$
 12964.43
-30.16
 14744.45
-17.4
 158.28
0.6
weather
+26
Кечаси   +14°

"Volkswagen" O‘zbekistonda o‘zining birinchi dilerlik markazini taqdim etib, yangiliklari bilan e’tiborni tortmoqda

vw

Bugun, 27-iyul kuni Toshkentda «Volkswagen»ning birinchi rasmiy dilerlik markazi ochildi va «Volkswagen Caddy» avtomobillarining savdosi boshlandi. Savdoda «Volkswagen Caddy» mini-vanlari uch xil komplektatsiyada taqdim etilgan: Cargo, Kombi va Trendline. Ushbu avtomobillar biznes yuritish uchun ham, oilaviy foydalanish uchun ham mos keladi. Shuni ta'kidlash kerakki, narxlar chet eldagi o‘xshash modellarning narxidan past.

Eslatib o‘tamiz, O’zbekistondagi Volkswagen brendi 2019-yil yanvar oyida O‘zbekiston Prezidenti Germaniyaga qilgan tashrifidan keyin tashkil etilgan. Ushbu tashrif doirasida loyihaning g‘oyasi ilgari surilgan va keyinchalik Jizzax Avtomobil Zavodi bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan edi.

O‘zbekistonda Volkswagen brendining biznes yuritishda joriy qilgan yangi yondashuvlar ko‘pchilik tomonidan ijobiy baholandi. Ular orasida aksessuarlar va brend buyumlarning keng tanlovi, xariddan keyingi xizmat ko‘rsatish tizimi, ERP tizimi va yuqori standartlarga muvofiq xizmat ko‘rsatishga tayyor xodimlar jamoasi alohida e’tiborni tortadi.

Dilerlik markazlari shahar aholisi zich joylashgan hududlarga qulay lokatsiyalarda joylashtirilgan. Masalan, birinchi lokatsiya Sergelidagi avtomobil bozori yaqinida joylashgan. Bundan tashqari, korxona test-drayvni ham yo‘lga qo‘yib, mijozlarga osonroq qaror qabul qilish imkoniyatini taqdim etishga xizmat qiladi. Shuni yana ta’kidlash kerakki muassasa o’zbek avtosanoatida ilk bora ERP tizimini ham taqdim etmoqda.

Kuzatganimizga ko‘ra, Volkswagen aksessuarlar tarkibiga turli tashqi bezaklar, ichki aksessuarlar, xavfsizlik jihozlari, texnologik qurilmalar va individuallashtirish elementlari kiradi. Quvonarlisi, ular hamyonbop narxlarda taklif etilib, qulaylik, xavfsizlik va avtomobilni o‘ziga xos qilishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Ularning sotuvdan keyingi xizmatlari rejalashtirilgan texnik xizmatlar, moy va filtrlarni almashtirish, kafolatli va uzaytirilgan kafolat dasturlari, diagnostika va avtomobilni yuvish kabi xizmatlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, zavod kafolatini saqlash, 2 yillik kafolat, sinovdan o‘tgan va eski modellar uchun original qismlar taklif etiladi. Mazkur xizmatlar avtomobilni ishonchli foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.

Bu haqda korxonaning sotuvdan keyingi xizmat bo‘yicha menejeri Obid Isaxodjayev shunday deydi:

— Keltirilgan xizmat darajasining chet eldagi boshqa filiallardan farq qilmasligi uchun bizning korxona jiddiy mehnat qildi va ko‘plab maxsus treninglar o‘tkazdi. Treninglar davomida xodimlarimizga nafaqat Volkswagen brendining mahsulotlari va xizmatlari haqida, balki korxonaning global xizmat ko‘rsatish falsafasi va mijozlarga yondashuv tamoyillari haqida ham to‘liq tushuncha berildi. Shu orqali biz mijozlarga taqdim etiladigan xizmat har doim yuqori sifatli bo‘lishini va har bir mijozning ehtiyojlari inobatga olinishi uchun har tomonlama tayyor bo‘lishga intildik.

Shu bilan birga, Volkswagen brendi uchun ishlab chiqilgan ERP-tizimi alohida e’tiborga loyiq. Tizim zahiralarni boshqarish, buyurtmalar, moliyaviy jarayonlar va dilerlik faoliyatini nazorat qilish kabi ta’minot tizimining asosiy vazifalarini hal etishga yordam beradi. Ushbu yondashuv O‘zbekiston avtomobil sanoati uchun yangilik bo‘lib, sohaga yangi standartlarni olib kirishi kutulmoqda.

Ta’kidlangan texnologiya bo‘yicha kompaniyaning biznes va ta’minot tizimini rivojlantirish menejeri va ERP-tizimini ishlab chiqish loyihasi rahbari Sohibxon Salihov quyidagicha izoh berdi:

"-Ushbu tizim korxona ichida ishlab chiqilib, O‘zbekiston avtomobil bozorining qonunchilik talablari va xususiyatlariga moslashtirilgan. ERP tizim hududiy kengayishni tezlashtirish, ta’minot zanjirining ko‘rinuvchanligini ta'minlash va mijozlarga maxsus ilova va Telegram-kanal orqali ma’lumot olish imkonini yaratadi. Shuni alohida ta'kidlash lozimki, raqobatchilarimiz orasida bunday kompleks texnologiyaga ega bo‘lgan tizim yo‘q, bu esa uni mamlakatimiz avtomobil sanoati uchun muhim ahamiyatga egaligini isboti"

Albatta, mazkur yangi xususiyatlar mijozlarga brend bilan bog‘liq birinchi taassurotlarning ijobiy bo‘lishiga va potensial xaridorlar bilan o‘zaro manfaatli munosabatlarni shakllantirishga yordam berishiga ishonamiz. Hamda, mijozlarni jalb qilishga qaratilgan bu tashabbuslar mahalliy avtomobil bozorida xizmat ko‘rsatish sohasidagi raqobatni rivojlantirishga yordam beradi, deb umid qilamiz.

O‘zbekiston avtomobil bozori Volkswagen brendining ochilishini sabrsizlik bilan kutgan edi va bu nihoyat amalga oshdi. Eng muhimi, ochilishdan so‘ng kompaniya avtomobil sohasida va iste'molchilar uchun yangiliklar taqdim etdi. Ishonamizki, bu yangi yondashuvlar mahalliy xaridorlar uchun muammolarni kamaytirishga va ularning hayotini qulaylashtirishga yordam beradi.