$
 12171.61
-24.39
 14117.85
-23.41
 149.80
-1.94
weather
+26
Кечаси   +14°

AQSh ortidan Buyuk Britaniya ham O‘zbekistonning JSTga kirishini to‘liq qo‘llab-quvvatladi

JST Buyuk Britaniya

O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni yana bir muhim bosqichdan o‘tdi. Buyuk Britaniya rasmiylari O‘zbekistonning JSTga qo‘shilish harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi JST bo‘yicha maxsus vakil Azizbek Urunovning Londonga tashrifi chog‘ida ma’lum qilindi. 

Tashrif doirasida Britaniya biznes va savdo vazirining o‘rinbosari Garet Tomas, Tashqi ishlar vazirligi vakillari va xalqaro ekspertlar bilan muzokaralar o‘tkazildi. Britaniya rasmiylari O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim iqtisodiy hamkor sifatida ko‘rishini ta’kidlab, JSTga a’zo bo‘lish yo‘lidagi harakatlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashlarini tasdiqladi. Shu bilan birga, Buyuk Britaniya Jahon banki ko‘magida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar dasturi doirasida O‘zbekistonga texnik yordam berishni ham kengaytirishga kelishib oldi. Ushbu dastur O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayonida mutaxassislar salohiyatini oshirish va xalqaro savdo bo‘yicha bilim va tajribani kengaytirishga qaratilgan.

London, Toshkent va JST muzokaralari

O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha faollikni oshirgan. 2024-yil oxirida Filippin, Salvador, AQSh, Xitoy, Pokiston va Tailand bilan muzokaralar muvaffaqiyatli yakunlandi. Tomonlar O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishini intiqlik bilan kutayotganini bildirgan edi. Londondagi uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha JST bo‘yicha maxsus vakil Azizbek Urunov O‘zbekistonning a’zolik jarayonida yana bir muhim qadam qo‘yilganini ta’kidladi. JSTga qo‘shilish masalasi O‘zbekiston uchun ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. 2024-yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Yevropa iqtisodiy kunlarida ham bu boradagi muzokaralar jadallashgani ta’kidlangan edi.

O‘zbekistonning JSTga a’zoligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023-yil avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga kirishini uzoqni ko‘zlab qabul qilingan strategik qaror sifatida baholagan edi. Shuningdek, Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev 2026-yilda Kamerunda o‘tkaziladigan 14-vazirlar konferensiyasigacha O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi rejalashtirilayotganini bildirgan edi.

O‘zbekiston JST a’zoligini qo‘lga kiritsa, mamlakat xalqaro savdo maydonida erkinroq harakatlanish, eksport hajmini oshirish, yangi investorlarni jalb qilish va biznes muhiti yanada yaxshilanishiga erishishi mumkin bo‘ladi. JST talablariga moslashish esa milliy qonunchilikni jahon standartlariga moslashtirish, savdo to‘siqlarini kamaytirish va iqtisodiy ochiqlikni kuchaytirish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat