$
 12141.94
26.97
 14289.85
29.32
 162.63
0.56
weather
+26
Кечаси   +14°

Hantavirusning O‘zbekistonda ham tarqalish ehtimoli bormi?

hantavirus

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda dunyoning ayrim mamlakatlarida hantavirus infeksiyasi tarqalayotgani haqida turli xabarlar e’lon qilinmoqda. Xo‘sh, u qanday kasallik? Infeksiyaning O‘zbekistonda tarqalish ehtimoli bormi?

Ushbu savollarga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov batafsil javob berdi.

Vaziyat barqaror

Avvalo shuni aytish kerakki, bugungi kunda mamlakatimizda hantavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqaror.

Shu bilan birga, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bu infeksiya koronavirus kabi tez tarqalish xususiyatiga ega emas hamda mutaxassislar fikricha, global pandemiyani yuzaga keltirmaydi.

Hantavirusning Yer yuzida 20 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, ularning faqat ayrimlarigina odamlarda xastalik keltirib chiqarishi mumkin. Agar ushbu infeksiyaning dunyo bo‘ylab tarqalish geografiyasiga e’tibor bersak, Osiyo va Yevropa davlatlarida ancha kam uchraydi. Uning ba’zi turlari, asosan, Argentina, Chili, Braziliya kabi Lotin Amerikasi mamlakatlarida kuzatiladi.

Odamlarga kam hollarda yuqadi

Hantavirus ko‘pincha kemiruvchilar orasida uchraydigan virusli xastalik bo‘lib, odamlarga kam hollarda yuqadi. Infeksiya, odatda, bunday jonivorlarning peshobi, axlati yoki so‘lagi bilan ifloslangan narsalar, chang hamda oziq-ovqat mahsulotlari orqali insonga o‘tishi mumkin. Ayrim hollarda zararlangan muhitda uzoq vaqt bo‘lish yoki kemiruvchilar bilan yaqin va muntazam kontaktda bo‘lish ham virus yuqish xavfini oshiradi.

Mazkur kasallik ko‘p hollarda tana haroratining ko‘tarilishi, bosh og‘rig‘i, holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, mushak va qorin sohasida og‘riq kabi klinik belgilar bilan kechishi mumkin. Uning og‘ir shaklida buyrak yetishmovchiligi hamda yurak-qon tomir va nafas olish tizimi bilan bog‘liq xavfli asoratlar kuzatiladi.

Maxsus vaksina yoʻq

Afsuski, dunyoda hantavirusga qarshi maxsus vaksina ishlab chiqilmagan. Buning uchun tegishli davolash protokoli ham mavjud emas. Muolaja, asosan, simptomatik, ya’ni bemordagi belgilarga qarab olib boriladi.

Mamlakatimizda hantavirus bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tomonidan virusologik monitoring ishlari muntazam olib borilmoqda, — deyiladi xabarda.

Теги :
Jamiyat