Dushanba, 19-oktabr, 2026
Havo 90 o‘rtacha Tirbandlik xaritasi
☀ +10° kechasi +10°

Arktika muzlaridagi viruslar: Ular insoniyat uchun foydali ekani aytilmoqda

Olimlarning ta'kidlashicha, viruslar muzliklar erishi jarayonini to'xtatishga ko'maklashadi.

1 daqiqa o‘qiladi

Arktika muzlaridagi viruslar: Ular insoniyat uchun foydali ekani aytilmoqda

Arktika muzliklarida gigant viruslar yashashi ma’lum bo‘ldi. Olimlar ulkan viruslardan xavotirga tushmaslik kerakligi, aksincha, ular insoniyat uchun foydali ekanini aytmoqda. Bu haqda Daniyadagi Orxus universiteti tadqiqotchilari muallifligida “Microbiome” ilmiy jurnalida chop etilgan maqolada so‘z boradi.

Viruslar nimaga qodir?

Olimlarning taxminiga ko‘ra, ulkan viruslar muzliklarni erituvchi qora suv o‘tlarini zararlab, ularning ko‘payish jarayonini sekinlashtiradi. Shu tariqa viruslar muzlik erishi jarayonini to‘xtatishga ko‘maklashadi.

2040-yilga borib qutb mintaqasida muz qoplami qolmasligi mumkin

Ayni paytda Arktikadagi dengiz muzliklari shiddat bilan erib borayotgani xalqaro hamjamiyat xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Ahvol shu taxlit davom etsa, 2040-yilga borib qutb mintaqasida muz qoplami qolmasligi ham mumkin. Bu esa global isish jarayonini kuchaytiradi, o‘simlik, hayvonot olami hayotiga xavf tug‘diradi va favqulodda tabiiy ofatlarga olib keladi.

Gigant viruslar kattaligi esa 2,5 mikrometrgacha yetadi

Odatda viruslar bakteriyalarga qaraganda ming baravargacha kichik hajmda bo‘ladi. Gigant viruslar kattaligi esa 2,5 mikrometrgacha yetadi. Genomida 2,5 milliontagacha harf yashiringan gigant viruslar oddiy viruslardan murakkabligi bilan ham farqlanadi.

Daniyalik olimlar gigant viruslarga oid ko‘plab mavhum savollarga javob topish maqsadida ilmiy izlanishlarni davom ettirmoqda.