$
 12025.33
-31.99
 14162.23
-30.44
 155.25
0.09
weather
+26
Кечаси   +14°

Uzbekistan Airways qoidalarni o‘zgartirmoqda: endi qaytish chiptalari bekor qilinmaydi

Milliy aviakompaniya Uzbekistan Airways ichki reyslar bo‘yicha aviabiletlardan foydalanish tartibiga yangi qoidalarni joriy etmoqda. O‘zgarishlar 2026‑yil yanvaridan boshlab kuchga kiradi.

Yo‘lovchilar uchun nimalar o‘zgaradi?

Endilikda yo‘lovchi marshrutning birinchi yoki undan oldingi uchastkasidan foydalanmay qolgan taqdirda ham, qolgan reyslar bo‘yicha bronlar bekor qilinmaydi. Yo‘lovchi chiptda ko‘rsatilgan marshrutning foydalanilmagan qismidan bemalol foydalanishi mumkin.

Biroq parvozlar baribir aviabiletda belgilangan ketma-ketlikda, ya’ni birinchi boshlang‘ich punktdan boshlab amalga oshirilishi lozim.

Pulni qaytarish: muhim jihatlar

Tarif turidan qat’i nazar, foydalanilmagan uchastkalar uchun aviaparvoz qiymati qaytarilmaydi. Biroq yo‘lovchi ushbu segmentlar bo‘yicha aeroport yig‘imlarini qaytarib olish huquqiga ega.

Shuningdek, marshrutning ba’zi uchastkalari o‘tilmay qolgan biletlar qayta rasmiylashtirilmasligi belgilab qo‘yilgan.

Xalqaro reyslar o‘zgarishsiz

Xalqaro yo‘nalishlarda amaldagi tartib saqlanib qoladi: yo‘lovchi reysga kelmagan taqdirda marshrutning qolgan barcha qismiga berilgan bron avtomatik ravishda bekor qilinadi. Yo‘lovchi tarif shartlariga muvofiq biletni qayta rasmiylashtirishi yoki qaytarishi mumkin.

Nega qoidalar o‘zgartirildi?

Avvalroq, agar yo‘lovchi “borib‑kelish” chiptasi bo‘yicha birinchi reysga kechiksa va manzilga boshqa transportda yetib borgan bo‘lsa, uning qaytish chipti yaroqsiz deb topilardi. 2024‑yil avgust oyida Raqobat qo‘mitasi Uzbekistan Airways’dan ichki reyslar uchun ushbu tartibni qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan edi.

Теги :
Jamiyat