Qishki Osiyo o‘yinlari yakunlandi
Xitoyning Xarbin shahrida Qishki Osiyo o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Mezbon Xitoy mamlakati umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
1 daqiqa o‘qiladi

Kuni kecha Xitoyning Xarbin shahrida Qishki Osiyo o‘yinlari o‘z yakuniga yetdi. Musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etdi.
O‘zbekiston musobaqani 5-pog‘onada yakunladi
O‘zbekiston sport delegatsiyasi mazkur o‘yinlarda bitta oltin medal bilan 5-o‘rinni band etdi. Figurali uchuvchilarimiz Dmitriy Chigirev va Yekaterina Geynish tandemi tomonidan juftlik bahslarida qo‘lga kiritilgan oltin medal delegatsiyamiz uchun yagona medal bo‘ldi va bu kuchli beshlikka kirishimizni ta’minladi. Musobaqa mezboni Xitoy mamlakati umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni oldi. O‘yinlar davomida 9 ta mamlakat vakillarigina medal qo‘lga kirita olishdi. Musobaqaning umumiy jadvali quyidagi fotoda aks etgan.

Qishki Osiyo o‘yinlari va O‘zbekiston
Ushbu musobaqada O‘zbekiston 26 yildan so‘ng qishki Osiyo o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritdi. Xarbin shahrida o‘tkazilgan IX qishki Osiyo o‘yinlari 7-14 fevral kunlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston sportchilari bundan avvalgi oltin medalni 1999-yilda Janubiy Koreyaning Kangvon shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida qo‘lga kiritgan. O‘shanda figurali uchishda Tatyana Malinina yakkalik bahslarida birinchi bo‘lgan.



