$
 12198.28
-30.3
 14241.49
-41.49
 156.57
0.61
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar pullarini asosan uy-joy ta’miriga sarflayapti

Xarajat

Kuni kecha bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari uchun moliyaviy farovonlikning poydevori rasmiy ish haqi bo‘lib qolayotgani haqida xabar bergan edik. unga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashganlarning mutlaq ko‘pchiligi, ya’ni 67 foizi aynan oylik maoshni o‘zining asosiy daromad manbai sifatida qayd etgan.

Shuningdek, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan 2025-yilning IV choragi yakunlari bo‘yicha aholining iste’mol kayfiyati tahlili mamlakatimizdagi moliyaviy tendensiyalarning qiziqarli manzarasini ochib berdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uchun uy-joy ta’miri va ta’lim eng ustuvor xarajat yo‘nalishlari bo‘lib qolmoqda.

Optimistik kutilmalar ustunlik qilmoqda

O‘tkazilgan so‘rovnomalar aholining kelajakka bo‘lgan ishonchi yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Xususan, respondentlarning qariyb 67 foizi yaqin istiqbolda o‘z daromadlari o‘sishini bashorat qilgan bo‘lsa, chorak qismi (25 foizi) moliyaviy holati barqaror saqlanib qolishiga ishonadi. Faqatgina 8 foiz aholi daromadlar pasayishidan xavotirda.

Daromad guruhlari kesimida qaralganda, oyiga 7-10 million so‘m topadiganlar orasida optimizm kuchaygan. Aksincha, 20 million so‘mdan yuqori maosh oluvchilar o‘rtasida o‘sish kutilmalari biroz pasayib, ko‘proq barqarorlikka intilish kuzatilgan. Shuningdek, respondentlarning 67 foizi uchun asosiy daromad manbai rasmiy ish haqi ekani ma’lum bo‘ldi, bu esa iqtisodiyotning legallashib borayotganidan dalolat beradi.

Sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, IT, OAV, davlat boshqaruvi va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari o‘z moliyaviy kelajagiga ijobiy baho bermoqda. Qurilish, ta’lim va kommunal xizmat tarmoqlarida esa daromad o‘sishi bo‘yicha kutilmalar nisbatan pastroq.

Ta’mirdan to sayohatgacha

Iste’molchilarning xarajatlar rejasi ham o‘ziga xos tarzda shakllanmoqda. Respondentlarning 76 foizi kelgusi oylarda sarf-xarajatlari oshishini kutmoqda. Qiziqarlisi shundaki, o‘rta va o‘rtadan yuqori daromadga ega qatlam (5 milliondan 20 million so‘mgacha) ko‘proq xarajat qilishni rejalashtirgan bo‘lsa, eng kam va eng ko‘p daromad ko‘ruvchilar tejamkorlikka moyillik bildirgan.

Bugungi kunda o‘zbekistonliklar uchun eng dolzarb xarajat — bu uy-joy ta’miri. Bu yo‘nalish barcha daromad guruhlari uchun birdek muhim. Shuningdek, ta’lim olish va farzandlar o‘qishi uchun mablag‘ ajratish ham umummilliy tendensiyaga aylangan. Hatto daromadi past bo‘lgan oilalar ham ta’limni eng asosiy sarmoya sifatida ko‘rmoqda.

Daromad miqdoriga qarab ehtiyojlar o‘zgarishi ham yaqqol ko‘rinadi. Masalan, oyiga 20 million so‘mdan ortiq topadigan fuqarolar ko‘proq avtomobil xaridi, ko‘chmas mulk investitsiyasi va xorijiy sayohatlarni reja qilgan. Yuqori daromadli qatlamning 13 foizi esa uy jihozlari va mebel sotib olishni ko‘zlamoqda.

Avlodlararo farqlar

Iste’mol savatchasining shakllanishida yosh omili ham muhim rol o‘ynaydi:

  • 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar asosan o‘z ta’limi va shaxsiy uy-joyini tartibga keltirishga mablag‘ yo‘naltirmoqda.
  • 31-50 yosh oralig‘idagi aholi uchun uy ta’miri bilan birga, farzandlar ta’limi, sog‘liqni saqlash va oilaviy tantanalar ustuvor hisoblanadi.
  • 51 yoshdan oshganlar esa asosiy e’tiborni salomatlikni tiklashga va farzandlarining to‘y marosimlarini o‘tkazishga qaratmoqda.

Kelgusi oylarda bozorda uy-joy ta’miri uchun qurilish materiallari, ta’lim xizmatlari va tibbiy xizmatlarga bo‘lgan talab yuqori darajada saqlanib qolishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat