$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Nega yosh ulg‘aygan sari vaqt tezroq o‘tadigandek tuyuladi?

qarilik

Ko‘pchilik yosh ulg‘aygan sayin vaqt go‘yo tezlashib borayotgandek tuyulishini payqagan. Haftalar kunlardek, oylar haftalardek, yillar esa ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi.

Uzoq vaqt davomida bunga sabab kundalik bir xillik deb hisoblangan. Kunlar bir-biriga o‘xshab ketganda, miya kamroq noyob xotiralarni saqlab qoladi. Shu sababli ortga nazar tashlaganimizda, bunday davr aslida bo‘lganidan qisqaroqdek tuyuladi. Yana bir nazariyaga ko‘ra, agar inson o‘zida shaxsiy o‘sish va rivojlanishni his qilmasa, o‘sha davrni “yo‘qotilgan vaqt” sifatida qabul qiladi va natijada vaqt juda tez o‘tib ketgandek ko‘rinadi. Biroq yangi tadqiqot natijalari bu ikki tushuntirishni ham shubha ostiga qo‘ydi.

Tadqiqot natijalari qanday?

Tadqiqot ishtirokchilaridan hayotlaridagi ma’lum bir davrni — masalan, o‘quv semestri, yoz fasli yoki o‘tgan yilni eslash so‘raldi. Ular o‘sha davr qanchalik voqealarga boy bo‘lgani, qanchalik rivojlantirgani, qoniqish hissini bergani va unda sog‘inch uyg‘otuvchi lahzalar bor-yo‘qligini baholashdi. Shuningdek, bu davr ularga qanchalik tez o‘tib ketgandek tuyulgani ham o‘rganildi.

Natijalar kutilmagan bo‘ldi. Haqiqatan ham, ba’zi hollarda bir xillik vaqtning tez o‘tib ketgandek tuyulishi bilan bog‘liq edi, ammo bu bog‘liqlik kuchli emasligi aniqlandi. Aksincha, odamlar o‘zlarining o‘sganini, rivojlanganini va hayotidan mamnun bo‘lganini his qilgan davrlarda vaqt eng tez o‘tib ketgandek tuyulgan. Boshqacha aytganda, hayotimizdagi eng mazmunli, eng yorqin va eng qadrlangan davrlar ko‘pincha eng qisqa bo‘lib tuyular ekan.

Ikki nazariya

Olimlar buning uchun ikkita yangi tushuntirishni taklif qilishdi. Birinchisi, “ulg‘ayishga intilish” nazariyasi deb ataladi. Unga ko‘ra, inson o‘zi uchun muhim va qiziqarli ishlar bilan band bo‘lganida, jarayonga shu qadar berilib ketadiki, vaqt o‘tayotganini deyarli sezmaydi.

Ikkinchi tushuntirish esa “o‘sish sog‘inchi” nazariyasi deb nomlangan. Inson keyinchalik o‘sha baxtli va sermazmun davrni eslaganida, unda yengil sog‘inch hissi paydo bo‘ladi. Shu sababli o‘sha vaqt go‘yo juda tez o‘tib ketgandek tuyuladi.

Qo‘shimcha tahlillar shuni ko‘rsatdiki, aynan hayotdan qoniqish va sog‘inch hissi shaxsiy o‘sish bilan vaqtning tez o‘tib ketgandek tuyulishi o‘rtasidagi asosiy bog‘lovchi omillar ekan. Ya’ni bizga vaqt tez o‘tib ketgandek tuyulishi ko‘pincha hayotimiz bo‘sh va mazmunsiz bo‘lgani uchun emas, balki aksincha, u mazmun, his-tuyg‘ular va qadrli voqealarga boy bo‘lgani uchundir.

Albatta, tadqiqot odamlarning shaxsiy his-tuyg‘ulariga asoslangani sababli aniq sabab-oqibat bog‘liqligini isbotlay olmaydi. Shunga qaramay, uning xulosalari vaqtni boshqacha ko‘z bilan ko‘rishga yordam beradi.

Balki hayotni sekinlashtirishga urinmaslik kerakdir. Ba’zan vaqt juda tez o‘tayotgandek tuyulishi, aslida, hayotimiz mazmunli, sermahsul va qadrli lahzalarga boy ekanining belgisi bo‘lishi mumkin.

Теги :
Jamiyat