$
 12303.16
23.68
 14507.89
-0.32
 159.76
0.51
weather
+26
Кечаси   +14°

Xavfli turizm taqiqlandi: Vetnamda mashhur “temiryo‘l ko‘chasi” yopildi

Fevral oyining boshida Vetnam hukumati Xanoy shahridagi mashhur “temiryo‘l ko‘chasi”da keng ko‘lamli reyd o‘tkazdi. Politsiya yuzlab xorijiy sayyohlarni hududdan olib chiqdi, barcha kafelarni vaqtincha yopdi va temiryo‘l izlariga kirishni to‘liq chekladi. Bunga amalda faol bo‘lgan temiryo‘l liniyasida xavfsizlik qoidalarining qo‘pol ravishda buzilgani sabab bo‘ldi.

Nega politsiya aralashdi?

Mazkur ko‘cha poyezdlar odamlar va stolchalardan atigi bir necha santimetr masofada o‘tishi bilan sayyohlar orasida mashhurlikka erishgan edi. Har bir poyezd kelishidan oldin tashrif buyuruvchilar ommaviy ravishda rel’slar tomon chiqib, suratga tushar, video yozar edi. Bu esa poyezdlar harakatlanadigan hududda odamlarning xavfli darajada to‘planishiga olib kelgan.

Qat’iy choralar ko‘rilishiga sabab

Qattiq choralarga turtki bo‘lgan voqea ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan virusli video bo‘ldi: unda xorijlik ayol sayyoh poyezd o‘tayotgan paytda rel’slardan taxminan 50 santimetr narida o‘tirib, tasvirga olayotgani aks etgan. Ushbu holat jamoatchilikda keng rezonans uyg‘otdi. Hodisa sodir bo‘lgan kafe verandasining egasi 2,5 million vetnam dongi (taxminan 1,2 million so‘m) miqdorida jarimaga tortildi.

Qoidabuzarliklar tizimli tus oldi

Mazkur ko‘chaga kirish bo‘yicha rasmiy taqiq 2018 yildan beri amal qilib kelayotganiga qaramay, u muntazam ravishda e’tiborsiz qoldirilgan. Ayrim kafe egalari yog‘och supalarni bevosita rel’slar orasiga o‘rnatgan, sayyohlar oqimi esa tobora ortib borgan. 2025 yil dekabridan buyon politsiya temiryo‘l xavfsizligi qoidalarining 14 ta buzilish holatini qayd etgan, jarimalarning umumiy miqdori 7 million dongdan (taxminan 3,3 million so‘m) oshgan.

Xanoy rasmiylari ko‘chadan turistik maqsadlarda foydalanish endi mutlaqo mumkin emasligini ma’lum qildi. Temiryo‘l atrofidagi nazorat kuchaytiriladi, rel’slarga kirish esa qat’iy cheklanadi. Ustuvor vazifa — ijtimoiy tarmoqlardagi mashhurlik emas, balki qoidalarga rioya qilish va xavfsizlikni ta’minlashdir.

Теги :
Jamiyat