$
 11889.95
-44.66
 13717.44
-70.61
 143.93
-0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

15 million qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari 32 ming dollarga sotuvga qo‘yildi

eGov

Darknet tarmog‘ida Qozog‘iston Respublikasining 15 million nafar fuqarosiga tegishli shaxsiy ma’lumotlar bazasi sotuvga chiqarildi. Mamlakat aholisi 20,5 million kishidan oshishini inobatga olsak, bu ko‘rsatkich aholining salmoqli qismini qamrab olganini ko‘rish mumkin.

0,5 bitkoinlik ma’lumotlar

“Mash” nashri tarqatgan xabarga ko‘ra, ushbu axborotlar bazasini tarmoqqa shymzz13 nikli foydalanuvchi joylashtirgan. Hajmi taxminan 2,7 gigabaytni tashkil etuvchi ushbu fayl umumiy hisobda 47 million qatordan iborat. Sotuvchining ta’kidlashicha, ushbu bazadan fuqarolarning pasport ma’lumotlari, telefon raqamlari, elektron pochta manzillari, parollari, ish joylari haqidagi axborotlar hamda rasmiy hujjatlarining skaner qilingan nusxalari o‘rin olgan.

Kiberjinoyatchi ushbu barcha ma’lumotlar uchun 0,5 bitkoin, ya’ni taxminan 32 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ talab qilmoqda. U ushbu shaxsiy ma’lumotlarni “eGov” davlat xizmatlari tizimidagi zaiflikdan foydalanib qo‘lga kiritganini da’vo qilmoqda. Biroq, ushbu vajning qanchalik haqiqatga mos kelishi hozircha rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.

Rasmiylarning munosabati

Ta’kidlash joizki, bu kabi ma’lumotlar sizib chiqishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. 2025-yilda ham ochiq manbalarda qozog‘istonliklarga tegishli 16,3 millionta yozuvni o‘z ichiga olgan baza paydo bo‘lgan edi. Unda fuqarolarning familiyasi, ismi, otasining ismi, JSHSHIR (IIN), tug‘ilgan sanasi, yashash manzili, telefon raqamlari hamda boshqa bir qator shaxsiy ma’lumotlari joy olgan.

O‘shanda Sun’iy intellekt va raqamli rivojlanish vitse-ministri Dosjan Musaliyev ushbu ma’lumotlar tizimning to‘g‘ridan-to‘g‘ri buzib kirilishi natijasida emas, balki boshqa yo‘llar bilan sizdirilgan bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Ilgari surilgan taxminlardan biriga ko‘ra, jinoyatchilar amaldagi hisob yozuvlariga (akkauntlarga) kirish huquqini qo‘lga kiritgan, ya’ni login va parollar begona shaxslarga berib qo‘yilgan yoki o‘g‘irlangan bo‘lishi ehtimoli yuqori deb baholangan. Shuningdek, Musaliyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ma’lumotlarning asosiy qismi 2022-yildayoq o‘g‘irlangan bo‘lishi va keyinchalik baza vaqti-vaqti bilan qisman yangilanib turilgan bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat