$
 11952.73
15.13
 14021.75
60.73
 159.48
0.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Qozog‘iston “oltin vizasi”: Mamlakat nimani ko‘zlayapti?

Kaz

Ostona global maydonda inson kapitali va investitsiyalar uchun kurashda yangi bosqichga qadam qo‘ymoqda. Mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev tomonidan imzolangan yangi farmon migratsiya siyosatini tubdan isloh qilishni nazarda tutadi. Endilikda Qozog‘iston cheklovchi kvota tizimidan voz kechib, ochiq va rag‘batlantiruvchi modelga o‘tmoqda.

Ushbu islohotning zamirida 2026-yil yakuniga qadar mamlakatni mintaqaviy investitsiya va intellektual habga aylantirish maqsadi yotadi. Davlat rahbari tomonidan hukumat oldiga qo‘yilgan ushbu vazifa nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy tizimni ham raqamlashtirish orqali modernizatsiya qilishni talab etadi.

“Oltin viza” va imtiyozlar paketi

Yangi tartibga ko‘ra, viza toifalari soddalashtirilib, xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Endilikda biznes doira vakillari, yirik kompaniya direktorlari, shuningdek, dunyoning nufuzli oliygohlarini tamomlagan bitiruvchilar, olimlar va tibbiyot xodimlari uchun maxsus malakali xodim vizalari joriy etiladi.

Islohotning eng shov-shuvli qismi — bu “oltin viza” tizimidir. Mazkur viza nafaqat uzoq muddatli yashash huquqini, balki deyarli mahalliy fuqarolar bilan teng huquqlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etadi. Xususan, ushbu maqomga ega bo‘lgan shaxslar va ularning oila a’zolari uchun misli ko‘rilmagan fiskal preferensiyalar e’lon qilindi: ular jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan, shuningdek, mol-mulk va yer soliqlaridan butunlay ozod etiladi.

Investitsiya mezonlari

Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga ko‘ra, “oltin viza” olish uchun xorijiy investor Qozog‘iston iqtisodiyotiga, jumladan, mahalliy kompaniyalar ustav kapitaliga yoki qimmatli qog‘ozlarga kamida 300 ming AQSh dollari miqdorida sarmoya kiritishi lozim.

Ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish maqsadida migratsiya jarayonlari to‘liq raqamlashtiriladi. Yangi tashkil etilayotgan QazETA yagona platformasi va e-Residency moduli orqali barcha hujjatlarni dunyoning istalgan nuqtasidan turib, masofaviy tarzda, “yagona darcha” tamoyili asosida rasmiylashtirish mumkin bo‘ladi.

Ushbu strategik o‘zgarishlar Qozog‘istonning xalqaro mehnat taqsimoti va global moliyaviy oqimlardagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Investorlar uchun yaratilayotgan bu kabi qulay muhit mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanish trayektoriyasini belgilab beradi.

Теги :
Jamiyat