$
 11909.66
-24.58
 13588.92
-2.99
 152.28
-0.7
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentning qaysi hududlarida uy-joy arzonroq?

Uy-joy Foto: Gazeta.uz

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi poytaxtdagi turar joy va noturar joy obyektlari bo‘yicha navbatdagi tahliliy ma’lumotlarni e’lon qildi. Savdo platformalaridagi joriy e’lonlar va ko‘rsatkichlar asosida tayyorlangan ushbu hisobot Toshkent shahrida demografik o‘sish davom etayotganiga qaramay, narxlarda keskin sakrashlar ro‘y bermaganini ko‘rsatmoqda. Aksincha, aksariyat hududlarda narxlar muvozanatni saqlab qolgan va o‘sish sur’atlari mo‘tadil darajada shakllanmoqda.

Ko‘p kvartirali uylar

Joriy yilning 1-iyul holatiga ko‘ra, poytaxtdagi ko‘p qavatli uylarning o‘rtacha narxi har bir kvadrat metr uchun 16,5 million so‘mni tashkil qildi. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan iyun oyiga nisbatan 0,6 foizlik biroz o‘sishni anglatadi.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Shayxontohur tumani ko‘p xonadonli uylar segmentida eng yuqori narx bilan yetakchilik qilmoqda — bu yerda bir kvadrat metr maydon o‘rtacha 25,3 million so‘mga baholangan. Undan keyingi yuqori o‘rinlarni Mirobod tumani 23,2 million so‘m hamda Yakkasaroy tumani 20,5 million so‘mlik ko‘rsatkich bilan band etgan. Aksincha, poytaxtning Yangihayot, Sergeli va Bektemir tumanlari eng arzon turar joylar ro‘yxatidan joy oldi. Bu tumanlarda bir kvadrat metr uchun o‘rtacha narxlar mos ravishda 11 million so‘m, 11,45 million so‘m va 11,5 million so‘mga to‘g‘ri kelmoqda.

Yakka tartibdagi uylar sektorida narxlar dinamikasi

Poytaxtning hovli uylar bozorida ham narxlarning bir oz ko‘tarilishi kuzatildi. Xususan, bir oy ichida yakka tartibdagi uy-joylar joylashgan er maydonining har bir sotixi o‘rtacha 912,9 million so‘mdan 916,9 million so‘mga yetdi va 0,5 foizga qimmatlashdi.

Bu yo‘nalishda eng yuqori narx ko‘rsatkichi Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilib, bir sotix yerning o‘rtacha bahosi 1,72 milliard so‘m etib belgilandi. Narx jihatidan keyingi o‘rinlarda Yakkasaroy tumani 1,64 milliard so‘m va Yunusobod tumani 1,44 milliard so‘m bilan bormoqda. Eng past narxlar esa Bektemir va Yangihayot tumanlarida kuzatilgan bo‘lib, ushbu hududlarda bir sotix yer o‘rtacha 394 million va 405 million so‘mni tashkil etmoqda.

Xususiy uylar narxining oylik o‘sish sur’atlari bo‘yicha Uchtepa tumani 1,4 foiz, Yashnobod tumani 1,3 foiz va Bektemir tumani 1,2 foiz bilan yetakchilik qildi. Shuning bilan birga, hamma hududda ham o‘sish bo‘lgani yo‘q; masalan, Sergeli tumanida narxlar 0,5 foizga, Chilonzor tumanida esa 0,1 foizga biroz pasayishi qayd etildi.

Noturar joy obyektlari bozori

Toshkent shahridagi tijorat va noturar joy obyektlari segmentida ham barqarorlik kayfiyati ustunlik qilmoqda. Mazkur turdagi ko‘chmas mulkning bir kvadrat metri o‘rtacha 16 million so‘m deb baholandi, bu esa o‘tgan oyga nisbatan 0,5 foizga ko‘p demakdir.

Noturar joylar kesimida eng yuqori narxlar yana Mirzo Ulug‘bek tumaniga to‘g‘ri keldi — kvadrat metri uchun 24,4 million so‘m. Mirobod tumanida ushbu ko‘rsatkich 23 million so‘mni, Yakkasaroy, Shayxontohur va Yunusobod tumanlarida esa bir xil — 18,6 million so‘mni tashkil qildi. Eng hamyonbop tijorat maydonlari Bektemirda 8,3 million so‘m, Yangihayotda 9,8 million so‘m va Sergelida 9,9 million so‘mdan taklif etilgan.

Noturar mulk bozorida bir oy ichida eng sezilarli o‘sish Sergeli hamda Mirobod tumanlarida mos ravishda 2,5 foiz va 1,8 foiz darajasida kuzatildi. Aksincha, Uchtepa tumanida narxlar 0,6 foizga, Yashnobod tumanida esa 0,9 foizga arzonlashgan.

Теги :
Jamiyat