bir qancha gazeta-jurnallariga obuna boʻlish, bundan tashqari, ikkita tadbirkorlik sub’ektini targʻib qilishni taklif qilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi

Xoʻjayli tumani tibbiyot birlashmasida oʻtkazilgan oʻrganishda metrologiya tekshirishidan oʻtkazilmagan jihozlardan koʻrsatilgan xizmatlari uchun iste’molchilardan olingan mablagʻlar qayta hisob-kitob qilingan. Natijada portativ EKG uchun apreldan avgust oyigacha boʻlgan muddat oraligʻida 192 nafar iste’molchidan 3 631 000 soʻm olingani aniqlangan. Pullarni iste’molchilarga qaytarish toʻgʻrisida koʻrsatma berildi.

Ushbu holatlar yuzasidan tashkilotlarga nisbatan ish qoʻzgʻatildi yoki taqdimnomalar kiritildi. Bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatma berildi, ayrim mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sud organlariga yuborildi.