Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +22° kechasi +9°

Ilm-fanda ayollar oldidagi to‘siqlar: O‘zbekistonda olima ayollarning 65 foizi ijtimoiy bosimni his qiladi

Bunga gender stereotiplari, moliyaviy qiyinchiliklar va oilaviy majburiyatlar sabab bo‘layotgani aytilmoqda.

3 daqiqa o‘qiladi

Ilm-fanda ayollar oldidagi to‘siqlar: O‘zbekistonda olima ayollarning 65 foizi ijtimoiy bosimni his qiladi

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollarning ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi faolligi sezilarli darajada oshdi. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, oxirgi besh yil ichida ilm bilan shug‘ullanuvchi ayollar soni 18 foizga oshgan, bugungi kunda esa olimlarning 48 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Olima ayollar ortmoqda

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, xotin-qizlarning 72 foizi ilm-fan sohasiga qiziqish bildirgan va o‘zlarini shu yo‘nalishda sinab ko‘rish istagini bildirgan. Bu esa ilm-fan rivojida ayollarning rolini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Ilm-fan yo‘lidagi ayollar qanday muammolarga duch kelmoqda?

Xotin-qizlarning ilm-fanga jalb qilinishi bugungi kunda global muammo sifatida ko‘tarilayotgan masalalardan biri. Garchi so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ayollar uchun yangi imkoniyatlar yaratilayotgan bo‘lsa-da, ular hali ham ilmiy faoliyatga to‘liq jalb etilish jarayonida qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda.

iImiy faoliyatni tanlagan xotin-qizlarning 65 foizi ijtimoiy to‘siqlar bilan yuzlashayotganini bildirgan. Bunga ko‘plab omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, ayrim oilalarda qizlarning ilm bilan shug‘ullanishi ikkinchi darajali masala sifatida ko‘riladi, ularning ilm-fan yoki akademik faoliyatga kirib borishi odatiy hol emas. Jamiyatdagi ayrim stereotiplar ham bu jarayonga salbiy ta’sir o‘tkazadi. Ko‘pchilik ayollar o‘z intilishlarini oila yoki ijtimoiy majburiyatlar oldida qurbon qilishga majbur bo‘ladi.

Moliyaviy muammolar

Bundan tashqari, 48 foiz respondent ayollar ilm-fan bilan shug‘ullanish uchun moliyaviy yetishmovchilik muammo ekanini ta’kidlagan. Ilm-fan sohasiga kirib borish uchun tadqiqot olib borish, ilmiy ishlanmalar bilan shug‘ullanish, xalqaro konferensiyalarda qatnashish va akademik resurslardan foydalanish zarur. Biroq, bularning barchasi ma’lum miqdorda mablag‘ talab qiladi. Afsuski, bu borada barcha ayollar teng imkoniyatlarga ega emas. Ilmiy grantlar va stipendiyalar soni ortib borayotgan bo‘lsa-da, ularning har doim ham barcha talabgorlar uchun yetarli emasligi aniq.

Oila va kasbiy faoliyatni muvozanatlashtirish

Ilm-fan bilan shug‘ullanayotgan ayollar uchun yana bir jiddiy muammo — oila va kasbiy faoliyatni muvozanatlashtirish. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 53 foiz ayollar ilmiy faoliyat va oilaviy majburiyatlarni uyg‘unlashtirishda qiyinchiliklarga duch keladi. An’anaviy qarashlar hali ham kuchli bo‘lgan jamiyatda ayolning asosiy vazifasi — uy ishlari, bola tarbiyasi va oila parvarishi ekani haqida tushunchalar mavjud. Bu ilm-fan bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarga qo‘shimcha bosim yaratadi.

Ko‘pgina ayollar ilmiy faoliyat va shaxsiy hayot o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘lmoqda. Ayniqsa, tadqiqot olib borish va ilmiy natijalarga erishish uchun uzoq yillar mobaynida izlanish talab qilinadi. Shunday sharoitda uy va tadqiqotchilik faoliyatini bir vaqtning o‘zida olib borish ba’zan deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi. Natijada ko‘plab iste’dodli xotin-qizlar ilm-fan yo‘nalishidan chetlashib ketadi.

Ayollarda oliy ta’limga intilish

Biroq bu qiyinchiliklarga qaramay, O‘zbekistonda ilm-fan sohasida faoliyat yuritayotgan ayollar soni ortib bormoqda. Ular yirik ilmiy loyihalarda ishtirok etib, katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda. Xotin-qizlar ilmiy faoliyatga jalb etilishi jamiyatning umumiy taraqqiyoti uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, ilm-fanda gender tengligi ta’minlanishi orqali yangiliklar va innovatsiyalar sohasida yangi qirralar ochiladi, ilmiy yutuqlarning doirasi kengayadi.

Ta’lim va ish faoliyatida teng imkoniyatlar bo‘lishi kerak

So‘rovda ishtirok etgan fuqarolarning 81 foizi erkaklar va ayollar uchun oliy ta’lim birday muhim ekanini ta’kidlagan. Chunki oliy ma’lumot kelajakda obro‘li ish topish va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lish uchun zarur omil hisoblanadi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, jamiyatimizda ayol nafaqat oilaviy hayot bilan shug‘ullanib, bolalar tarbiyasi va ro‘zg‘or yumushlariga mas’ul bo‘lishi, balki ish faoliyatida ham muvaffaqiyatli bo‘lishi mumkin, degan qarash kuchayib bormoqda. 78 foiz respondent aynan shu fikrni qo‘llab-quvvatlagan.