$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

III jahon urushi deb bashorat qilinayotgan mojaro boshlandi: Hozirgacha nimalar ma’lum?

War Foto: ABC

Yaqin Sharqda vaziyat keskin tus oldi. AQSh va Isroil Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini rasman e’lon qildi. Mazkur harbiy harakatlar nafaqat mintaqa, balki butun dunyo diqqat markazida turibdi. Quyida voqealar rivoji va hozirgi holat tafsilotlarini taqdim etamiz.

Harbiy operatsiyalarning boshlanishi

AQSh prezidenti Donald Tramp maxsus video murojaat bilan chiqib, Eronning “shafqatsiz rejimi”ni yo‘q qilish maqsadida keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi. AQSh Mudofaa vazirligi ushbu amaliyotni “Epik g‘azab” (“Epic fury”) deb nomladi. O‘z navbatida, Isroil tomoni ham Eronga nisbatan o‘z harbiy harakatlarini boshlaganini tasdiqlab, uni “Yahudiy qalqoni” deb atadi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu operatsiyani Isroil va AQShning terrorchi rejimga qarshi birgalikdagi kurashi deb baholadi. Isroil mudofaa kuchlari (SAXAL) vaziyat keskinlashishi fonida zaxiradagi 70 ming askarni harbiy xizmatga safarbar etdi.

Asosiy nishonlar va hujum ko‘lami

Hozirgacha olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Eron hududidagi 30 ga yaqin strategik nuqtalarga zarbalar berilgan. Asosiy hujumlar poytaxt Tehronning markaziy qismlariga, xususan, Prezident qarorgohi, Milliy xavfsizlik idorasi va Ekspertlar kengashi binosi joylashgan hududlarga qaratilgan. Shuningdek, Eronning Isfahon, Qum, Karaj, Tabriz, Kermanshoh va Luriston viloyatlarida ham kuchli portlashlar qayd etildi.

Zarbalar asosan quyidagi ob’ektlarni nishonga olgan:

  • Eron ballistik raketalari va ularni uchirish qurilmalari;
  • Raketa sanoati va harbiy-dengiz kuchlari inshootlari;
  • Razvedka shtab-kvartirasi va vazirlik binolari (Mudofaa va Razvedka vazirliklari);
  • Eron atom energiyasi tashkiloti ob’ektlari.

Hujumlar boshlanishi bilan Tehronning ayrim qismlarida mobil aloqa va internet butunlay uzilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab internet aloqasi odatdagi darajadan 4 foizgacha tushib ketgan.

Eronning javob choralari va ichki vaziyat

Eron mazkur hujumlarga javob qaytarishni boshladi. Isroil armiyasining ma’lum qilishicha, Eron hududidan Isroil tomon kamida 30 ta raketa otilgan. Tel-Aviv va mamlakatning shimoliy hududlarida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgan, trevoga signallari yangramoqda. Shuningdek, Iordaniya, Bahrayn va Livan osmonida ham xavf signallari eshitilgan.

Eron hukumati o‘z fuqarolarini AQSh harbiy bazalari joylashgan BAA, Quvayt, Qatar, Bahrayn va Iordaniya kabi davlatlarni zudlik bilan tark etishga chaqirdi. Tehron ko‘chasida esa vahima kuzatilmoqda: yoqilg‘i quyish shoxobchalarida uzun navbatlar yuzaga kelgan, ko‘plab aholi poytaxtni tark etishga urinmoqda.

Reuters agentligining xabar berishicha, Eron oliy rahbari oyatulloh Ali Xomanaiy xavfsiz joyga ko‘chirilgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda Eron armiyasi bosh qo‘mondoni Amir Hotamiy o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda.

Siyosiy murojaatlar

Donald Tramp o‘z murojaatida Eron xalqiga yuzlanib, “ozodlik soati yaqinlashayotganini” aytdi va xavfsizlik kuchlarini qurollarini tashlashga chaqirdi. Isroilning “Mossad” razvedka xizmati ham fors tilidagi kanallarida eronliklarni rejimga qarshi kurashishda faol bo‘lishga va ushbu jarayonlarni videoga olib ulashishga undadi.

Eronning sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham harbiylarga murojaat qilib, ularni xalq tomoniga o‘tishga, aks holda “rejim bilan birga cho‘kib ketishlari” haqida ogohlantirdi. Binyamin Netanyaxu esa ushbu kampaniya Eron tarkibidagi barcha xalqlar — forslar, kurdlar, ozarlar, belujlar va ahvazlar uchun zulmdan qutulish imkoniyati ekanini ta’kidladi.

Xalqaro munosabat

Isroil rasmiylarining bildirishicha, ushbu harbiy kampaniya to‘rt kunlik intensiv zarbalarni o‘z ichiga oladi va shundan so‘ng “Tehron avvalgi ko‘rinishida bo‘lmaydi”. AQShning Qatar va BAA dagi elchixonalari o‘z fuqarolari hamda xodimlariga zudlik bilan xavfsiz boshpanalar topish va ehtiyot choralarini ko‘rishni buyurdi.

Ayni damda Eron va Isroil o‘z havo hududlarini fuqarolik aviatsiyasi uchun butunlay yopgan. Vaziyat o‘ta qaltisligicha qolmoqda va harbiy harakatlar ko‘lami kengayishi kutilmoqda.

Теги :
Jamiyat